Firibgarlar ishonchingiz evaziga qanday daromad topishadi?

Avvalroq Factchecknet.uz O‘zbekistondagi onlayn firibgarlik sxemalarini fosh etuvchi yo‘riqnoma e’lon qilgan edi. Biroq, internetda foydalanuvchilarni aldashning yangi usullari paydo bo‘lmoqda.

Yangi firibgarliklar qurboni bo‘lmaslik uchun siz firibgarlar qo‘llaydigan usullardan xabardor bo‘lishingiz kerak. Keling, ularni aniq namunalardan foydalangan holda ko‘rib chiqaylik. Bu holatlar allaqachon Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik markazi tomonidan feyk siafatida baholangan. Ushbu real keyslar asosida odamlarni aldash uchun qanday usullardan foydalaniladi va tarmoq foydalanuvchilari nima sababdan ularga ishonishlarini ko‘rib chiqaylik.

1-usul. Manipulyatsiya
 “Makro haqiqatan ham 1 000 000 so‘m beradi! Pulni yechib olish uchun saytga o‘ting” sarlavha bilan tarqatilgan postlarda taniqli brend nomi ishlatiladi. Firibgarlar tomonidan shunga o‘xshash usul boshqa gipermarket tarmog‘i nomi bilan ham qo‘llanilgan. Xabarda ma’lumot yangi yil sovg‘asi sifatida taqdim etilyapti, bu ham foydalanuvchini saytga jalb qilishda yordam beradi.

Aytgancha, postning pastki qismida  supermarketning haqiqiy sayti nomi ko‘rsatilgan, ammo havola boshqa veb-resursga olib boradi. Shunday qilib, uni bosish orqali foydalanuvchilar firibgarlar saytiga o‘tib qoladi, u yerda bank kartasidan pul yechish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni kiritish so‘raladi.

Rasman: feyk ekanligi tasdiqlangan.

2-usul. Jarangdor sarlavha
Yana bir postda Durand Bankning ikki foizli kredit berishi va’dasidan foydalanilgan. Uni, go‘yoki, jismoniy va yuridik shaxslar olishi mumkin. Xabarda aytilishicha, siz besh ming dollardan o‘n ming dollargacha pul mablag‘larini olishingiz mumkin. Biroq, hamma narsa reklamada ko‘rsatilgani kabi oddiy emas.

Bu misolda, bankning nomi auditoriyaga hech qanday ma’lumot bermaydi,  chunki u taniqli emas. Mualliflarning ta’kidlashicha, bu go‘yoki frantsuz banki va shuning uchun foiz stavkalari juda past. Bu kabi va’dalar bilan soxta xabarlar Instagram, Facebook va Telegram’da tarqatilmoqda. Firibgarlar kengroq auditoriyani qamrab olish uchun xabarlarni reklama qilishdan foydalanadilar.

Rasman: feyk ekanligi tasdiqlandi.

3-usul. “Mutaxassislar” va “fikr yetakchilari”dan foydalanish
Virtual firibgarlar iymonlilarning his-tuyg‘ularidan foydalanishdan toymaydi. Zamira ismli qandaydir ekspert nomidan ular go‘yoki halol sarmoyalarni taklif qilib, “halol biznes” va’da qilmoqdalar. Aslida, bu yana bir firibgarlik turi.

Xabar yaratuvchilari auditoriyaning og‘riqli nuqtalariga tegib o‘tishadi. Masalan, qarzlarni bir kun ichida yopishni taklif qilishadi. Virtual firibgarlar kutilmaganda boyib ketishga muvaffaq bo‘lgan va hozirda bu masalada mutaxassisga aylangan oddiy Aliya ismli ayol qiyofasidan foydalanganlar.

Internetda shunga o‘xshash reklamalarni uchratsangiz, endi virtual firibgarlar tarmoqda qanday usullardan foydalanganini bilasiz. Aytishadiku, oldindan ogohlantirilgan inson qurollangan demakdir.