Idish yuvish geli bolalar o‘limiga sabab bo‘ladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Idish yuvish gellari bolalar qotili hisoblanadi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Unda yozilishicha,, gelda yuvilgan idishdan muntazam ovqatlangan bolalarning 99 foizi kasallikka giriftor bo‘ladi. Biroq xabarda aynan qaysi kasallik nazarda tutilganligi aytilmaydi. Bundan tashqari xabarda, “shifokor-gastroenterolog M. Cherenkovning ogohlantirishicha, agarda gelda yuvilgan idishlar kamida 30 soniya davomida oqib turgan, qaynoq suvda chayilmasa, idish yuzasida qolgan gel sizning oshqozoningizga tushadi. Inson 1 yilda kamida 250 gramm, ya’ni bir stakan  gelni yeydi. Vaqt o‘tishi bilan unda oshqozon-ichak, onkologik, hattoki nafas yo‘llari kasalliklari paydo bo‘ladi. Ayniqsa bolalarda bu tezda ko‘rinadi”, mazmunidagi ma’lumotlar keltirilgan.

Factchecknet.uz ushbu xabarni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: MANIPULYATSIYA

Ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzudagi xabarlar ko‘p marotaba tarqatilgan.

Facebook tarmog‘idagi keyslar: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7.

Instagramdagi keys: 1.

Telegramdagi keyslar: 1, 2, 3, 4.

Bunday mazmundagi xabar, 2021-yilda ham yangilik veb-saytlaridan birida ulashilgan. Yuqorida keltirilgan xabarlarning hech biri rasmiy manba havolasi yoki boshqa asosga ega emas. Global qidiruv orqali shifokor-gastroenterolog M. Cherenkovni va uning tibbiy xulosalarini izlash ham hech qanday natija bermadi. 

Ilmiy tadqiqotlar idish yuvish gellarining ta’sirini o‘rganadi. Bu vositalardan to‘g‘ri foydalanilganda ular hech qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi. Shu o‘rinda, idishlarni qo‘lda yuvganda uning yuzasidagi kimyoviy moddaning to‘la tozalanishiga e’tibor berish zarur. Bir qancha manbalar, xususan, American Cleaning Institute idishlarni qo‘lda to‘g‘ri tozalash haqida yo‘riqnomalar chop etgan.

Ma’lumot o‘rnida, idishlarni qo‘lda to‘g‘ri tozalashda quyidagilarga e’tibor berish zarur:

  1. Idishni tozalashdan oldin undagi ovqat qoldiqlarini yaxshilab qirib tashlash.
  2. Maxsus yuvish vositasi yordamida uni yuvish, suv harorati kamida 45 gradus bo‘lishi kerak.
  3. Toza suv bilan yuvib tashlash.
  4. 2 daqiqa davomida dezinfeksiyalash (bunda suv harorati 77 gradusdan kam bo‘lmasligi kerak).
  5. Havoda quritish zarur (quritishda sochiqdan foydalanish tavsiya etilmaydi).

———“Idish yuvish gellari bolalar qotili hisoblanadi” deya boshlangan xabarlardan birida quyidagi surat go‘yoki vafot etgan farzandini ko‘tarib turgan ota tasviri sifatida taqdim qilingan. 

“Google image search” qidirvi orqali aniqlash mumkinki, ushbu suratda yangi tug‘ilgan farzandini ilk bora qo‘liga olgan otaning his tuyg‘ulari va quvonchi aks ettirilgan.