2023-yil 15-avgustdagi Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi yanada takomillashtirish maqsadi ko‘zlangan edi. 278-sonli ushbu qarorga asosan, boshqaruv organlari bilan mulkdorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda uylarning texnik holatini va to‘lov intizomini nazorat qilish imkonini beruvchi elektron platforma yaratish belgilangan edi.
Factchecknet.uz uning ijrosini o‘rgandi.
HUKM: BAJARILMAGAN
Reyestrda loyihani yakunlash sanasi 2024-yil 1-aprel deb belgilangan.
Biz telefon orqali Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan mas’ul Babur Bayzakov bilan muloqotda bo‘ldik. Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarning texnik pasportlari, ta’mirlangan qismlari, geolokatsiya koordinatalari, muhandislik tarmoqlari, kommunikatsiyalarining holati boshqa ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oluvchi “Turar joy” milliy axborot idoralararo elektron tizimi ishlab chiqilgan.
Platforma tomonidan uylarning texnik holati bo‘yicha kapital tamirtalab uylar qizil toifa, ta’mirtalab uylar sariq toifa va yaxshi holatdagilari yashil toifalarga ajratildi.
“Mazkur platforma orqali ma’lumotlar ochiqligi ta’minlanib, foydalanuvchilar o‘z uylari yoki boshqa uylar to‘g‘risidagi barcha umumiy ma’lumotlarni ko‘rish imkoniyati yaratiladi”, – deydi mas’ul.
Biroq, ma’lum bo‘lishicha, loyiha hozirda test rejimida ichki foydalanish uchungina ishga tushirilgan va umumfoydalanish uchun ochiq emas. Bu loyiha ijrosi bajarilmadi deyish uchun asos bo‘ladi.