“Reuters” xalqaro axborot agentligi Isroil Qurilish va turar-joy vazirligiga tayanib, 5-fevral kuni Isroil hukumati O‘zbekiston, Hindiston va Shri-Lankadan 65 ming nafar chet ellik ishchini jalb qilmoqchiligi haqida xabar tarqatdi.
Isroil hukumati XAMASning Isroilga hujumidan so‘ng falastinlik ishchilar uylariga jo‘natilgach, 7-oktabrdan beri to‘xtab qolgan qurilish ishlarini qayta boshlash maqsadida O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilmoqchi, deyiladi manbada.
Xabarda qayd etilishicha, hujumdan oldin Isroildagi qurilish maydonlarida 72 mingga yaqin falastinlik ishchi ishlagan.
Factchecknet.uz bu ma’lumotni tekshirdi.
HUKM: QISMAN YOLG‘ON
6-fevral kuni Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi bu ma’lumotni rad etib, o‘zining Telegram kanalida hozirda Isroilda ishlash uchun O‘zbekistondan quruvchilarni jalb qilmayotganini yozdi.
Elchixona dolzarb va aniq maʼlumotlarni olish uchun oʻz ijtimoiy tarmoqlaridagi yangiliklarni kuzatib borishga chaqirdi.
Biroq Isroil Qurilish va turar-joy vazirligining xabarida Strategik rejalashtirish va siyosat bosh boshqarmasi direktori Mixal Aranning so‘zlariga asoslanib, o‘zbekistonliklar hanuz tilga olinmoqda.
“Oʻtgan hafta Hindistonda boʻlib oʻtgan, shu hafta Shri-Lankada va keyingi hafta Oʻzbekistonda boʻladigan saralashlar kvotani toʻldirishimizga olib keladi, va shuning uchun biz allaqachon kvotani yanada oshirish masalasi bo‘yicha yangi taklif qarori ustida ishlay boshladik”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Isroil Qurilish vazirligi.