Ommaviy axborot vositalarida “aqlli” tish cho‘tkalarining g‘ayrioddiy qobiliyatlari haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, “zararli dasturiy ta’minot bilan zararlangan uch million “aqlli” tish cho‘tkalarini Shveytsariya kompaniyasiga kuchli DDoS-hujum uyushtirish uchun ishlatishgan. Ushbu stomatologik botnet millionlab yevroga teng zarar keltirdi”.
O‘zbekiston OAVdagi ma’lumotlar manbaga olib keladi, u esa, o‘z navbatida, “Aargauer Zeitung”dan iqtibos keltiradi (asl manba obunachilar uchun mavjud, obuna pulli). Shuningdek, u yerda hujumga uchragan firmaning sayti hujum ostida ishdan chiqqani, bu esa biznesning millionlab yevro yo‘qotishiga sabab bo‘lgani aytiladi.
Boshqa bir nashr “Fortinet” kompaniyasi filiali rahbari (kiberhimoya bilan shug‘ullanadi) Stefan Tsugerning “Internetga ulangan har bir qurilma potentsial nishon yoki hujum uchun ishlatilishi mumkinligini” ta’kidlagan izohini keltiradi.
Aslida gap nimada? Factchecknet.uz vaziyatga oydinlik kiritdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Avvalo, DDoS-hujum nima ekanligini tushunishingiz kerak? Server, veb-sayt yoki tarmoqqa kiberhujum amalga oshiriladi; ular ko‘p sonli manbalardan keladigan trafik bilan haddan tashqari yuklanadi. Shunday qilib, ular ishlashdan to‘xtaydilar. Ammo shuni ta’kidlash joizki, bunday keng ko‘lamli botnet — virusli dasturiy ta’minot tarmog‘i yoki bu holda “aqlli” tish cho‘tkalari — nafaqat mutaxassislar, balki jurnalistlar orasida ham savollar tug‘dirdi. Ular izoh uchun “Fortinet” vakillari bilan bevosita bog‘lanishdi.
“DDoS-hujumlar uchun tish cho‘tkalaridan foydalanish mavzusi intervyu davomida hujumning ma’lum bir turining ko‘rinishi sifatida taqdim etilgan va “Fortinet” yoki “FortiGuard Labs” tadqiqotlariga asoslanmagan. Aftidan, tarjimalar tufayli ushbu mavzu bayonotlari shu darajaga yetdiki, gipotetik va real ssenariylar aralashib ketdi”, — dedi kompaniya vakili.
Rezonansli mavzu Shveytsariyaning “Aargauer Zeitung” nashri muallif vaziyatni oydinlashtirishga harakat qilgan va “Fortinet” so‘zlarini rad etgan yana bir maqolani nashr etishiga olib keldi.
“Fortinet”ning Kaliforniyadagi shtab-kvartirasi hozir “tarjima muammosi” deb atayotgan narsa tadqiqot davomida boshqacha edi: “Fortinet” vakillari joriy tahdidlar muhokama qilingan uchrashuvda tish cho‘tkasi bilan sodir bo‘lgan hodisani haqiqiy DDoS-hujum sifatida baholashgandi”, — deyiladi maqolada.
Bundan tashqari, “Fortinet” nashri maqolani chop etishdan oldin o‘qib chiqqani va bu haqiqatda sodir bo‘lgan voqea ekanligi haqidagi bayonot e’tirozlarga sabab bo‘lmagani ta’kidlangan.
Ushbu vaziyatdan so‘ng, “Aargauer Zeitung”ga havola bergan tomsardware.com o‘quvchilarni xabardor qilib, sarlavhasini o‘zgartirdi.
Birinchi variant: “Shveytsariyaning DDoS-hujumlarida ishlatilgan zararli dasturiy ta’minot bilan zararlangan uch million aqlli tish cho‘tkalari — botnet millionlab yevro zarar keltirdi. (Three million malware-infected smart toothbrushes used in Swiss DDoS attacks — botnet causes millions of euros in damages)”.
Tuzatilgan variant: “Xavfsizlik kompaniyasi endi tish cho‘tkalari yordamida DDOS-hujum sodir bo‘lmaganini aytdi, ammo manba kompaniya buni haqiqiy deb taqdim etganini bildirdi (Security firm now says toothbrush DDOS attack didn’t happen, but source publication says company presented it as real)”.
Texnologiya va kiberxavfsizlik bo‘yicha yangiliklarga ixtisoslashgan “BleepingComputer” nashrining xabar berishicha, “aqlli” tish cho‘tkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri internetga ulanmaydi, balki mobil ilovalarga ulanish uchun “Bluetooth”dan foydalanadi, so‘ngra ma’lumotlaringizni veb-platformalarga yuklaydi. Bu shuni anglatadiki, bunday katta hajmdagi buzg‘unchilik faqat zararli dasturlarning qurilmalarga o‘rnatilishi kabi natijaga olib keluvchi aloqa zanjiriga hujum qilish orqali amalga oshirilishi mumkin edi.
Faktlarning taqdimoti kompaniya tomonidan ataylab qilinganmi yoki o‘ylab berilganmi, aniq aytish mumkin emas, ammo bu kuchli fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi, ma’lumotlar xorijiy nashrlarda chop etildi. Natijada, tashkilot ishiga e’tibor qaratildi, ammo bayon etilgan tezisni tasdiqlash uchun hech qanday asos yo‘q.