Bipolyar buzilish haqidagi afsonalar va faktlar

The National Alliance on Mental Illness (Ruhiy kasalliklar bo‘yicha milliy alyans) ushbu buzilish haqidagi eng keng tarqalgan afsonalarni bitta materialda to‘pladi va biz uni sizga taqdim etmoqdamiz.

Barchamiz yil davomida kayfiyatning ko‘tarilish va pasayishlarini boshdan kechiramiz, ammo bipolyar buzilish bilan og‘rigan odamlar uchun bu cho‘qqilar va tushkunliklar ancha og‘irroqdir — ularning holati maniyaning eng yuqori cho‘qqisidan depressiyaning eng past darajasigacha etadi. Oddiy kayfiyat o‘zgarishidan farqli o‘laroq, bipolyar buzilish bir necha haftadan bir necha oygacha davom etadigan tsikllar yoki epizodlar bilan tavsiflanadi. Bipolyar buzilish davolanmasa, kuchayib ketadi, shuning uchun odamlarni yordam so‘rashga undash uchun uning belgilarini bilish muhimdir.

1-chi mif: Bipolyar buzilish kam uchraydi

Fakt: Bipolyar buzilish tez-tez uchraydi: Qo‘shma Shtatlardagi kattalarning 2,8 foizi o’tgan yili bipolyar buzilishni boshdan kechirgan.

Tadqiqotchilar bipolyar buzilishning aniq sabablarini topolmagan. Hozirgi vaqtda ular bipolyar buzilish rivojlanish xavfini oshirishi mumkin bo’lgan bir nechta omillarni keltirishadi:

  • bipolyar buzilish birinchi darajali qarindoshlar (ota-onasi yoki aka-uka)da mavjudligi;
  • yaqin kishining o‘limi, bolalikdagi hissiy zo‘ravonlik yoki boshqa travmatik hodisalar kabi haddan tashqari stress davrlari;
  • tadqiqotlar miyadagi ba’zi kimyoviy signallarning o‘rtacha faollashuv darajasidagi nozik farqlarni aniqladi;
  • bu kasalliklarning umumiy yallig‘lanish patofiziologiyasini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yallig‘langan ichak sindromi va astma kabi kasalliklar;
  • spirtli ichimliklar/giyohvand moddalarni iste’mol qilish.

2-chi mif: Bipolyar buzilishning faqat bitta turi mavjud.

Fakt: Diagnostika va statistik qo‘llanmaga (DSM-5) ko‘ra, bipolyar buzilishning etti turi mavjud:

  • I turdagi bipolyar buzilish — kamida bitta maniakal epizodga ega;
  • II turdagi bipolyar buzilish — kamida bitta gipomaniakal epizodni o‘z ichiga oladi;
  • tsiklotimik buzilish — jadal tsikllarda gipomanik va depressiv alomatlar bilan tavsiflanadi;
  • psixofaol moddalar/dorilarni iste’mol qilishdan kelib chiqadigan bipolyar va turdosh buzilishlar;
  • bipolyar buzilish va u bilan bog‘liq kasalliklar;
  • boshqa belgilangan bipolyar va turdosh buzilishlar;
  • aniqlanmagan bipolyar va turdosh buzilishlar.

3-chi mif: Bipolyar buzilishi bo‘lganlar shunchaki injiq odamlar

Fakt: Bipolyar buzilish kayfiyat o‘zgarishi yoki injiqlikdan juda farq qiladi. Bipolyar buzilish bilan og‘rigan odamlar energiya, faollik va uyquda sezilarli o‘zgarishlarga duch kelishadi.

Bipolyar buzilishdagi kayfiyatning keskin ko‘tarilishi va tushishi o‘rtacha odam boshdan kechiradigan kayfiyat o‘zgarishidan juda farq qiladi. Agar siz baxtli holda uyg‘onsangiz, tushdan keyin o‘zingizni charchagan va asabiylashgandek sezsangiz va sizni yana baxtli his qiladigan oqshomni yaxshi o‘tkazsangiz, bu sizda bipolyar buzilish bor degani emas. Bu sizda qanchalik tez-tez sodir bo‘lishi muhim emas. Hatto tez tsikldagi bipolyar buzilish tashxisini qo‘yish uchun bir necha soat emas, balki bir necha kun ketma-ket manik/gipomanik simptomlar bo‘lishi kerak.

Psixoanalitiklar faqat his-tuyg‘ularga emas, balki alomatlar guruhlariga asoslangan holda tashxis qo‘yishadi. Bipolyar buzilishning xarakterli yuqori va past darajalari ekstremaldir, ko‘pincha kontekstga bog‘liq emas va uzoq vaqt davom etadi. Bu odamni charchatib qo‘yishi mumkin va ko‘pincha shifoxonaga yotqizishni talab qiladi.

4-chi mif: Bipolyar buzilish asosan maniyadir

Fakt: Bipolyar buzilish maniya, gipomaniya va depressiya kabi ko‘plab ruhiy kasalliklar bilan tavsiflanadi.

Bipolyar buzilish tashxisini qo‘yish uchun odamda kamida bitta maniya yoki gipomaniya epizodi bo‘lishi kerak. Biroq, bipolyar buzilishga duchor bo‘lgan odamlarning kassallik alomatlari bir hil bo‘lmaydi.

APA Psixologiya lug’atiga ko’ra, maniya — bu haddan tashqari faollik, iztirob va psixomotor qo’zg’alish holati. Bunday sezilarli darajada kayfiyat ko‘tarilishi holati ham kundalik hayotning jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkin. Maniya ko‘pincha haddan tashqari optimizm yoki  fikrlashning buzilishi bilan birga keladi. Maniya, shuningdek, gallyutsinatsiyalar yoki aldanishlar kabi psixotik alomatlar bilan namoyon bo‘lishi mumkin, bu esa reallikdan ajralish hissini keltirib chiqarishi mumkin.

Gipomaniya — energiya, faollik va kayfiyatning kuchayishi bilan tavsiflangan maniyaning unchalik og‘ir bo‘lmagan shakli.

Depressiya — bu doimiy past kayfiyat va energiya va faoliyatning pasayishi holati. Ulardan birortasi ma’lum vaqt davomida mavjud bo‘lsa, u epizod deb ataladi.

Odamlar ko‘pincha bitta epizodda bir vaqtning o‘zida maniakal/gipomanik va depressiv alomatlarni boshdan kechirishadi. Bu aralash epizod sifatida tanilgan. Aralash epizodni boshdan kechirayotgan odamlar o‘zlarini chuqur qayg‘uli, ich-ichidan bo‘shashgan yoki umidsiz, shu bilan birga o‘zlarini juda serg‘ayrat his qilishlari mumkin.

5-chi mif: Maniya — qiziqarli va hayajonli

Fakt: Odamlar maniyadan aziyat chekkanda, ular o‘zlarini yaxshi his qilishlari, ko‘p energiya olishlari va uzoq vaqt uyqusiz yurushlari mumkin. Bu jozibali tuyulishi mumkin bo‘lsa-da, maniya asabiylashish, bezovtalik va nazoratni yo‘qotish hissi bilan ajralib turadigan juda yoqimsiz tajriba bo‘lishi mumkin.

Bipolyar buzilish bilan og‘rigan odam maniyaning kuchaygan energiyasini jozibador deb topishi mumkin bo‘lsa-da — ayniqsa, agar u depressiya epizodidan keyin paydo bo‘lsa — “kayf” qulay yoki boshqariladigan darajada to‘xtamaydi. Kayfiyat tezda asabiy holga kelishi mumkin, xatti-harakatlar oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi va fikrlash qobiliyati buziladi. Maniya davrida odamlar ko‘pincha impulsiv harakat qilishadi. Bu munosabatlar, martaba, moliya yoki sog‘liq uchun dahshatli oqibatlarga olib keladigan o‘ylamasdan qilingan qarorlar va keraksiz xavflarga olib keladi.

Maniakal epizodda odamlar odatda ilgari qilmagan narsalarni qilishlari mumkin. Bu zararli ta’sirga ega va tiklanish uchun bir necha oy yoki hatto yillar davomida qoladigan salbiy oqibatlarni qoldiradi. Ba’zida maniya psixotik alomatlar bilan birga keladi, bu esa stress holatiga olib keladi.

6-chi afsona: Agar bipolyar buzilish nazorat ostida bo‘lsa, dori-darmonlarni qabul qilishni to‘xtatish mumkin

Fakt: Bipolyar buzilishga qarshi dori-darmonlarni qabul qilish odamlarga kelajakda maniakal yoki depressiv epizodlardan qochishga yordam beradigan profilaktika vazifasini bajaradi. Har qanday yangi dori-darmonlarni boshlash yoki avvalgisini to‘xtatishdan oldin har doim shifokoringiz bilan maslahatlashing.

Dori-darmonlar ko‘pincha bipolyar buzilish uchun birinchi darajali davolanish bo‘lsa-da, kognitiv xatti-harakatlar terapiyasi, oilaga yo‘naltirilgan terapiya va shaxslararo terapiya kabi psixologik muolajalar simptomlarni va kelajakdagi epizodlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Terapiya va dori vositalarining kombinatsiyasi eng samarali va uzoq muddatli davolash usuli hisoblanadi. Mutaxassislar, shuningdek, ta’lim, uyqu gigienasi, simptomlarni kuzatish, meditatsiya va yaxshi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan o‘z-o‘ziga yordam strategiyalarini tavsiya qiladi. 

Agar siz yoki siz bilgan odam bipolyar buzilish alomatlarini boshdan kechirayotgan bo‘lsa, shifokor yoki ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassis bilan maslahatlashishingiz kerak.