Andijon viloyatining Xonobod shahrida iyul oyida “Dunyo sadolari – 2024” festivali tashkil qilinadi. Viloyat hokimligining Telegram’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilingan videolavhada Modern Talking, Asher, Pitbull, Inna, Kamelia, Seeya, Era Istrefi, Sean Paul, Eminem, 50 cent, Tarkan, Nancy Ajram, Mustafa Sandal, Arash singari dunyoning top darajadagi xonanda va repperlari hamda Bollywood kino yulduz Shah Rukh Khanning O‘zbekistonga tashrif buyurishi ma’lum qilindi.

Tarmoqlarda tarqalayotgan roʻyxat
Hokimlik tomonidan taqdim etildi deya da’vo qilinayotgan ro‘yxatda vafot etgan san’atkorlarning ismlarini ham ko‘rish mumkin.
Factchecknet.uz ushbu xabarlar qanchalik asosliligini o‘rgandi.
HUKM: QISMAN ROST
Aholi orasida katta muhokamaga sabab boʻlgan xabarlar yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslim Ibrohimov quyidagicha munosabat bildirdi:
“Andijonda “Dunyo sadolari” xalqaro estarada sanʼati festivali 2024-yilda ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Festivalning oʻz doirasi va miqyosiga mos shaklda jahon yulduzlari ishtiroki ham koʻzda tutiladi. Festival tadbirlariga taklif etilishi mumkin boʻlgan, gala konsertda uchratish ehtimoli boʻlgan sanʼatkorlar haqida matbuot xizmati tomonidan videolavha havola etildi.
Festivalga ushbu videodagi xonandalardan:
- Inna
- Arash
- Jony
taklif qilindi. Bundan tashqari, oʻzbek estaradasining elimiz suygan yorqin yulduzlari festivalga tashrif buyurishlari kutilmoqda”.
Shuningdek, rasmiy munosabatda ijtimoiy tarmoqlarda joylangan xonandalar haqidagi matnli ro‘yxat, kelishuv mablag‘lari, marhum sanʼatkorlar haqidagi xabarlar hokimlik tomonidan tasdiqlangan yoki hokimlik taqdim etgan maʼlumotlar emasligi taʼkidlangan.
Tarmoqlarda tarqalgan, ukarinalik xonanda Iosif Kabzon, amerikalik qo‘shiqchi va raqqos Maykl Jekson, amerikalik qo‘shiqchi va aktyor Elvis Presley va 2Pac nomlari keltirilgan ro‘yxatning hokimlik keltirgan ismlar roʻyxatiga aloqador emas.
Barchaga ma’lumki, Iosif Davidovich Kabzon bundan 6 yil oldin, ya’ni 2018-yilning 30-avgust kuni Rossiyaning Moskva shahrida 80 yoshida vafot etgan.
Amerikaning afsonaviy qo‘shiqchisi hamda raqqosi Maykl Jekson esa 2009-yilda AQShning Kaliforniya shtatida ortiqcha dori iste’mol qilishi ortidan 51 yoshida vafot etgan.
“Rock and Roll”ning “qiroli” hisoblangan Elvis Presley ham bundan 47 yil oldin, 1977-yilda 42 yoshida yillar davomidagi psixotrop dori vositalarining iste’moli hamda nosog‘lom ovqatlanish tartibi oqibatida vafot etgan.
Amerikaning yana bir mashhur repperi, 2Pac hamda Makaveli nomlari bilan sahnada ijod qilgan Tupac Amaru Shakur 1996-yilda 25 yoshida oʻldirib ketilgan.
Ushbu xabar nafaqat aholi balki jurnalist va blogerlar o‘rtasida ham keskin bahslarga sabab bo‘ldi.
Jurnalist Ilyos Safarov o‘zining Facebook’dagi rasmiy sahifasida “Andijon viloyati hokimligiga ularning ro‘yxatida o‘lib ketganlar ham borligini kimdir aytar, a?” – deya yozib qoldirgan.
Telegram’dagi Troll.uz nashri muallifi Umid Gafurov esa quyidagicha izoh qoldirdi: “Ba’zi telegram kanallardagi yangiliklarni o‘qib, mazza qilamanda. O‘lib ketgan insonlar ham O‘zbekistonga kelib, qo‘shiq aytib ketar ekan. Lekin xilma-xillikka gap yo‘q. Iosif Kabzon va 2Pac. Kontrastni qara. Aytgancha, ikkalasi ham tirik emas”.
Shu bilan birga, ba’zi rasmiy saytlar tomonidan goʻyoki tashrifi kutilayotgan xonanda Marshall Bruce Mathers III – Eminemning to‘laqonli konserti 14 million dollarga, 50 cent’ning gonorari esa 800 ming dollar, Pitbullniki 500 ming dollar, turkiyalik xonanda Mustafa Sandalning gonorari esa 290 ming dollarga baholanayotganligi, jami sarflanadigan mablag‘ esa 22 million dollardan oshishi haqida taxminiy hisob-kitoblar keltirib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati hokimligining ro‘yxatiga kiritilgan san’atkorlarning hozirgi kundagi o‘rtacha gonorari quyidagicha:
Jony ( 33 600$ – 426 mln 455 ming soʻm)
Inna ( 21 600$ – 273 mln 468 ming soʻm)
Arash ( 27 005$ – 341 mln 835 ming soʻm)
Ushbu narxlar tadbir oʻtkaziladigan davlatlar va tadbirlarning turiga qarab oʻzgarishi mumkin.