“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida “Mamlakatda kambag‘allik darajasini qisqartirish” vazifasi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, 2023-yil oktyabrdan daromadi 1 million so‘mdan oshmaydigan fuqarolarni daromad solig‘idan ozod qilish vazifasi belgilangan edi.
Factchecknet.uz ushbu vazifa ijrosi qay darajada amalga oshirilganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: KECHIKTIRILGAN
Mazkur savol yuzasidan Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Dildora Xashimovaga biz bilan telefon orqali muloqot qildi. U taqdim etgan ma´lumotlarga ko´ra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida mazkur tartib ijrosini 2026-yil uchun mo‘ljallangan soliq konsepsiyasi doirasida ko‘rib chiqish belgilangan.

Bunga sabab qilib “daromadi 1 million so’mdan oshmaydigan fuqarolarni daromad solig‘i to’lashdan ozod qilish masalasining Davlat byudjeti daromadlarining shakllanishiga salbiy ta’sirini inobatga olish” ko‘rsatilgan. Hozirda respublikamizda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 980 ming so‘mni tashkil etadi.
Statistika agentligi ma´lumotlariga ko´ra, 2022-yilda O’zbekistonda nominal hisoblangan o‘rtacha ish haqining eng kam miqdori yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 2023-yilning uchinchi choragida sohalar kesimida o‘rtacha hisoblangan oylik ish haqining eng kam miqdori sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishida qayd etilgan(statistik ko´rsatkichlarda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik subyektlari hisobga olinmagan).