“Hovliga shlang bilan suv sepmang va mashinangizni yuvmang: hozir Toshkent mahallalarida dron uchib, 3mln 400 minggacha jarimaga tortmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar bunday dronni uyi tepasida allaqachon ko‘rganliklarini aytishmoqda. Dron uchadi, kun davomida hovlilar sug‘orilganmi yoki yo‘qmi, mashinalar ichimlik suvi bilan yuviladimi, kimda basseyn bor va hokazolarni tekshiradi”, mazmundagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Factchecknet.uz xabarni tekshirdi.
HUKM: YOLG‘ON
Biz bilan telefon orqali gaplashgan “O‘zSuvTa’minot” axborot xizmati rahbari Akmal Murodovga ko‘ra, AJ bazasida dronlar mavjud emas. Aholi Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tadbirlari doirasida uchirilgan dronlarni ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Mas’ul iste’molchilarni bu kabi xabarlarga ishonmaslikka, xabarlarni rasmiy resurslar orqali tekshirishga (https://t.me/uzsuv) chaqirdi.
“Huquqiy axborot” resursiga ko‘ra, suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, suvto‘plagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish, shuningdek, suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzish fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 20 mingdan 1 mln 700 ming so‘mgacha); mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 700 mingdan 3 mln 400 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Akmal Murodovga ko‘ra, 2023-yil may oyidan boshlab ichimlik suviga noqonuniy ulanish o‘g‘rilik deb baholanadigan bo‘ldi va jazo choralari kuchaytirildi.