VisuCaps dorilari ko’rish qobiliyatini 100 foiz tiklay oladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda ko’rishni har qanday yoshda 100 foizgacha tiklay oladigan yangi dori vositasi – VisuCaps ixtiro qilingani va uni o’zbekistonlik Baxtiyor Karimov ismli talaba 2022 yilgi Butujahon oftalmologlar Kongressida tavsiya qilgani haqidagi maqola keng tarqalmoqda. Biz buning qanchalik haqiqat ekanini tekshirib ko’rdik.

HUKM: FEYK

Maqolada keltirilgan «Har qanday yoshda 100 foiz ko’rishni tiklash mumkin» sarlavhasi bilan O’zbekiston 24 telekanalidan olingan tasvirni tekshirib ko’rdik. Tasvir 2020-yilning 28-sentabr kuni Gazeta.uz da e’lon qilingan vaksina haqidagi maqoladan keltirilgan. Unda Sanitariya, epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo’mitasi raisi Bahodir Yusupalievning vaksinalarga oid bergan ma’lumotlari keltirilgan edi. Maqolada va unga asos bo’lgan efir vaqtida VisuCaps dori vositasi haqida yoki ko’rish qobiliyatini tiklash mavzusida hech qanday ma’lumot berilmagan.  

Maqolada keltirilgan Baxtiyor Karimovning fotosurati aslida Volga ilmiy-tadqiqot tibbiyot universiteti talabalar kengashida xorijlik talabalar sektorining sobiq prezidenti Nusratillo Sotvoldievga tegishli. 

U 2021-yilning iyun oyida Rossiyada oliy ta’lim olish va pandemiya davridagi vaksinalanish haqida Plov.press nashriga intervyu bergan.

VisuCapsning YouTubeda e’lon qilingan videosi ostida dori haqida ma’lumot deya https://lise.pro/visucaps saytiga link berilgan. Sayt dorini sotishga ixtisoslashgan bo’lib, mutaxassis sifatida Sergey Astaxov xulosasi keltirilgan. Xulosada, dorining 1 kursini qabul qilgandan keyin 99 foiz holatda ko’z nuri tiklanadi, deyilgan.

Keltirilgan surat asosidagi qidiruv ushbu foto va sertifikat boshqa yana ko’plab dori vositalarini reklama qilishda foydanilganini ko’rsatdi. Ushbu reklamalarda Optofrin, Diotik, Oftalgon kabi ko’plab mahsulotlar ayni mutaxassis xulosasi bilan targ’ib qilingan.

Biz mutaxassis deb keltirilgan Sergey Astaxov ismini izladik. U darhaqiqat Akademik I.P. Pavlov nomidagi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti oftalmologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor ekan.

Ammo uning fotosurati dorilarga fikr bildirgan shaxs fotosuratidan faqrlanadi.  

VisuCaps reklamasida uning qayerda va qachon ishlab chiqarilgani haqida ma’lumot yo’q. Ammo reklama saytida ishlab chiqaruvchi deya OOO “TOP PHARM SERVICE” farmasevtik kompaniyasi va uning manzili keltirilgan. Biz ushbu farm kompaniya saytidan VisuCaps preparatini izladik, natija saytda bunday dori vositasi yo’qligini ko’rsatdi. 

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti saytidan va O’zbekistonga 2023-yilda import qilingan dorilar ro’yxatidan ham bu preparat nomi yo’q. Ushbu saytlarda tekshiruvdan o’tgan, sertifikatga ega bo’lgan dori vositalari nomlari keltiriladi.

Har qanday dori vositasiga onlayn buyurtma berishdan oldin uning sertifikatlanganligi, ro’yxatdan o’tganini, tarkibi, qayerda va qachon hamda kim tomonidan ishlab chiqarilgani, yaroqlilik muddatiga diqqat qiling.