Kiberjinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

24-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati huzuridagi Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

“So‘nggi paytlarda Internet axborot tarmog‘idan foydalangan holda bir qator shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarini zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari ro‘y bermoqda” deyiladi Senat taqdim qilgan xabarda.

Shuningdek, kibermakonda shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini maxsus dasturlar yordamida soxtalashtirish (dipfeyk) holatlari ham uchrab turibdi. Sodir etilgan bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda va 165-modda (tovlamachilik) dispozitsiyasi “sharmanda qiladigan uydirmalar” so‘zlari bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, kripto-aktivlarning noqonuniy aylanmasi, xususan noqonuniy mayning faoliyati uchun Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda javobgarlik choralari kuchaytirilishi ko‘zda tutilmoqda. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, ilgariroq saytimizda dipfeykni aniqlash usullari va tadbirkor Alisher Usmonov qiyofasi bilan ishlangan dipfeyk haqida xabarlarni taqdim qilgan edik.