Konservalangan tunets balig‘i sog‘liq uchun zararlimi?

Konservalangan tunets balig‘i, ayniqsa G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida mashhur oziq-ovqat mahsuloti bo‘lib, u yerda undan tayyorlanadigan taomlar ratsionda muhim o‘rin egallaydi. Biroq, yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar ushbu mahsulotning xavfsizligi haqida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Frantsiyaning “Bloom” va “Foodwatch” nodavlat tashkilotlari tomonidan olib borilgan tahlil Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya va Italiyadan keltirilgan 150 banka konservalangan tunets balig‘ini sinovdan o‘tkazishni o‘z ichiga oldi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki:

1. Sinovdan o‘tkazilgan barcha namunalarda simob mavjud bo‘lib, yarmidan ko‘pi (57%) Yevropadagi ko‘pchilik baliq turlari uchun ruxsat etilgan simob darajasidan (0,3 mg/kg) oshib ketgan.

2. Konservalarning 10 foizida simob yangi tunets uchun chegaradan oshib ketdi — 1 mg/kg.

3. Konservalash yangi mahsulotga nisbatan simob kontsentratsiyasini ikki yoki hatto uch baravar oshiradi.

Nega tunets balig‘ida simob shunchalar ko‘p?

Simob okeanlarga tabiiy manbalardan, masalan, vulqon otilishidan va ko‘mir yoqish kabi inson faoliyati natijasida tushadi. Bakteriyalar ta’sirida u baliq tanasida to‘plangan toksik birikma — metil simobga aylanadi.

Tunets balig‘i yirik yirtqich sifatida oziq-ovqat zanjirida yuqori o‘rinni egallab, hayoti davomida metil simobli ko‘plab kichik baliqlarni iste’mol qiladi. Bu jarayon uning to‘qimalarida toksin to‘planishiga olib keladi.

Bu sog‘liq uchun qanday xavf tug‘diradi?

Metil simob neyrotoksin va potentsial kanserogendir. Uning ta’siri quyidagi muammolarga olib kelishi mumkin:

1. Homila va bolalarda miya rivojlanishining buzilishi: metil simob asab to‘qimalarining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi, bu esa bilish, xotira, diqqat va mayda motorikaga ta’sir qiladi.

2. Homilador ayollar uchun xavf: toksinning yuqori konsentratsiyasi homilaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

3. O‘pkaning shikastlanishi: metil simob nafas olish tizimida jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Nima qilish kerak?

Mutaxassislar hukumatlarni baliqdagi simobning maqbul darajasini qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek, mahsulot nazoratini kuchaytirishga chaqirmoqda. Bundan tashqari, iste’molchilarga tunets balig‘ini ortiqcha iste’mol qilish xavfi va ayniqsa zaif bo‘lgan aholi guruhlari haqida ma’lumot berish muhimdir.

Tunets balig‘i oqsil va yog‘ kislotalarining qimmatli manbai bo‘lsa-da, uni ortiqcha iste’mol qilish sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri tanlash va iste’mol qilishni kamaytirish toksinlar to‘planishi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga yordam beradi.