Bolalarga maktablarda qanday ovqat beriladi?

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko’ra, yangi o’quv yilidan boshlab yurtimizdagi barcha maktablarda boshlang’ich sinf o’quvchilari bepul ovqatlanadi. «Я – UZB» telegram-kanalida boshlang’ich sinflar uchun bepul menyu tasvirlangan post e’lon qilindi. Postda: “Menyuda quritilgan mevalar, mini-kaboblar, kotletlar, tvorogli pudinglar, turli qandolat mahsulotlari va boshqa ko’p narsalar bo’ladi,” − deyilgan. 

HUKM: YOLG’ON

Rasmiy manbalarda maktablarda bepul ovqatlanish taomnomasiga kiruvchi mahsulotlar tarkibi haqida hech qanday ma’lumot yo’q. O’zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham bunday ma’lumotni e´lon qilmagan.Eslatib o’tamiz, 2022-yil fevral oyidan boshlab Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi boshlang’ich sinf o’quvchilari Davlat byudjeti hisobidan bepul ovqatlana boshlagan.

2023-yil fevral oyida Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog’liqni saqlash masalalari qo’mitasi ishchi guruhi Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi 10 ta maktab misolida boshlang’ich sinf o’quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimini o’rganish maqsadida joylarda borib o’rgandi. 

Tashrif davomida senator Manzura Salimova umumta’lim maktablarga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tekshirdi.

Xulosaga ko´ra, yetkazib berilayotgan mahsulotlar tarkibi va sifatini nazorat qiluvchi maxsus komissiyaning vazifalari belgilanmagani aniqlandi. Mahsulot sifatini nazorat qilish jurnali yuritilmaydi. Qabul qilingan mahsulotning qadoqlarida ishlab chiqarish sanalari ko’rsatilmagan. Senator bepul oziq-ovqatning tarkibi va taomnoma haqida gapirmadilar.

“Kelgusi o’quv yilidan boshlab ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion so’m ajratiladi. Bu jarayonlarni shaffof tizim asosida tashkil etish, farzandlarimizni sog’lom va sifatli ovqat bilan ta’minlashga Xalq ta’limi vaziri mas’ul va javobgar bo’ladi”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va O’zbekiston xalqiga murojaatnomasida. 

Gazeta.uz hisob-kitoblariga ko’ra, prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi va’dalarida asosan 1-4-sinf o’quvchilari uchun bepul tushlik yiliga 1,74 trillion so’mni (Markaziy bankning 2022-yil 23-sentabrdagi kursi bo’yicha 163,8 million dollar) tashkil qilishi mumkin. Bu hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir o’quvchi uchun oziq-ovqat narxi yiliga 713,2 ming so’mni tashkil etadi. 2023-2024 o’quv yilida 168 kun borligini hisobga olsak, bir o‘quvchining bir kunlik to‘lovi o‘rtacha 42 ming so‘mni tashkil qilishi mumkin.