Bolasi maktabga bormagan ota-ona jarima toʻlaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda bolasini maktabga yubormaslik ota-onalarni 5 mln soʻmdan koʻproq jarima toʻlashga olib keladi mazmunida xabarlar tarqaldi. 

Factchecknet.uz bu xabarni tekshirib koʻrdi.

HUKM: ROST

Qonunchilikka koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majbriyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks (MJTK)ning 47-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, BHM besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Dars qoldirayotgan oʻquvchilarning xonadoniga “Ogohlantirish xati” joʻnatiladi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida maxsus Ishchi guruh tuzilgan hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar rejasi tuzib chiqilgan.  

Jumladan, oʻquvchilarning darsda muntazam ishtirokini taʼminlash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun toʻgarak va mashgʻulotlarni koʻpaytirish, ushbu jarayonlarga ota-onalar va hududdagi faol fuqarolarni keng jalb etish boʻyicha aniq vazifalar amalga oshiriladi. Maʼlum qilinishicha, respublikadagi barcha maktablarga ota-onalarga yuboriladigan “Ogohlantirish xati” namunalari yetkazilgan.

Bolasi maktabga bormagan ota-ona jarima toʻlaydimi?

Ogohlantirish xatidan namuna

Endilikda maktab masʼullari tomonidan ushbu namunadagi “Ogohlantirish xati” tezkor ravishda darslarda ishtirok etmagan oʻquvchilarning yashash manzillariga yetkaziladi.

“Ogohlantirish xati”da MJTK 47-moddasining mazmun-mohiyati tushuntirib oʻtilgan. Mazkur vazifani amalga oshirish uchun har bir maktabga Milliy gvardiya ofitserlari biriktiriladi. Qayd etilishicha, haftada kamida bir marta Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vakillari ishtirokida bolalarning tarbiyasi va davomati boʻyicha ota-onalar bilan uchrashuvlar oʻtkazish amaliyoti joriy etiladi.
Statistikaga koʻra, oʻtgan yili voyaga yetmaganlar tomonidan 3,5 mingta jinoyat sodir etilgan. Shundan 2 ming 280 tasini maktab oʻquvchilari sodir etgan. Mavjud muammolarga yechim topish maqsadida maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazilishi belgilandi.