Ijtimoiy tarmoqlarda dori-darmonlardan yangi o‘lim holatlari haqida ma’lumot tarqaldi.
Bir qator Telegram kanallarida (1, 2, 3) Alergo, Mucorid, Zinsell siroplari hamda Emidon va Ulkofin suspenziyalari o‘limga olib kelishi haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarda keltirilishicha, laboratoriya tadqiqotlari ular tarkibida dietilenglikol va etilenglikolning miqdori ruxsat etilgandan yuqori ekanligini ko‘rsatgan.
Kanallardan biri ular 300 dan ortiq bolaning o‘limiga sabab bo‘lganini ta’kidladi. Qurbonlar orasida O‘zbekiston bolalari ham borligi aytilgan.
Factchecknet.uz ma’lumotlarni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: YOLG‘ON
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin tibbiy amaliyotda foydalanishga ruxsat etilishini ma’lum qildi.
Sanab o‘tilgan Pokistonning Pharmix Laboratories kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan.
Shuningdek, markaz 2023-yilning fevral oyidan boshlab ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga olib kirilayotgan sirop preparatlari tarkibida zaharli moddalar mavjudligi sinchkovlik bilan tekshirilgani haqida xabar berdi. Xususan, dietilenglikol va etilenglikollarni ham nazarda tutilmoqda.
Haqiqatan, JSST yuqorida sanab o‘tilgan siroplar haqida ogohlantirgan, ammo tashkilotning xabarida boshqa mamlakatlar keltirilgan.
“JSSTning tibbiy mahsulotga oid ogohlantirishi dastlab Maldiv orollari va Pokistonda aniqlangan sirop va suspenziya koʻrinishidagi besh xil dori vositalariga taalluqli. Tilga olingan mahsulotlarning ayrimlari Beliz, Fidji va Laosda ham aniqlangan”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Bundan tashqari, ehtiyot chorasi sifatida, “Pharmix Laboratories”ga ichga qabul qilinadigan barcha suyuq dori vositalarini ishlab chiqarishni to‘xtatish buyurildi va 2023-yil 16-noyabrda DRAP (Pokistonning Dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi) tomonidan ishlab chiqarilgan besh xil sirop mahsulotini qaytarib olish to‘g‘risida ogohlantirish berdi.JSSTga Alergo, Mucorid, Zinsell siroplari va Emidon va Ulkofin suspenziyalari bilan bog‘liq nojo’ya ta’sirlar haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmadi, ammo ehtiyot chorasi sifatida kompaniyaning ichga qabul qilinadigan suyuq dori vositalariga nisbatan ehtiyotkor munosabatda bo‘lish va sinovlar o‘tkazish tavsiya etildi.