So‘nggi kunlarda messenjerlar, ayniqsa, Telegram orqali “sudga chaqiruv” mazmunidagi shubhali xabarlar keng tarqalmoqda. Foydalanuvchilarga noma’lum havola va .apk formatdagi fayl yuborilib, go‘yoki, sud majlisiga chaqirilgani aytiladi. Bunday xabarlar odatda, “Hurmatli (ism)! Sudga chaqirilgansiz!” kabi jumlalar bilan boshlanadi va foydalanuvchini shoshiltirish hamda qo‘rqitish orqali biriktirilgan faylni yuklab olishga undaydi. FACTCHECKNET.uz ushbu xabarlarning qanchalik ishonchli ekanligini tekshirib koʻrdi.
HUKM: YOLGʻON
O‘zbekistonda sud tizimi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolarga bunday shaklda murojaat qilmaydi. Xususan, Fuqarolik va Jinoyat-protsessual kodekslarida sudga chaqirish tartibi aniq belgilangan bo‘lib, chaqiruvlar yozma shaklda yoki rasmiy aloqa vositalari orqali yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Qonunchilikda APK fayllar yoki shubhali havolalar orqali chaqiruv yuborish tartibi mavjud emas.
Fayl nomida .pdf yozilgan bo‘lsa-da, aslida u .apk bo‘lib, qurilmaga zararli dastur o‘rnatilishi mumkin. Shuningdek, xabardagi saytlar ishonchsiz, ya’ni .gov.uz emas va ma’lumotlarni o‘g‘irlashga qaratilgan. Bir xil matnning ism o‘zgartirilib yuborilishi esa xabarlar avtomatik tarqatilayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, zararli APK fayllar ko‘pincha .pdf.apk kabi ko‘rinishda yashiriladi va foydalanuvchini chalg‘itish uchun ishlatiladi. Kiberxavfsizlik bo‘yicha rasmiy manbalar, jumladan, Kiberxavfsizlik markazi (UZCERT) hamda Ichki ishlar vazirligi bunday holatlar haqida bir necha bor ogohlantirgan. Xalqaro kiberxavfsizlik tashkilotlari ham APK fayllar orqali zararli dasturlar tarqatilishi va “phishing” saytlar orqali ma’lumotlar o‘g‘irlanishini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, ayni uslubdagi APK fayllar “to‘yga taklifnoma” ko‘rinishida va oʻzbekistonlik telegram va whatsapp messenjerlari foydalanuvchilariga turli xorijiy foydalanuvchi nomlaridan “salom”, “ahvolingiz yaxshimi?” kabi xabarlar yuborilayotgani, javob berilmasa, hisob oʻchirib tashlanayotgani kuzatilmoqda.
Oʻzbekiston kiber himoya markazining rasmiy telegram sahifasida telegram orqali DXX va IIB xodimi qiyofasidagi yangi firibgarlar paydo boʻlgani va “sudga chaqirildingiz” degan xabar joʻnatilsa yoki oʻzini DXX/IIB xodimi deb tanishtirsa ishonmasligi haqida post joylagan. Ushbu postda ham bu kabi fayllar orqali firibgarlar fuqarolarni qo‘rqitib, yuborilgan link yoki fayl (.apk) ustiga bosishi bilan telegram va telefonga virus joʻnatib, nazoratga olishni maqsad qilgani haqida xabar berilgan.
Ayni shunday xabarlarning biri huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevga joʻnatilgani haqida ommaviy telegram kanalida shunday post qoldirgan: “…Rahmatli Hojiboy Tojiboyevning bir hazili bo‘lardi, o‘qituvchidan sadaqa so‘ragan gadoyga qarab “Shu bola adashdiyov” derdi. Mana bu firibgarlar ham menga yozib adashdi-da, lekin…. Firibgarlikning yangi turi paydo bo‘libdi. Sizga avval kimdir vahima bilan xat yozadi va tez orada DXX xodimi bog‘lanadi deydi. Keyin esa Sizga o‘sha aytilgan ismli profildan Telegram orqali videoqo‘ng‘iroq bo‘ladi va o‘zini DXX xodimi deb tanishtiradi. Hatto guvohnoma ham ko‘rsatishadi, formada o‘tirgan bo‘ladi….. Ularni kerakli joyga yubordim. Ham to‘g‘ri ma’noda, ham majoziy ma’noda… Xullas, shunaqa ishlarga aldanib qolmang. Salgina hushyorroq bo‘lsangiz, ozgina aqlingizni ishlatsangiz, bunaqalar firibgar ekanligini tezda tushunib olasiz”.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar keskin oshib, 2021-yildagi 4 mingdan ortiq holatdan 2025-yilga kelib 60 mingdan ziyod holatga yetgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida fuqarolar trillionlab so‘m miqdorida moddiy zarar ko‘rmoqda va har yili o‘n minglab insonlar kiberfiribgarlik qurboniga aylanmoqda (1,2,3).
Oʻzbekiston Respublikasi kiber xavfsizlik markazi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida DXX, IIB yoki Sud hech qachon Telegram orqali chaqiruv qog‘ozi tashlamasligi va bu uslubda tergov o‘tkazmasligi, bunday xabarlarni darhol bloklash, spamga yuborish haqida xabar bergan va fuqarolarga har qanday shubhali link yoki faylni ochishdan oldin xavfsizligini @zirh_bot orqali tekshirib ko‘rishni maslahat bergan.