Onlayn qimor: yoshlardan millionlar, oilalardan tinchlikni tortib olayotgan yashirin sanoat

Bugun dunyo bo‘yicha 18 yoshga to‘lmagan o‘smirlarning qariyb 18 foizi (taxminan 160 million yoshlar) yil davomida kamida bir marta qimor o‘ynagan bo‘lsa, ularning 10 foizdan ortig‘i aynan onlayn platformalar qurboniga aylangan. JSST tomonidan rasmiy ruhiy kasallik deb tan olingan ludomaniya qanday qilib o‘zbek oilalarini parchalayotgani va trillionlab mablag‘larni xorijga oqizayotganini hamda yashirin marketing sxemalari misolida tahlil qilamiz.

Onlayn qimor endi shunchaki ko‘ngilochar o‘yin emas, balki ba’zi kompaniyalar uchun yirik daromad manbayiga aylanib ulgurdi. So’nggi yillarda bu bozorning hajmi 100 milliard dollardan oshib ketdi. Bu ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarning yalpi ichki mahsulot hajmidan (YaIM) ham ko‘pdir. Raqamlarning bunday yiriklashib ketishiga ko’plab sabablar bor:

  • Smartfonlar va yuqori tezlikdagi internetning (5G) keng tarqalishi.
  • Ko’plab mamlakatlarda bu kabi o’yinlarning qonuniylashtirilishi.
  • Raqamli to’lov tizimlari va blokcheyn texnologiyasining rivojlanishi.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) qimorga qaramlikni (gambling disorder) rasman ruhiy kasallik deb e’tirof etgan. Bu giyohvandlik va alkogolizm bilan bir qatorda turuvchi, miyaning mukofotlash tizimini izdan chiqaruvchi og‘ir patologiyadir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qimor bilan bog‘liq o‘z joniga qasd qilish holatlari boshqa qaramlik turlariga qaraganda ancha yuqori xavfga ega. Britaniyadagi ma’lumotlarga ko‘ra, qimorbozlar orasida suidsid ehtimoli oddiy odamlarga qaraganda 15 baravar yuqori bo‘lishi mumkin.

Nima uchun inson yutqazayotganini bilsa-da, to‘xtay olmaydi? Betting algoritmlari shunday tuzilganki, foydalanuvchi kichik yutuq olganida miyada katta miqdorda dopamin (huzurlanish gormoni) ajraladi. Keyingi safar yutqazganida esa, miya o‘sha huzurni qaytarish uchun yana va yana tikishga undaydi. Bu yerda matematik ehtimollik emas, balki neyrobiologik qaramlik ishga tushadi. 

O‘zbekistondagi targ’ibot

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, qimor o‘yinlarini tashkil etish va targ‘ib qilish taqiqlangan. Ammo amalda vaziyat boshqacha, O‘zbekiston Markaziy banki P2P (kartadan kartaga) o‘tkazmalari orqali xorijiy qimor saytlariga o‘tayotgan shubhali mablag‘lar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. Mutaxassislar yiliga mamlakatdan o’nlab, balki yuzlab million dollarlar aynan xorijdagi betting kompaniyalari hisobiga chiqib ketayotganini ta’kidlashadi. Eng xavfli jihati — bu o‘yinlarning auditoriyasi 16-30 yosh oralig‘idagi yoshlardir. Ularning moliyaviy savodxonligi pastligi va «oson pul»ga bo‘lgan ishtiyoqi bu biznes egalari uchun eng oson o‘ljadir.

O‘zbekistonda betting reklamasi qonun bilan taqiqlangan bo‘lsa-da («Reklama to‘g‘risida»gi qonun), targ‘ibot mashinasi to‘xtagani yo‘q. Bu kabi kompaniyalarning reklamasini deyarli barcha platformalarda uchratish mumkin. Ular taklif qiladigan mablag’lar ko’p insonlarni o’ylantirib qo’yadi. Ko‘plab mahalliy sport saytlari va Telegram kanallari yashirin «hamkorlik» orqali betting saytlariga havolalar joylashtiradi. Ular buni «prognoz» yoki «shunchaki tahlil» deb niqoblashadi. Noqonuniy filmlar namoyish etiladigan platformalarning ko’pchiligi betting kompaniyalari hisobidan moliyalashtiriladi. Har 15 daqiqada ekranda paydo bo‘ladigan «Yutish vaqti keldi», “Omadingni sinab ko’r” qabilidagi chaqiriqlar tomoshabinning ong ostiga o‘rnashib qoladi.  Millionlab obunachiga ega «vayner»lar va blogerlar o‘z chiqishlarida qimor ilovalarini «sinovdan o‘tgan va ishonchli» deb tavsiya qilishda davom etishyapti. Reklama qiluvchilar nafaqat reklamadan daromad qiladi, turli promo-kodlardan ham yaxshigina pul topishadi, ya’ni ular o’z obunachilarining mag’lubiyati evaziga yutishadi.

Onlayn qimor: yoshlardan millionlar, oilalardan tinchlikni tortib olayotgan yashirin sanoat

1-rasm. “Raisboy” nomi bilan tanilgan bloger onlayn qimor o’yinlarini o’zining instagram kontentlarida, biosida va telegram kanalida targ’ib qiladi. Bunday reklamalarni doimiy qilib boradigan blogerlarni o’nlab sanash mumkin.

Onlayn qimor: yoshlardan millionlar, oilalardan tinchlikni tortib olayotgan yashirin sanoat

2-rasm. Targ’ibot kampaniyalariga nafaqat bloger va sportchilar, balki rasmiy onlayn nashrlar ham o’z hissalarini qo’shishmoqda

O‘zbekistonliklar qimor o‘yinlariga tikayotgan pullar qayerga ketyapti?

Onlayn qimor nafaqat inson ruhiyatini, balki mamlakat iqtisodiyotini ham ichidan yemiradi. Bu tizimda yutgan tomon bitta — u ham bo‘lsa, offshor hududlarda o‘tirgan, «bukmekerlik imperiyalari»dir. Aksariyat yirik betting saytlari soliq imtiyozlari mavjud bo‘lgan hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan. O‘zbekistonlik foydalanuvchi o‘z kartasidan pul o‘tkazganida, bu mablag‘lar murakkab P2P sxemalari yoki kripto-valyutalar orqali bir necha daqiqada mamlakat tashqarisiga chiqib ketadi.

Kasallikka chalinganlarning moliyaviy manbayi

Bugun bunday o’yinlarga mukkasidan ketganlar dastlab o’z ixtiyoridagi mulkdan foydalanishadi, sekin-astalik bilan qarz yoki kreditlar olishga intilishadi. Tabiiyki, bu to’lovlarni qoplash uchun yana tanishlarga yoki banklarga murojaat qilishadi. Aynan shu joyda Zanjir reaksiyasi boshlanadi. Qarzni yopish uchun yana tikadi va yana davomli yutqazadi. Natijada «qarz botqog‘i»ga botadi. Bu esa o‘z-o‘zidan firibgarlik, o‘g‘rilik va hattoki o’z joniga qasd qilishga yo‘l ochadi. To’g’ri, bu o’yinlarda hamma ham har doim yutqizavermaydi, axir hamma yutqazsa, kim bu o’yinlarni o’ynardi?!

Biz shu o’yin orqali 30 ming dollardan ziyod qarzga kirib qolgan inson bilan suhbatlashdik va uning “onlayn qimor”ga qanday berilib ketgani hamda bu kasallikdan qanday qutulgani haqida so’radik.

“Hammasi kayfdan boshlangan. Narkataga o’tirib qolgandim, o’rtolarim bilan tez-tez chekib turardik. Shunday payt bo’lardi, yetarli pul topolmay qolardik, va bor pulimizni shu o’yinga tikardik. O’ylardimki, yutqazsam hech narsa yutqazmayman, lekin yutsam yana mazza qilaman.

Algoritmlar shunaqa ishlaydiki, sizga boshida yaxshigina yutuqlar chiqarib beradi. Tabiiyki, bu biz uchun ayni muddao edi. Bir marta 30 ming so’mdan 1 soat ichida 12 million so’m chiqarganmiz va buni doimiy shunday bo’ladi deb o’ylaganmiz. Ammo bu mutlaqo xato ekan. 

Sekinlik bilan kattaroq summalar tikib boshladik. Azard degan narsa bor, ya’ni yutsangiz ham, yutqazsangiz ham o’ynashga undab turadi. Dadam yaxshi pul topardilar. Shuning uchun odatda puldan muammo bo’lmasdi. Tanishlar ham shuning uchun qarz beraverardi. Olgan qarzlarni qaytarish uchun, qolaversa yana o’yinni davom ettirish uchun endi banklardan kredit olib boshladim. Adashmasam, 5 ming dollar atrofida bir necha bankdan kredit olganman, kartalarimda aylanma yaxshi bo’lgani uchun manga beraverishardi. Orada dadamdan oladigan pullarni, o’zim topadigan pullarni va hatto akamning meni nomimda turgan mashinasini ham sotib qarzlarni to’lash va yana o’ynash uchun tikvorganman. Bulardan qutulish uchun o’ylamagan narsalarim qolmagan, hamma ishni qilish haqida o’ylab ko’rganman. Firibgarlik, o’g’irlik, jonga qasd qilish…

Bundan qanday qutulib ketganim haqida aytadigan bo’lsam, dadam juda katta yordam berganlar. Ya’ni hamma narsamni olib qo’yib, uydan haydab chiqarganlar, vaqtinchalikka. Men buni umrbod deb o’ylaganman va barcha narsadan birdaniga ayrilib qolish jiddiy ta’sir qilgan. Mani Samarqandning chekka hududiga tog’amning oldiga qurilishga jo’natishgan. 1 yil u yerda hech qanday pul olmasdan, ustalarning barcha aytgan ishini qilib yashab yurganman.

Chindan pushaymonligimni tog’am aytganlar shekilli, 1 yil o’tib uyga qaytdim. Shundan beri, bu narsalarga yaqin ham kelmaydigan bo’ldim.  Tog’am ishlagan pullarimni dadamga yuborgan ekanlar. Qarzlar, kreditlarni dadam man ishlagan pullardan va yonlaridan to’lab yopib yuborgan ekanlar.

Xulosa shuki, jimgina yashab yurish yaxshi ekan. Atrof-muhitingizda kimlar borligini nazorat qilish kerak ekan. Ular juda katta ta’sir qilarkan. Qarzlarsiz hayot boshqacha, kechalari tinchgina uxlaysan, telefonlarga qo’rqmay javob berasan, kimdir chaqirib kelsa, bemalol chiqolasan. Baribir, xotirjamlikka hech narsa yetmas ekan”.

Qahramonimizning hikoyasi — shunchaki bitta omadsizlik emas, balki bugungi yoshlar duch kelayotgan tizimli muammoning ko’zgusidir. Uning baxti chopgan: ortida uni tushunadigan va qattiqqo‘llik bilan bo’lsa-da, qutqarib qolgan otasi bor edi. Biroq, minglab boshqa “o‘yinchi”lar uchun bu yo’l qamoqxona, ko’cha-ko’yda qolish yoki undan ham mudhishroq yakun bilan tugamoqda.

Bu illatdan qanday qutulish mumkin?

Psixologlarning ta’kidlashicha, qimorga qaramlik (ludomaniya) — bu moddiy emas, balki chuqur ruhiy muammo. Inson nafaqat yutish uchun, balki o‘sha o‘yin beradigan «adrenalin» va «dopamin» uchun ham o‘ynashni boshlaydi. Afsuski, ko‘p hollarda bu yo‘lning oxiri fojia bilan tugaydi. Britaniyadagi tadqiqotlar qimor tufayli kelib chiqadigan suidsidlar ko‘pincha kutilmagan va o‘ta og‘ir moliyaviy bosim ostida sodir bo‘lishini ko‘rsatadi.

Onlayn qimorga qarshi kurash faqat bloklash bilan cheklanib qolmay, reklama tarqatuvchi blogerlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, banklarda o’tkazmalarni nazorat qilish algoritmlarini takomillashtirish hamda ta’lim muassasalarida moliyaviy savodxonlik darslari va anonim yordam markazlarini tashkil etish kabi kompleks choralarini talab qiladi. Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) bu botqoqdan chiqish uchun GamStop va Gamban kabi to‘siqlardan foydalanishni, bank orqali tranzaksiyalarni cheklashni hamda yaqinlar bilan ochiq muloqotda bo‘lib, muhitni o‘zgartirishni tavsiya etadi. 

Sherzod Toʻraqulov