“Mening hududim” elektron platformasi haqida eshitganmisiz?
Reestr.uz saytiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2024-yil 1-iyul sanasiga qadar bu platformani ishlab chiqib foydalanishga topshirishi kerak edi.
Uning ahamiyati, qanday muammolarni hal qilishga mo‘lgallangani va umuman, shaharsozlik yo‘nalishida nimalarni yaxshilashi haqida Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 299-son qarorida barafsil yozilgan.
Factchecknet.uz vazifa ijrosini tekshirdi.
HUKM: BAJARILMAGAN
Loyihaning maqsadi aholi yashash joylarida shaharsozlik bo‘yicha hujjatlarni va master-rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda ovoz berish mexanizmini ishlab chiqib, amaliyotga tadbiq etishdir.
Elektron platformasi ishga tushgach, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari o‘z hududida qurilishi rejalashtirilgan obyektlarga nisbatan platforma orqali fikr bildirish imkoniga ega bo‘ladilar.
Reestr.uz saytida loyiha konsenpsiyasi va loyiha texnik topshirig‘i ham keltirilgan.
Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan loyihaga mas’ul shaxslardan biri Marat Zagrutdinovga ko‘ra, loyiha https://mening-hududim.mc.uz veb-manzilida test rejimida ishga tushirilgan. Biroq unga kirishning iloji yo‘q. Buning sababi, axborot xavfsizligi yuzasidan ekspertiza tekshiruvlari olib borilayapti, deb izohladi mutaxassis.

Mas’ul biz bilan loyiha yuzasidan tayyorlangan taqdimotni ulashdi. Unda loyiha Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi tasarrufida ekanligi ko‘rinadi.
Factchecknet.uz platformaning ishga tushirilishi va amaliyotda qanday qo‘llanishi bo‘yicha kuzatuvlarini davom ettiradi va sizni xabardor qilib boradi.