200 kishilik to‘ylar: rost yoki yolg‘on?

Ijtimoiy tarmoqlarda, to‘y va marosimlarni o´tkazishda 200 kishi, osh berish marosimlarida esa 250 dan ko‘proq kishi qatnashsa, 16.5 million so‘m jarima to‘lanishi haqida xabar tarqaldi. 200 ming martadan ortiq ko‘rilgan ushbu xabarning haqiqatga qanchalik mos kelishini tekshirib ko´rdik.

HUKM: ROST

2019-yil 14-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi  va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashlarining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2736-III-son qo‘shma qarori bilan to‘y, maraka kabi marosimlarni tartibga solish belgilab qo‘yilgan.

“So‘nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bunday salbiy illatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek fuqarolar yig‘inlarida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzildi” deyiladi qaror matnida. 

Shuningdek, hujjatga ko‘ra to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin. 

Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlar (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolar)ni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlar (“yetti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolar)ni o‘tkazishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. 

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1921-moddasida To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik qanday choralarga sabab bo‘lishi belgilangan. Xususan, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazuvchi shaxs tomonidan mazkur tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. To‘yxonalar, kafe va restoranlarning mansabdor shaxsi tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.