Prezidentning 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida bir qancha maqsad va vazifalar belgilab berilgan. Shular qatorida “Aholini favqulodda vaziyatlarda kuchli zilzilalar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash hamda volontyorlikka o‘rgatish bo‘yicha masofaviy elektron milliy platforma”sini ishga tushirish rejalashtirilgan edi.
Factchecknet.uz Farmonning bu bandi ijrosini o‘rgandi.
HUKM: BAJARILMAGAN
“Ushbu platformani ishlab chiqishdan maqsad respublikadagi aholini kuchli zilzilalar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash maskanlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash” deyiladi loyiha tavsifida. U 2024-yilning 28-iyunigacha yakunlanishi reyestr bilan belgilab qo‘yilgan.
Loyiha https://zilzilaplatforma.netlify.app veb-manzili ostida ochilgan.

Biroq veb-sayt hech qanday amaliy yoki ta’limiy ma’lumotlar taqdim etmaydi. Shuningdek, saytda ro‘yxatdan o‘tish va kirish funksiyalari bor deya ko‘rsatilganligiga qaramay, ular ishlamaydi.

Reyestrda ko‘rsatilgan telefon raqam orqali loyiha ijrosi uchun mas’ul shaxs bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.
Xulosa qilib aytganda, loyiha uchun veb-sayt yaratilgan bo‘lsa-da, uning ichi hech qanday ma’lumot bilan to‘ldirilmagan, shu ma’noda u loyiha maqsad va vazifalari talablariga mutlaqo javob bermaydi.