Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning eng kuchli armiyalari reytingi e’lon qilinganligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu reytingga ko‘ra, kuchli uchtalikda Rossiya, AQSH va Isroil davlatlarining armiyalari bo‘lib, O‘zbekiston armiyasi 19-o‘rin, Qozog‘iston armiyasi 30-o‘rinda ekanligi aytilgan.
Factchecknet.uz bu reyting qanchalik haqiqiy ekanligini va uni kim yuritishini tekshirdi. Batafsil maqolamizda o‘qing.
HUKM: MANIPULATSIYA
Dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingini odatda harbiy qudratni baholash va solishtirish bo‘yicha ixtisoslashgan tahlilchilar va tashkilotlar tuzadi. Bu reytingni tuzishda eng nufuzli va keng qo‘llanadigan manbalardan biri Global Firepower Index hisoblanadi. “Global Firepower” har yili turli mamlakatlarning harbiy kuchlarini ularning qurol-yarog‘ imkoniyatlari, texnologik yutuqlari, moliyaviy resurslari, geografik joylashuvi, inson resurslari va boshqa omillar asosida baholaydi. U har bir davlatning kuch indeksini aniqlash uchun 60 dan ortiq individual omillardan foydalanadi. Harbiy texnika, jangovar texnika (tanklar, samolyotlar, kemalar), atom quroli, harbiy budjet, qo‘shinlar soni shular jumlasidandir.
Tashkilot 2024-yildagi reytingni ham e’lon qilgan. Hozirgi vaqtda dunyodagi eng kuchli armiya AQShga tegishli hisoblanadi. AQSh armiyasi o‘zining yirik harbiy budjeti, zamonaviy texnologik qurollari, keng qo‘llanuvchi jangovar samolyot va kemalari, sun’iy yo‘ldosh tizimlari va global miqyosdagi harbiy bazalari bilan ajralib turadi.
Shuningdek, AQShning harbiy sohadagi yutuqlari texnologik jihatdan, jumladan, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va dron texnologiyalari sohalarida ham kuchli. Bu omillar AQSh armiyasini dunyodagi eng qudratli armiya sifatida baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston bu reytingda 65-o‘rinni, Qozog‘iston esa 58-o‘rinni egallab turibdi.
Reytingga ko‘ra, dunyodagi armiyasi eng kuchli davlatlar o‘ntaligi quyidagilar:
- AQSh
- Rossiya
- Xitoy
- Hindiston
- Janubiy Koreya
- Buyuk Britaniya
- Yaponiya
- Turkiya
- Pokiston
- Italiya
Forbes India nashri dunyodagi eng kuchli armiya AQShniki ekanligi haqida yozgan. U bu reyting kuchli rahbar, siyosiy va iqtisodiy ta’sirlar, xalqaro kuchli ittifoqlar, qudratli armiya kabi sifatlar yordamida tuzilishini aytib o‘tgan.
US News and World Reportning dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingida Rossiya 1-o‘rinda turibdi. Ijtimoiy tarmoqlarda aynan mana shu reyting tarqalgan edi. Shunga qaramay, u eng kuchli davlat AQSh ekanligi haqida yozadi. Reyting loyihasi mamlakatlarning bir qator sifat ko‘rsatkichlari – savdo, sayohat va sarmoya kiritish salohiyatiga ega va milliy iqtisodiyotga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan harakatlar nuqtai nazaridan qanday belgilanishiga asoslanadi.
Best Diplomats tashkiloti ham bu reytingda AQSh armiyasi dunyodagi eng kuchli armiya ekanligini e’tirof etgan. Bu reytingni tuzishda armiyalardagi ilg‘or texnologiyalar, katta ishchi kuchi va mudofaa budjetlari kabi omillar hisobga olinishi haqida yozgan.
Shuningdek, Business Insider India, The Military Balance (IISS) va PW kabi tashkilotlar ham turli hisobot va tadqiqotlarda davlatlarning harbiy qudratini solishtirib turadi. Ammo “Global Firepower” reytingi keng ko‘lamda tan olinganligi sababli, ko‘pincha asosiy manba sifatida qabul qilinadi.