Pastdarg‘om tumani Turkman mahallasidagi 37-sonli umumta’lim maktabiga olib boruvchi uzunligi 1,5 km bo‘lgan yo‘l shartnomaga asosan ta’mirlanishi kerak edi, ammo bu ishni amalga oshirish haligacha boshlanmagan.
HUKM: BAJARILMADI
“Tashabbusli budjet — 2023”ning ikkinchi mavsumida Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani “Turkman” MFY fuqarolari tomonidan ilgari surilgan mahalla hududidagi 37-son umumta’lim maktabiga olib boruvchi uzunligi 1550 metr bo‘lgan asosiy yo‘lga asfalt yotqizish tashabbusi 5291 ta ovoz to‘plab, g‘olib deb topilgan. Tashabbusni amalga oshirish uchun Davlat budjetidan 1 milliard 300 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratishi ko‘zda tutilgan.

Loyihani amalga oshirish doirasida o‘tkazilgan ochiq tender savdolarida “Kelajak omad yo‘l” MChJ 8 ta da’vogar ichida eng arzon narxni taklif etib, g‘olib deb topilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining elektron tender tizimida joylashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Turkman” mahallasidagi 37-maktabga olib boruvchi ko‘chaning 1550 metr qismiga asfalt yotqizish bo‘yicha savdolarda “Kelajak omad yo‘l” MChJ (STIR: 302510606) eng arzon narx taklifi bilan g‘olib deb topilgan. (Lot raqami: 23411006068064).

Ushbu tender jarayoni haqida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining elektron tender tizimidan ma’lumot topish mumkin. Unga ko‘ra, tenderda “Kelajak omad yo‘l” MChJ dan tashqari yana 8 ta tashkilot qatnashgan. Bular:
1. “SAXOVAT AGRO TAYYORLOV SAVDO” MCHJ
2. “BOG‘ISHAMOL YULLARDAN MUNTAZAM FOYDALANISH” UK
3. “SAMARQAND TUMAN YO‘LLARDAN FOYDALANISH UNITAR KORXONASI” UK
4. “KAR DAV STROY S” XK
5. “MIRAQAS” XK
6. “STROY-TEK” XK
7. “DILAZIZ CAPITAL INVEST” MCHJ
8. “KARSHAN-IDEAL-TEXNO” XK
Hujjatga ko‘ra, qurilish ishlari shartnoma imzolangan kun – 29-noyabrdan boshlab 20 kun ichida, ya’ni 2023-yil dekabr oyining 19-sanasida amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, openbudget.uz saytidagi “Loyihaning joriy holati” oynasida qurilish ishlari haligacha nihoyasiga yetmagani qayd etilgan.

(Ekran tasviri, 19-dekabr)
Dekabr oyidagi ma’lumotlar aks etgan pudratchi korxona bilan hisob fakturalar ro‘yxatiga asosan “Kelajak omad yo‘l” MChJga boshlang‘ich to‘lov badali sifatida 185 mln so‘m to‘lab berilgan.

Loyiha tashabbuskori Ixtiyorjon Raximov esa loyihaning ijrosi sifatini “sariq” rang bilan belgilagan va ishlar hali boshlanmaganligini ko‘rsatgan.

Tashabbusli budjet o‘zi nima?
Prezidentning 2021-yil 13-aprel kunidagi qarori bilan (PQ-5072) fuqarolar budjetni shakllantirish jarayonlarini nafaqat nazorat qilishi, balki budjet mablag‘larini shakllantirish jarayonidan boshlab ularni sarflashda qatnashishi uchun ham imkoniyat yaratilgan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilda “Ochiq budjet” portali ishga tushirildi. Plaftormada “Tashabbusli budjet” bo‘limi yaratilib, u orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok eta boshladilar. Budjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida tuman va shaharlarda tegishli budjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etildi.
Birgina 2023-yilda “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida tashabbuslarni amalga oshirish uchun 4 trln so‘mdan ortiqroq sarflandi. Turli yil va davrlarda “Tashabbusli budjet” uchun Davlat budjetidan qancha pul ajratilganligini BU YERDA ko‘rishingiz mumkin.