Biologik faol qo‘shimchalar haqida beshta afsona va faktlar

Salomatlik va uzoq umr ko‘rish uchun odamlar ko‘pincha biologik faol qo‘shimchalar (BFQ)ga ulardan kasalliklardan himoya qiladigan, jismoniy holatni yaxshilaydigan va hatto “yoshlikni uzaytiradigan” mo’jizaviy davo topishga umid qilib, murojaat qilishadi.

Ushbu mahsulotlar bozori tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda va sog‘liqni saqlash uchun tobora ko‘proq yangi yechimlarni taklif qilmoqda. Biroq, BFQlar haqida hatto eng bilimdon iste’molchilarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan  ko‘plab afsonalar mavjud.

Ushbu maqolada BFQlar haqidagi keng tarqalgan beshta afsonani ko‘rib chiqamiz va nima uchun ular yolg‘on ekanligini aniqlashga harakat qilamiz.

1-afsona. Polivitaminlarni qabul qilish noto‘g‘ri ovqatlanishning aks ta’sirini oladi va kasalliklarning oldini oladi

BFQlar sog‘lom ovqatlanish o‘rnini bosmaydi. Polivitaminlarni qabul qilish yetishmayotgan vitamin va minerallar o‘rnini to‘ldiradi, lekin noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq xavflarni kamaytirmaydi.

Noto‘g‘ri ovqatlanish odatda tozalangan shakar, qayta ishlangan ovqatlar va trans yog‘lardan iborat bo‘lib, surunkali kasallik, semizlik, yallig‘lanish va saraton xavfi bilan bog‘liq. Aksincha, meva, sabzavot, don mahsulotlari, foydali yog‘lar va yog‘siz oqsilga boy sog‘lom ovqatlanish uzoq umr ko‘rishning eng yaxshi strategiyalaridan biridir.

Shuning uchun polivitaminlar va BFQlar to‘yimli parhez bilan birgalikda qabul qilinishi kerak.

2-afsona. Vitaminlar dozirovkasi oshib ketmaydi

Agar siz vitaminlar va minerallar bilan boyitilgan don va sport batonlaridan (ular ko‘pincha ma’lum vitaminlar va minerallar uchun tavsiya etilgan parhezning 100 foizi yoki undan ko‘prog‘ini o‘z ichiga oladi) iborat diyetada bo‘lsangiz, meyordan oshib ketishingiz mumkin. Shunday qilib, hatto hayotiy muhim organlaringizga ham zarar keltirishiz mumkin. “A” vitaminining haddan tashqari ko‘pligi jigaringizga ta’sir qilishi mumkin, homilador ayollarda esa chaqaloqlarda tug‘ma nuqsonlarga; “B6” vitamining ortiqchaligi nervlarning shikastlanishigaolib kelishi mumkin; “C” vitaminining juda ko‘p miqdori mashhur antioksidantni prooksidantga aylanishi mumkin (bu organizm hujayralariga zarar yetkazadi), diareya haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

3-afsona. Vitaminlar va boshqa qo‘shimchalarni och qoringa iste’mol qilish kerak

Ko‘pgina vitaminlar suvda eriydi va qorinda nima borligidan qat’iy nazar organizm tomonidan so‘riladi. Ammo yog‘da eriydigan 4 ta vitamin mavjud, bular A, D, E va K vinaminlari. Ular faqat yog‘ bilan so‘riladi. Shuning uchun, agar yog‘da eriydigan vitaminni o‘z ichiga olgan polivitaminlarni qabul qilsangiz, uni ozgina yog‘li ovqat bilan qabul qiling. Bundan tashqari, ko‘pchilik och qoringa qo‘shimchalarni qabul qilish ko‘ngil aynishiga olib kelishini aytishadi.

4-afsona. Qo‘shimchalar har doim bir-biriga mos bo‘ladi

Ba’zi qo‘shimchalar bir-biriga yordam beradi. Masalan, “C” vitamini organizmga temirni singdirishga yordam beradi. Boshqalar aslida bir-biriga qarshi ishlaydi. Masalan, kaltsiy temirning, sink esa misning so‘rilishini bloklaydi. Shunday qilib, bitta ozuqaviy moddaning yuqori dozalarini qabul qilish, aslida boshqasida yetishmovchilikni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu sababdan, qabul qilgan har bir qo‘shimcha haqida shifokoringizga xabar bering. Ko‘pgina vitaminlar va minerallar va o‘simlik qo‘shimchalari toshmalardan oshqozon bezovtalanishiga qadar yon ta’sirga ega.

5-afsona. Barcha qo‘shimchalar xavfsizdir, chunki ular tabiiydir

Davolashi mumkin bo‘lgan har qanday narsa zararli ham bo‘lishi mumkin. Oziqaviy moddalar tabiatdan olingan bo‘lsa ham, ishlab chiqaruvchilar ularni qayta ishlaganda, ular ancha o‘zgaradi. Bundan tashqari, tabiiylik xavfsiz yoki samarali degani emas.