Toshkentda daraxtlar noqonuniy ko‘chirildimi?

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi sobiq Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) binosi hududida joylashgan eman daraxtlari kesib, yashirincha olib ketilayotgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu video jamoatchilikda keskin e’tirozlar uyg‘otdi (1, 2).

Toshkentda daraxtlar noqonuniy ko‘chirildimi?

Videodan skreenshot

Videodagi holatga ijtimoiy faollar va O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham tanqidiy munosabat bildirdi. Factchecknet.uz aslida nima ro‘y bergani o‘rganib, rasmiy tashkilotlar, ishtirokchi kompaniya va tarmoq faollari pozitsiyasini bir maqolada jamladi. 

HUKM: ROST

Toshkentda daraxtlar noqonuniy ko‘chirildimi?

Surat: @ekologuz telegram-kanalidan

Dastlab Toshkent shahri Yunusobod tumani Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi o‘rnida mehmonxona qurilayotgani va qurilish maydonida ko‘p yillik daraxtlar kesilib, o‘ralgan holda olib chiqib ketilayotganligi haqida xabar tarqaldi.

Toshkentda daraxtlar noqonuniy ko‘chirildimi?

Shundan so‘ng Ekologik partiya Bosh prokuratura hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul davlat tashkilotlaridan zudlik bilan ushbu holatga chora ko‘rilishini so‘rab murojaat e’lon qildi:

“Iqlim o‘zgarishini yumshatishning eng muhim aspekti — daraxtlarning ko‘p bo‘lishi. Shundoq ham poytaxtimizda sanoqli qolgan daraxtlarimizni asrash  bo‘yicha moratoriyga va ekofaollarimiz bong urishiga qaramasdan hali hamon daraxtkushlar to‘xtamayapti”, — deyiladi partiya munosabatida.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, Toshkent shahri Ekologiya boshqarmasi sobiq MXX binosi oldidagi 26 tup eman daraxti kesilmayotganini, aksincha boshqa hududga belgilangan tartibda ko‘chirib o‘tqazilayotganini ma’lum qildi. Ushbu daraxtlar keyingi 3 yil davomida doimiy parvarish ostida bo‘ladi, deya ta’kidlaydi boshqarma. Ekologiya boshqarmasi Telegram sahifasida jarayonga mas’ul Muna Mag korxonasi rahbari Farrux Hakimov so‘zlarini keltiradi:

“Ayni damda 14 ta eman daraxti ko‘chirib o‘tqazildi. Qolgan 12 ta daraxtni ham ko‘chirish jarayoni ketmoqda. Bunda barcha agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda, daraxtlar yashab ketishi uchun zarur o‘g‘itlar, ozuqa moddalari bilan ta’minlanmoqda”.

Uning ta’kidlashicha, boshqa hududga ko‘chirilgan daraxtlar to‘liq yashab ketadi, buning uchun barcha zarur chora-tadbirlar olib boriladi. Ko‘chirilayotgan daraxtlar Toshkent viloyatidagi bog‘ uchun mo‘ljallangan hududga o‘tqazilishi ma’lum qilingan. 

Emanlarni ko‘chirishdan oldin rasmiy tashkilotlar ogohlantirilganmi? Darxtlarni ko‘chirib o‘tqazish qay tartibda amalga oshiriladi?

Toshkentda daraxtlar noqonuniy ko‘chirildimi?

Surat: @ekologuz telegram-kanalidan

“Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar mahkamasining qaroriga ko‘ra, daraxtlarni ko‘chirish quyidagi tartibda amalga oshirilishi shart:

Daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish ishlari Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirokida yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari yoki ijarachilari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

  • tegishli yuridik va jismoniy shaxslar Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari, yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari yoki ijarachilariga, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslarga daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazishdan kamida uch kun oldin unda ishtirok etuvchi vakillar ishtirokini ta’minlash yuzasidan yozma ravishda xabar beradi;
  • yozma xabarnomani olgan manfaatdor shaxslar daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish ishlarida o‘z vakillari ishtirokini ta’minlaydi;
  • ko‘chirib o‘tkazish sanasi, joyi (manzil va joyining konturlari) daraxtlar va butalar soni, turi, ko‘chirib o‘tkazishning sababi, ushbu jarayonda ishtirok etgan shaxslar to‘g‘risidagi (F.I.O., tashkilot nomi) ma’lumotlar ko‘rsatilgan hamda foto materiallar ilova qilingan holda bir nusxada dalolatnoma tuziladi va ishtirok etuvchilar tomonidan imzolanadi.
  • Daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish ishlarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, jamoatchilik ekologik nazoratining inspektorlari hamda boshqa shaxslar ishtirok etishi mumkin.

Ekologiya boshqarmasi o‘z munosabatida daraxtlarning kesilgani haqidagi xabarlarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, holat Ekologiya vazirligi ishchi guruhi tomonidan oʻrganilganini keltirgan.

Haqiqatan ham daraxtlarning ko‘chirilishi yuqoridagi normalarga amal qilingan holda o‘tkazilganmi, Ekologiya vazirligi jarayon haqida oldindan xabardor edimi?

Shu masalada savollarimizga javob olish uchun Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi Axborot xizmati bilan bog‘landik. Axborot xizmati vakili bizga quyidagilarni ma’lum qildi: 

“Bizga avvalroq tashkilot (Metropol Group tah.) daraxtlarni kesish uchun ruxsat so‘rab murajaat qilgan. Ularning daraxtlarni kesish uchun yuborgan murojaati rad etilib, daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish uchun tavsiya berilgan. Pudratchi tashkilot tomonidan (tah.) daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilish oldi Toshkent shahar ekologiya boshqarmasining Yunusobod tumanidagi inspektorlari ogohlantirib qo‘yilgan. Biz ularga daraxtlarni barcha agrotexnik tadbirlarga amal qilgan holda, shikastlantirmasdan ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha talab va tavsiyalar berganmiz, shundan so‘ng ko‘chirish ishlari boshlangan”.

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi axborot xizmatidan «Metropol Group» tomonidan haqiqatdan ham murojaat boʻlgani va ruxsatnoma berilganini isbotlovchi hujjatlarning nusxasini soʻradik. Ammo murojaat xatlari taqdim etilmasligini maʼlum qilishdi. 

Keyinchalik Kun.uz nashri e’lon qilgan maqolada Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Tursunpoʻlat Egamov emanlarning koʻchirilish tadbiriga qarshi ekanligi aytilgan. Nashr jurnalistining kompaniya, yaʼni «Metropol Group» mutasaddi tashkilot ruxsatini olmasdan ko‘chirishni boshlaganmi, degan savoliga, Egamov «Ha» deb javob bergan. Avvalroq esa Ekologiya boshqarmasi o‘rganishdan so‘ng e’lon qilgan video va axborot xizmati xodimlari bergan javobda ko‘chilish ishlari tartibga binoan, ruxsatlar olingan holda amalga oshirilgani aytilmoqda edi.

«Эффект Макаренко» telegram-kanalida eʼlon qilingan videoga koʻra, koʻchirilgan eman daraxtlarini tasvirga olmoqchi boʻlgan fotosuratchi Kamil Yenikeyevga qarshilik koʻrsatilgan. Daraxtlar koʻchirilishiga masʼul «Muna Mag» korxonasi rahbari Farrux Hakimov voqea joyida fotosuratchiga bosim oʻtkazgan va ustiga energetik ichimlikni to‘kib yuborgan. Bu esa jamoatchilik tomonidan ko‘chirish ishlari va keyingi parvarish jarayoniga haqli eʼtirozlarni uyg‘otdi. 

Voqea yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Jahongir Azimov shaxsiy sahifasida o‘z pozitsiyani eʼlon qildi:

«Kamil Yenikeyev o‘z harakati bilan jamoat manfaatini, daraxtlarni himoya qiladi. Bundan tashqari, maʼum bo‘lishicha, Ekologiya vazirligi sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlarni kesishga ham, ko‘chat ekishga ham ruxsat bermagan».

Daraxtlarni noqonuniy kesish va ko‘chirish uchun qanday javobgarlik bor?

Ma’lumot uchun, MJKning 79-moddasiga ko‘ra, daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunning 49(1)-moddasiga ko‘ra, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini gʻayriqonuniy ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan huquqbuzarlar har bir daraxt va buta o‘rniga o‘sha joyda qimmatbaholigi jihatidan kam bo‘lmagan 100 tup daraxt va buta ko‘chatini ekishi belgilangan. Bu Respublika Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi organlarining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi va huquqbuzar daraxtlarni oʻz hisobidan ekib, 3 yil davomida parvarish qiladi. Agar ushbu joyda daraxt va buta ko‘chatlarini ekish uchun yer maydoni yetarli boʻlmasa, daraxt va buta koʻchatlarining qolgan qismi tegishli maʼmuriy-hududiy birlikdagi boshqa joyga ekiladi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2023-yilda Daraxtlar kesilishiga e’lon qilingan moratoriy ijrosini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan nazorat tadbirlari davomida 4 190 ta noqonuniy daraxt kesish holati aniqlangan. 

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosini 2021-yil iyun oyida ta’sischisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sobiq rahbarining o‘g‘li bo‘lgan Doniyor Kamilovga tegishli Metropol Group kompaniyasi 210 milliard so‘mga xususiylashtirgan edi. Bino o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan “Radisson” mehmonxona majmuasi loyihasi 100 million dollarga baholangan. Bu O‘zbekistonning 2024-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarorida qayd etilgan.