Ijtimoiy tarmoqlarda loviya damlamasi yordamida buyraklardagi toshlarni davolash va chiqarib tashlash tavsiya etilgan video tarqalmoqda.
“Bir litr suvga ikki osh qoshiq loviya qo‘shing, past olovda qaynating, sovutib, ovqatdan oldin 3 choy qoshiq iching”, — deb videoda retsept bilan bo‘lishishmoqda.
HUKM: YOLG‘ON
Loviya buyraklardagi toshlarni tozalashga yordam berishi haqida ilmiy dalillar yo‘q. Buyrak toshlari turli xil tarkibga ega bo‘lishi mumkin (kaltsiy oksalat, uratlar, fosfatlar va boshqalar) va ularni davolash usullari sezilarli darajada farq qiladi.
Loviya oqsil, kletchatka va mikroelementlarga boy sog‘lom oziq-ovqat bo‘lsa-da, uning buyrak toshlariga ta’siri aniq emas.
Ba’zi hollarda, masalan, uratlarning miqdori yuqori bo‘lganda, loviya umuman tavsiya etilmaydi.
Davolanishdagi har qanday o‘zboshimchilik, ayniqsa buyrak toshlari mavjudligida, nafaqat samarasiz, balki xavflidir.
Buyrak toshlari jiddiy asoratlarni, shu jumladan buyrak kolikasi va siydik yo‘llari infektsiyalarini keltirib chiqarishi mumkin. Faqat shifokor toshlarning hajmini va turini aniqlaydi va dori terapiyasini yoki ba’zi hollarda jarrohlik amaliyotini o‘z ichiga olgan samarali davolanishni buyurishi mumkin.Agar buyrak toshlari mavjudligi ishora qiluvchi alomatlarga duch kelsangiz (masalan, bel og‘rig‘i, siydik rangining o‘zgarishi, tez-tez siyish), uy sharoitida davolanmang va darhol tibbiy yordam olish uchun murojaat qilishingiz kerak.