O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 87-son farmoniga ko‘ra, 2022-yil iyun oyidan boshlab “Xonadon gigiyenasini baholash” elektron platformasi hamda o‘z gigiyenasini baholashiga qarab hududiy xaritani yaratish ishlari amalga oshirilishi belgilangan edi. Xususan, 2022-yil iyun oyida mamlakatning barcha hududlarida yashovchi aholini keng qamrab olishga qaratilgan dasturiy mahsulotni ishlab chiqish, 2023-yil iyun oyigacha esa uy xo‘jaliklarining o‘zini-o‘zi baholash natijalari asosida respublika hududini sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha xaritalash imkonini beruvchi to‘liq ma’lumotlar bazasini shakllantirish vazifasi belgilangandi.
Biz Farmonning mazkur bandi ijrosi qay darajada ta’minlanganligini tekshirib ko‘rdik.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutining biz bilan telefon orqali muloqot qilgan mas’ullaridan biri ilmiy-tadqiqot institutining 2023-yil birinchi yarim yillik natijalari bo‘yicha hisobotini taqdim qildi. Unga ko‘ra, “aholi o‘z xonadonini sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha mustaqil baholashiga ko‘maklashadigan va ma’lumotlarni to‘plab bera oladigan “Maishiy gigiyena yulduzlari” telegram-bot yaratildi (@honadonstarbot)”.
Biroq, tasvirda ko‘ringanidek, bot ishlamaydi. So‘rovnomada qatnashishning imkoni yo‘q.

Shuningdek, quyidagi tasvirda ko‘rish mumkinki, bot haqidagi ma’lumot (bot biosi) faqat rus tilida joylashtirilgan va uni nomlashda imloviy xatoga (honadon emas, xonadon) yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, hisobotga ko‘ra “Xonadon gigiyenasini baholash” elektron platformasi ishlab chiqildi va u https://oila.etruck.uz domenida joylashtirilgan. Ammo hisobotda ko‘rsatilgan www.oila.etruck.uz manzili ishlamaydi. Platformaga “Xonadon gigiyenasini besh yulduzli mezon asosida baholash” elektron hududiy xaritasi, sifatli suv ta’minoti, xavfsiz sanitariya va gigiyena sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining bilim va ko‘nikmalari darajasini oshirishga qaratilgan 9 ta videodarsdan iborat bo‘lgan onlayn o‘quv kursi, respublikaning 14 ta hududida uy xo‘jaliklarining sifatli ichimlik suvi, xavfsiz kanalizatsiya tizimi bilan taminlanganlik darajasi bo‘yicha ma’lumotlar, maqola, monografiya va boshqa nashrlar, fotogalereyalar joylashtirildi”, deb qayd etilgan.
“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati rahbariga ko‘ra, loyiha ijrochilari bilan bog‘liq o‘zgarishlar sababli loyihada o‘zgarishlar amalga oshgan. Xususan, “Xonadon gigiyenasini baholash” elektron platformasi www.gigiyena.moiti.uz manziliga ko‘chgan.

Biroq veb-saytdagi “Fotogalereya” va “Maqolalar” bo‘limlarida tegishli ma’lumotlar mavjud emas. Videorolik va videomateriallarni ko‘rish soni loyihaning targ‘iboti yuqori darajada bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.
Izoh: izlanishlarimiz davrida loyihaga tegishli sayt ishlab turgan, hozir esa unga kirishning imkoni yo‘q.