2023-yil 1-dekabrdan kuchli zilziladan erta ogohlantirish milliy tizimi ishga tushirilishi haqida aytilgan edi.
Uni yaratish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi va Raqamli texnologiyalar vazirliklari mas’ul etib belgilangan edi. Bu haqda noyabr oyida Adliya vazirligi ham eslatma bergan edi.
Factchecknet.uz mazkur topshiriq ijrosini tekshirdi.
HUKM: BAJARILMAGAN
Prezidentning 2023-yil 16-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yangi milliy tizim doirasida “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi yaratilishi kerak edi.
Hujjatda qayd etilishicha, qisqa soniyalarda aholiga maʼlum hududlarda kuchli zilzila kuzatilishi haqida tezkor xabar yuboriladi. Uni tayyorlash avgust oyiga rejalashtirilgan edi.
Qarorda respublika hududida kuchli zilzilalar to‘g‘risida erta ogohlantirish milliy tizimini ishga tushirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanishi belgilangan.
Xuddi shunga o‘xshash ilova haqida prezidentning 2020-yil 30-iyuldagi qarorida ham qayd etilgan. Yagona farq shundaki, o‘sha hujjatda aholiga bo‘lishi kutilayotgan emas, balki sodir bo‘lgan zilzila haqida eng to‘liq ma’lumot beradigan mobil ilova yaratish nazarda tutilgan edi. Unda moliyalashtirish mas’ul ijrochilarning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi.
Qidiruv ma’lumotlaridan “Zilzila mobile” ilovasini topish mumkin. Uning yaratilishi haqidagi xabar 2023-yil iyun oyida paydo bo‘lgan. OAVda ham u haqidagi ma’lumotlar e’lon qilingan. Biroq, bu haqda 2022-yilning yozida ham aytilgan edi.
Seysmologiya instituti xabarida kuchli zilzilalar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan potentsial zararni tezkor baholash imkonini beruvchi “SeismicRiskAssessment” nomli kompyuter dasturini ishlab chiqish haqida so‘z boradi. Biroq, bu ham ilova emas.
May oyidagi qaror doirasidagi yana bir va’da – 1 avgustdan “suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” ishga tushirilishi. Noyabr oyida esa xususiy uy-joylarni mahalliy xomashyodan zilzilabardosh qilib qurishda elementar seysmik qoidalarni targʻib etishga mo‘ljallangan “Zilzilabardosh uy” veb-sayti va uning mobil ilovasini yaratish rejalashtirilgan edi.
Dekabr oyida yaratilgan veb-sayt va uning mobil ilovasiga zilzilabardosh uylar qurish va aholi foydalanishi uchun zilzilaga chidamli uy-joylarning namunaviy loyihalari haqidagi ma’lumotlarni kiritish ko‘zda tutilgan edi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining rasmiy sahifasida PDF formatda xususiy uylarning seysmik chidamliligi bo‘yicha davlat tilidagi yo‘riqnomalar joylashtirilgan “Zilzilabardosh uy” bo‘limi mavjud. Biroq, uni mustaqil sayt yoki ilova deb atab bo‘lmaydi.Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi veb-saytida ham alohida sayt yoki ilova ishga tushirilgani haqida bironta yangilik mavjud emas.