Qorindagi yog‘lar nafaqat tashqi ko‘rinishga ta’sir qiladi, balki inson sog‘lig‘i uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bu yog‘lar ko‘pincha noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik va stress tufayli hosil bo‘ladi. Hozirgi kunda odamlar semizlikdan xalos bo‘lishning oson usullarini sinab ko‘rib, tez ozish va chiroyli qomatga ega bo‘lishni istaydi. Ayni yillarda qorin sohasidagi yog‘larni oldirish yoki liposaktsiya, shuningdek qorindagi yog‘larni kestirib olib tashlash (abdominoplastika) jarrohlik usullari ommalashib bormoqda. Muolaja o‘tkazuvchi mutaxasislar, ushbu jarohhlik amaliyotlarining xavfsizlik darajasi haqida mutlaqo gapirmaydi. Ba’zi shifokorlar faqat natija va amaliyotning og‘riqsiz oson o‘tishini da’vo qiladilar.
Factchecknet.uz liposaktsiya yoki abdominoplastika jarrohlik usullarining xavfsizligi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib, sizga taqdim etadi.
Liposaktsiya ortiqcha yog‘ zaxiralarini olib tashlash orqali umumiy tana shaklini o‘zgartirish uchun amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Vakuum assimilyatsiya kanulasidan foydalanib, teri ostidagi yog‘ zaxiralarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib tashlaydigan qalam shaklidagi uskunadan foydalaniladi. Ushbu protsedura vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallanmagan. Liposaktsiya odatda turli tana a’zolarida amalga oshiriladi:
- qorin;
- bellar;
- sonlar;
- yuz.
Liposaktsiya organizmdagi yog‘ qatlamlarining barchasini yo‘q qilmaydi. Nisbatan kamaytiradi xolos. Liposaksiya operatsiyasi 30 daqiqadan 4 soatgacha davom etadi. U ham mahalliy, ham umumiy anesteziya ostida o‘tadi. Muolajadan keyin odatda bir necha kun davom etadigan noqulaylik va og‘riqlar paydo bo‘ladi. Operatsiyadan keyin bemorlarda shish va ko‘karishlar bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi va vaqt o‘tishi bilan yo‘qoladi.
Abdominoplastika – jarrohlik muolajasi, u qorin bo‘shlig‘idan ortiqcha teri va yog‘ni olib tashlash, qorin mushaklarini tortish, shuningdek, kindikni ko‘chirishni o‘z ichiga oladi. Jarayon odatda 4 soatdan 6 soatgacha davom etadi va umumiy narkoz ostida amalga oshiriladi. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, bu vazn yo‘qotish uchun sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish odati va to‘g‘ri ovqatlanishning o‘rnini bosmaydi.
Qorin sohasidagi yog‘larni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash, xususan, liposaktsiya (yog‘ni so‘rib olish) va abdominoplastika (qorin plastikasi) amaliyotlari dunyo bo‘ylab ommalashib bormoqda. Amerika Plastik jarrohlar jamiyati (ASPS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda AQShda 211,067 ta, dunyo bo‘ylab 1,5 mln dan ortiq liposaktsiya amaliyoti o‘tkazilgan. Shuningdek, AQShda 97,988 ta abdominoplastika jarrohlik operatsiyasi qilingan. 2023-yilga kelib esa birgina AQShda 350,000 ga yaqin liposaktsiya muolajalari o‘tkazilgan. Bugungi kunda liposaktsiya protseduralari 2019-yildan beri 30 foizdan oshgan. Bu raqamlar ushbu amaliyotlarning keng tarqalganligini ko‘rsatadi.
Liposaktsiya va abdominoplastika estetik jarrohlik amaliyotlari orqali bemorlar ortiqcha yog‘ to‘qimalaridan xalos bo‘lish va qorin sohasini kichraytirishni maqsad qiladilar. Biroq, har qanday jarrohlik amaliyotida bo‘lgani kabi, ushbu protseduralar ham ma’lum xavf-xatarlar va asoratlarni o‘z ichiga oladi.
Liposaktsiya bilan bog‘liq o‘lim holatlari darajasi
Turli tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, liposaktsiya bilan bog‘liq o‘lim holatlari darajasi har 5,000 – 10,000 amaliyotga 1 ta holatni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich nisbatan past bo‘lsa-da, jarrohlik amaliyotlari orasida muhim hisoblanadi. O‘lim holatlarining asosiy sabablari orasida:
- Tromboemboliya – qon tomirlarida qon quyqalari hosil bo‘lishi va ularning hayotiy muhim organlarga o‘tishi.
- Anesteziya asoratlari – narkozga nisbatan nojo‘ya reaktsiyalar yoki noto‘g‘ri dozalanish.
- Ichki organlarga zarar yetishi – jarrohlik davomida ichki organlarga tasodifiy shikast yetkazilishi.
Abdominoplastika bilan bog‘liq o‘lim holatlari darajasi
Abdominoplastika bilan bog‘liq o‘lim holatlari darajasi har 10,000 – 15,000 amaliyotga 1 ta holat sifatida qayd etilgan. Ushbu protsedura bilan bog‘liq o‘lim holatlarining sabablari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Qon ketishi – operatsiya davomida yoki undan keyin ortiqcha qon yo‘qotilishi.
- Infektsiyalar – jarrohlik sohasida infektsiya rivojlanishi.
- Tromboz va emboliya – qon tomirlarida tromblar hosil bo‘lishi va ularning o‘pka yoki boshqa organlarga o‘tishi.
Ushbu amaliyotlar bilan bog‘liq xavf darajasi bemorning sog‘liq holati, yoshi, jarrohlik hajmi va davomiyligi, shuningdek, jarrohning tajribasiga bog‘liq. Masalan, yuqori tana massasi indeksi (BMI), surunkali kasalliklar (masalan, diabet, yurak-qon tomir kasalliklari) yoki chekish kabi omillar o‘lim xavfini oshirishi mumkin.
O‘zbekistonda estetik jarrohlik, xususan, liposaktsiya va abdominoplastika amaliyotlari oxirgi yillarda rivojlanib bormoqda. Aholining ushbu xizmatlarga qiziqishi ortib borayotgan bo‘lsa-da, ushbu sohada bir qancha muammolar mavjud. Xususan, yuqori malakali mutaxassislar va xalqaro standartlarga javob beradigan klinikalar soni kam. Bemorlarning xavfsizligi uchun sterilizatsiya qoidalariga qat’iy rioya qilish, operatsiyadan keyingi parvarishning mukammalligini ta’minlash va xizmatlarning shaffofligi muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston estetik jarrohlik rivojlanishi xalqaro standartlar va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilinganda va sifatli tibbiy xizmatlar kengaytirilganda barqaror bo‘ladi. Har bir bemor o‘z tanlovini ongli ravishda amalga oshirishi, malakali mutaxassislarga murojaat qilishi va o‘z sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratishi lozim.