Faktchekerlikni endigina boshlayotgan bo‘lsangiz, ma’lumotlarni tekshirishni qanday amalga oshiraman, degan savolga albatta duch kelasiz. Bu savolga yagona javob yo‘q. Sababi, mavzular xilma-xilligiga qarab izlash, tekshirish va tadqiqot usullari ham o‘zgarib boradi. Qaysidir xabarni tekshirish uchun bevosita voqea joyiga borishga to‘g‘ri kelsa, boshqasida ochiq ma’lumotlarni izlash, tahlil qilish, boshqa birida mas’ullar munosabatini olish kerak. Foto va video tasvirlarni tekshirishda turli onlayn instrumentlardan foydalanish zarur bo‘ladi. Har bir mavzu alohida usul va yondashuvni talab qiladi, shu sabab jarayon faktchekerning universallashuvini talab qiladi.
Ochiq ma’lumotlar manbalari — faktlarni tekshirishning muhim manbasi. Quyida O‘zbekistonda mavjud, turli vazirlik va idoralar tomonidan yuritiladigan ba’zi ochiq ma’lumotlar portallari haqida ma’lumot beramiz.
1. Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurlarining yagona reyestri
Ushbu resurs orqali siz davlat idoralariga tegishli loyihalar, axborot tizimlari, axborot resurslari kabilar haqida ma’lumot olishingiz mumkin. Xususan, reyestrdan 766 ta axborot tizimi va 59 ta axborot resursi joy olganligi ko‘rsatilgan.
Portal orqali loyihalarning huquqiy asosi, ularga mas’ul shaxslar, ishga tushish muddati kabi ma’lumotlarni aniqlasa va buni faktchekingda bevosita qo‘llasa bo‘ladi. Masalan, reyestrda saytimizda taqdim etilgan “Tabarruk Ziyorat” platformasi ma’lumotlari ham keltirilgan.
2. Sud hujjatlarini internet tarmog‘ida chop etuvchi portal
O‘zbekistonda sud hujjatlari internetga ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishini bilarmidingiz? Oliy Sudning mazkur portalida qariyb 5 million sud hujjatlari onlayn tarzda joylashtirilgan. Ushbu sud hujjatlari sizning faktchekerlik faoliyatingizda asqatishi mumkin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi
Ushbu tizim orqali siz mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Portalda 400 mingdan ortiq hujjat chop etilgan. Ularning ayrimlari shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli yashirilgan bo‘lishiga qaramay, faktchekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
4. “Ochiq budjet” portali
Ushbu resurs sizga davlat budjeti parametrlarini o‘rganish va tahlil qilish imkonini beradi. Shuningdek, portal orqali siz nafaqat daromad, harajat, defitsit kabi budjet parametrlari, balki “Tashabbusli budjet” loyihasi ma’lumotlarini ham ko‘ra olasiz. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, birgina 2023-yilda “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida tashabbuslarni amalga oshirish uchun 4 trln so‘mdan ortiqroq sarflangan.
5. Tovar-xom-ashyo birjasi portali
“UzEx Tender” sizga davlat xaridlarini tahlil qilish imkonini beradi. Ko‘pina jurnalistlar o‘z surishtiruvlarida aynan tender ma’lumotlaridan foydalanadilar. Bu resursdan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lish faktcheker uchun ham ortiqchalik qilmaydi.