O‘zbekistonda o‘zbek tilini bilmaganlik uchun davlat xizmatlarini taqdim etishni rad etishadimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilini bilmaslik uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish taklif qilinayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Shunga o‘xshash postlar “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirovning bayonotidan so‘ng chop etila boshlandi. U Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning “biz do‘st davlatlar bilan ishlashimiz, u yerda rus tilini o‘rganishlari uchun sharoit yaratishimiz kerak”, — degan so‘zlariga javob berishga qaror qildi.

“Biz hozir barcha ishni qilib bo‘ldik, deb ayta olmaymiz. Yo‘q, ko‘p muammolar bu yerga ishlash uchun kelgan inson  o‘z davlati hududida til o‘rganmaganligi, urf-odat va madaniyatimizga muayyan munosabatda bo‘lgani uchun yuzaga kelmoqda. Buning oldini olishimiz kerak”, — deya keltirmoqda OAV Volodinning so‘zlarini.

HUKM: MANIPULYATSIYA

“So‘zsiz, Rossiyaga ishga borayotganlar rus tilini bilishlari shart, lekin bu O‘zbekistonda yashayotgan ruslarni o‘zbek tilini bilishlari shart emas degani emas! O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatli vatandoshlar o‘zbek tilini bilishlari shart.

Qonunlarimizda bosqichma bosqich bog‘cha va boshlang‘ich ta’limda boshqa millatli vatandoshlarga o‘z ona tili va qadriyatlarini o‘rganishiga sharoit yaratish bilan bir qatorda, o‘zbek tili majburiy o‘rganadigan til sifatida belgilanishi kerak. O‘zbek tilini bilmaydigan inson nafaqat davlat xizmatida ishlashi, balki davlat xizmatlaridan foydalanishi ham mumkin bo‘lmay qolishiga erishishimiz kerak”, — deb yozadi Alisher Qodirov.

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vitse-spikeri o‘zbek tilini rivojlantirish tarafdori bo‘layotgani birinchi marta emas.

Biroq davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash taklifi mamlakat Konstitutsiyasiga ziddir. Asosiy Qonunning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida teng ekanligi belgilangan.
Bundan tashqari, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmatiga kirishda teng huquqliligi haqida soʻz boradi. Shu bilan birga, 28-moddada davlat tilini bilish haqida ham gap bor. Lekin, na qonunda, na Konstitutsiyada Alisher Qodirov tomonidan aytilgan taqiqlar mavjud emas.