“Wayback Machine” vaqt mashinasidan qanday foydalanamiz?

Tarmoqda mavjud bo’lgan barcha saytlardagi ma’lumotlarni arxivlash va ularni jamoat mulki sifatida ochiq shaklda saqlash boshlanganligiga 20 yildan oshdi. Saytlarning veb-arxivi vaqt bo’ylab sayohat qilish va turli davrlarda saytlarda qanday kontent joylashtirilganligini bilish imkonini beradi. Ushbu ma’lumot nafaqat ish uchun zarur, balki qiziqarli hamdir. Deylik, siz Google yoki Facebook o’z faoliyatining ilk davrlarida qanday ko’rinishga ega bo’lganini bilmoqchisiz. Yoki o’tgan asrda iqtisod, siyosat, sport mavzularida nimalar yozilgan, hayot qanday fotosuratlarda aks ettirilganini o’rganmoqchisiz. Sizga ushbu maqola bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz. Cityhost.ua resursi veb-arxivdan saytlar tarixini aniqlash, maqolalarni yoki mavzularni izlash va loyihaning mohiyatini tushuntirib bergan.

“Wayback Machine”ning tarixi

1990-yillarning oxirida Bryuster Kale va Bryus Jilliatlar veb-saytlarda joylashtirilgan raqamli kontentni saqlab qolish muammosi haqida o’ylay boshladilar. Ilgari veb-resurs egasining domen uchun haq to’lash imkoniyati bo’lmasa yoki shunchaki saytni keyingi qo’llab-quvvatlashdan manfaatdor bo’lmasa, unda joylashtirilgan barcha materiallar shunchaki yo’qolib ketardi. 2001-yilda ular Internetni arxivlash maqsadida “Internet Archive”ni yaratdilar. 2020-yilga kelib saytlarning veb-arxivida 70 petabayt ma’lumot (bir petabaytda 1024 terabayt) jamlangan edi. Hozirda u o’zining maxsus serverlarida 625 milliard veb-sahifalarga ega.

Veb-arxivdan nima maqsadda foydalana olasiz?

Ushbu qiziqarli vosita birinchi navbatda veb-saytlar bilan ishlaydiganlar uchun kerak. Veb-arxiv qidiruv roboti vaqti-vaqti bilan veb-resurs sahifalariga tashrif buyuradi va barcha sayt materiallarini saqlab oladi. “Wayback Machine” tomonidan skanerlangan brauzerlar soni sayt yangilanishlari bilan bevosita bog’liq emas, balki o’z jadvaliga asosan ishlaydi. 

Quyida arxivning foydali jihatlarini keltiramiz. 

1. Domen sotib olayotganda

Domenni ro’yxatdan o’tkazish orqali siz uning yangi yoki ilgari kimdir tomonidan foydalanilganligini bila olmaysiz. Va faqat veb-arxiv uning tarixini tekshirish, unda ilgari biror narsa joylashtirilgan yoki joylashtirilmaganligini ko’rsatish imkoniyatiga ega. Ushbu ma’lumot bir necha sabablarga ko’ra muhimdir. Google eski domenlarni “sevadi” va shu ma’noda ularni targ’ib qilish yangilariga qaraganda osonroq. Agar siz ilgari foydalanilgan veb-manzilga ega bo’lsangiz, unda bu holatdan saytni targ’ib qilish uchun maksimal darajada foydalanish mumkin. Ammo ilgari boshqa egalari bo’lgan bu domenning “qora” tomonlari ham bo’lishi mumkin. Shuning uchun domen qancha vaqt oldin yaratilganligi emas, balki unga aniq nima joylashtirilganligini bilish muhimdir. Ko’pincha veb-texniklar saytni tezroq targ’ib qilish uchun maqsadli ravishda drop-domenlarini (tarixga ega) qidiradilar. Bunday manzilni ro’yxatdan o’tkazishdan oldin esa turli nyuanslar, xususan, saytning tarixi tekshiriladi.

2. Hamkorlik aloqalari uchun

Aloqa profilini ishlab chiqishda linkbilderlar o’z saytlariga havolalarni joylashtirish uchun turli saytlar bilan muzokaralar olib boradilar. Ko’pincha bu havola almashinuvi kabi ishlaydi. Hamkorlik rejalashtirilgan veb-resursning obro’si katta ahamiyatga ega. Buning uchun uning havola profili, organik trafik, domen yoshi va sayt tarixi tekshiriladi. Eng muhimi, bir manzilda ko’plab yillar davomida mavjud bo’lgan eski saytlar bilan hamkorlik qilish qadrlanadi. Bunday donorlarning havolalarini Google sifatli deb qabul qilinadi. Va aksincha, shubhali tarixga ega bo’lgan saytlarga joylashtirilgan havolalar faqat havolada aks etgan profiliga zarar yetkazishi mumkin.

3. O’chirilgan tarkibni topish uchun

Agar kontent saytdan o’chirilgan bo’lsa ham uni veb-arxivdan tiklash imkoniyati bor. Ushbu ehtiyojning sabablari turlicha bo’lishi mumkin – o’z saytida tasodifan o’chib ketgan tarkibni qidirishdan (garchi bunday holatda zaxira nusxalarini yaratish yaxshiroq usul bo’lsa ham) ma’lumotlarning oshkor etilishini tasdiqlash uchun kerak bo’lishi mumkin bo’lgan boshqa saytlardagi maqolalargacha (masalan, yangilik chop etilganligini isbotlashingiz kerak). Shunday qilib, siz nafaqat alohida sahifani, balki butun saytni to’liq tiklashingiz mumkin.

4. ITning rivojlanish tarixini o’rganish uchun

Dasturchilar, veb-dizaynerlar, kopirayterlar, veb-sayt illyustratorlari Internet va individual veb-resurslar qanday o’zgargan va rivojlanganligini tushunishlari kerak. “Wayback Machine” – bu veb-saytlarni mavjud bo’lgan yillar davomida jonli misollar yordamida o’rganish uchun bitmas-tuganmas manba. Bu sizga go’yoki vaqt mashinasida o’tirib, hamma narsani o’z ko’zingiz bilan ko’rish imkonini beradi.

Masalan, veb-arxiv yordamida biz Facebook 2005-yilda talabalar tarmog’i sifatida ko’rilganda qanday ko’rinishda bo’lganini bilib olamiz va uning milliard dollarlik biznesga aylanishda qanday yo’lni bosib o’tganligini tahlil qila olamiz. Shuningdek, yana bir qiziq holat: veb-arxiv 2005-yilgacha facebook.com domenidagi sayt kompaniyalarga xodimlarning telefon ma’lumotnomalarini yaratishda yordam berish uchun AboutFace dasturini sotib olishni taklif qilganligini ham ko’rsatadi. Bunday elektron ma’lumotnomalarning asosiy xususiyati shundaki, unda nafaqat kontaktlar, balki odamlarning fotosuratlari ham bor edi. Ko’rib turganingizdek, ushbu loyihada allaqachon kelajak ijtimoiy tarmoqlarining xususiyatlari ufurib turibdi. 

“Wayback Machine” – sayt arxividan qanday foydalanish kerak?

Veb-arxiv saytidagi qidiruv oynasiga sayt manzilini kiritishingiz kerak va xizmat barcha statistik ma’lumotlarni ko’rsatadi.

Yuqoridagi grafik suratlar soni asosida brauzer faoliyatini ko’rsatadi. 

Quyida ushbu snapshotlar joylashtirilgan taqvim keltirilgan. Ko’k va yashil doiralar bilan belgilangan sanalarda sayt holatini ko’rish mumkin. Ya’ni internet-arxiv aynan shu kunlarda sayt suratlarini saqlagan bo’ladi. Suratlardan birini tanlab, ustiga bossangiz, saytning tegishli versiyasi ochiladi.

Tarixiy verisyadagi barcha menyu havolalari ishlaydi, demak siz saytning barcha bo’limlarini ko’rishingiz mumkin. Bu, masalan, Cityhost.ua saytining 2009-yildagi ko’rinishidir. Domen nomidan tashqari kalit so’zlar orqali ham qidiruvni amalga oshirish mumkin, natijada ana shu kalit so’z bilan targ’ib qilingan saytlar ro’yxati yuklanadi.

Internet arxivining boshqa bo’limlari

Internet-arxiv jamoasi nafaqat veb-saytlarni, balki, o’zlari ta’kidlaganidek, “madaniy asarlar”ni ham raqamli shaklda saqlashga qaror qildi. Bu qimmatli tarkibni o’z ichiga olgan alohida fayllar video, fotosuratlar, matnlar va audiolardir. Veb-arxiv loyihaning faqat bir qismidir. Bundan tashqari, Internet arxiv veb-saytida yana 5 ta bo’lim mavjud:

  1. Matnlar
  2. Video
  3. Audio
  4. Soft
  5. Tasvirlar

Internet-arxivda ko’plab audio kitoblar (asosan ingliz tilida), radio yozuvlar, hujjatli filmlar, gazetalar arxivi, yangiliklar nashrlari, badiiy filmlar, musiqalar, eski dasturlar va o’yinlar mavjud. Misol uchun, biz arxivning “eski sandig’idan” shunday noyob narsalarni topishga muvaffaq bo’ldik:

  1. 1977-yilgi NASA hisoboti (Shattl va Voyager uchirilishi)
  2. 1932–1933-yillardagi Golodomor voqealari guvohlarining hikoyalari
  3. Radio uchun jazz kontserti audio yozuvi
  4. Super Mario 1994 (to’g’ridan-to’g’ri saytda o’ynash mumkin)

Internet arxivida saqlanadigan materiallarning xilma-xilligini ko’rsatish uchun biz ataylab mazmuni tubdan farqli namunalarni tanladik. Internet arxividagi barcha fayllar eski bo’lishi shart emas – hozir arxivlanayotgan ko’plab yangi kontent mavjud va bir kun kelib u tarixiy xazinaga aylanadi.

Hozirda Internet arxiv quyidagilarni o’z ichiga oladi (2022-yil yakuniga ko’ra):

  1. 38 million kitob va matn;
  2. 4 million tasvir;
  3. 790 000 ta dastur;
  4. 14 million audio yozuv (shu jumladan, 240 ming jonli ijro);
  5. 7 million video (shu jumladan, 2 million teledasturlar)

Bu boylik nafaqat IT-mutaxassislariga, balki boshqa har qanday soha xodimlari, xususan, turli soha tahlilchilari, sotsiolog, jurnalist va faktchekerlar uchun ham kerakli ma’lumotlarni topishga yordam beradi. Ushbu fayllarning aksariyati faqat Internet arxivida ochiq bo’lib, loyiha uni raqamli ma’lumotlarning noyob to’plamiga aylantiradi.

Source: https://cityhost.ua/blog/wayback-machine-chto-takoe-veb-arhiv-i-dlya-chego-on-nuzhen.html#History_of_Wayback%20Machine