Yosh oilalarga har oy yordam puli beriladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda yosh oilalar uchun har oy 1 mln 20 ming soʻm miqdorida yordam puli berilishi haqida videolavha tarqaldi.

Factchecknet.uz bu xabarni tekshirdi.

HUKM: MANIPULYATSIYA

Videoda ilova qilingan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-sonli qarorida, yosh oilalar uchun har oy ijtimoiy yordam puli doimiy ravishda toʻlab berilishi mazmunidagi band mavjud emas. 

Iqtibos keltirilgan 312-sonli “Yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” nomli qarorning 3-bob 16-bo‘limida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga turar joy ijarasi uchun subsidiya ajratish belgilangan. Qarorga koʻra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (BHM 2024-yil uchun 340 ming soʻm etib belgilangan)dan oshmagan miqdorda 12 oygacha turar joy ijarasi uchun subsidiya ajratish belgilangan. Bunda er-xotinning har ikkisi o‘ttiz yoshdan oshmagan (o‘ttiz bir yoshga to‘lmagan) bo‘lishi, mulk huquqi asosida turar joyi bo‘lmagan, ilgari maqsadli dasturlar doirasida imtiyozli ipoteka kreditlari orqali kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joylar bilan ta’minlanmagan, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar yoki uy-joylar ta’minoti bilan bog‘liq boshqa imtiyozlardan foydalanmagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, er-xorin yoki ulardan biri “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lishi talab etiladi. 

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan quyidagi toifadagi yoshlar uchun turar-joy ijarasi subsidiyasi ajratiladi:

  • Eri (yoki xotini) “Temir daftar”ga kiritilgan yosh oila;
  • “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning turmush qurgan farzandi (yosh fuqaro);
  • Eri (yoki xotini) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan yosh oila;
  • Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oila.