Telegram kanallarida AQShda o‘nlab onalar Johnson & Johnson kompaniyasini o‘z mahsulotlari bilan tuxumdon saratonini keltirib chiqarganlikda ayblayotgani haqida xabar tarqalmoqda.
“Kompaniya jabrlanganlarga deyarli 2 milliard dollar tovon puli to‘lab bo‘ldi”, — deyiladi bayonotda.
HUKM: ROST
Missuri shtatidagi hakamlar hay’ati Johnson & Johnson kompaniyasining eng mashhur mahsulotlaridan biri bo‘lgan Johnson’s Baby Powder’dan foydalanish tuxumdon saratonini keltirib chiqarganini aytgan ayollarning sud da’vosida 4,7 milliard dollar to‘lashni buyurdi.
Ayni paytda sudga da’vo qilingan 22 nafar ayoldan olti nafari vafot etgan. Ularning oilalariga tovon puli beriladi.
Sudda da’vogarlar kukun saraton kasalligini keltirib chiqargan, chunki mahsulotning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan talk tarkibida inson salomatligi uchun xavfli deb e’tirof etilgan asbest unsurlari borligini ta’kidladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, asbest, jumladan, o‘pka, halqum va tuxumdonlar saratoniga sabab bo‘ladi. Bugungi kunda u dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlarida taqiqlangan.Da’vogarlarning advokati Mark Leniyerning aytishicha, Johnson & Johnson Johnson’s Baby Powder tarkibidagi kanserogenlar haqida bilishgan, ammo bu haqda mijozlarni ogohlantirmagan. Leniyerning aytishicha, kompaniya 40 yil davomida ba’zi talk mahsulotlari tarkibida asbest borligini yashirgan.