“Google” Isroil armiyasiga yordam beruvchi loyiha yaratyaptimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, “Android” telefonlarining qon tomiri hisoblangan “Google” tizimi endi Falastinga qarshi qilinayotgan genotsitni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlaydi. “Google” Isroil armiyasiga yordam beruvchi maxsus loyiha yaratmoqda”.

Factchecknet.uz ushbu xabarning haqiqatga qanchalik mos kelishini tekshirdi.

HUKM: MANIPULYATSIYA

Xabarga biriktirilgan videolavhada “Google”ning Nyu-York shahridagi tadbiri vaqtida Falastin tarafdori bo‘lgan muhandisning norozilik nutqi so‘zlagani ko‘rinadi. 

Yangiliklarga ko‘ra, “Google” Nyu-York shahrida kompaniyaning asosiy nutqi vaqtida norozilik namoyishi o‘tkazgan xodimni ishdan bo‘shatdi. “Google Cloud” dasturiy taʼminoti boʻyicha muhandis boʻlgan xodim “Google Isroil” rahbari Barak Regevning nutqi davomida “Men genotsid, aparteid yoki kuzatuvni qoʻllab-quvvatlovchi texnologiya yaratishni rad etaman”, deb baqirgan. Norozilik “Nimbus” loyihasiga qaratilgan. Xodimning ta’kidlashicha, bu loyiha Falastin hamjamiyati a’zolarining hayotini xavf ostiga qo‘yadi. 

Ma’lumot uchun,“Nimbus” loyihasi “Google”, “Amazon” hamda Isroil hukumati va armiyasi o‘rtasida Tel-Avivga bulutli hisoblash xizmatlarini taqdim etish uchun 1 milliard dollardan ortiq shartnomani o‘z ichiga oladi. 2021-yilda “Guardian” nashrida chop etilgan ochiq xatda “Google” va “Amazon” xodimlari ushbu shartnoma falastinliklarning tizimli diskriminatsiyasi va ko‘chirilishini kuchaytiradi, degan xavotir bildirishgan. 


Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.