“Tashabbusli budjet” loyihasi va unga bog‘liq muammoli keyslarni yoritishda davom etamiz. Bu gal factchecknet.uz tahririyati Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida yuzaga kelgan vaziyatni o‘rgandi.
“Mening yo‘lim” dasturining 2023-yil 1-mavsumida Nishon tumanidan ikki tashabbus g‘olib deb topildi. Ulardan biri tumandagi “Paxtazor” MFY tomonidan ilgari surilgan va Amir Temur nomli ko‘chani ta’mirlashni nazarda tutadi.

Tashabbus ijrosi uchun 875 million so‘m miqdordagi pul mablag‘lari tasdiqlangan.

Openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri
Yuqoridagi ekran tasvirida ko‘ringanidek, tashabbus uchun 9,2 mingdan ortiq ovoz to‘plangan. Tashabbuskor Nurbek Boymurodov loyiha ijrosini “qizil” sifatida baholab, buni quyidagicha izohlagan:
“Amalda ishlar yaxshi bo‘lgan, lekin loyiha smetasini qayta ko‘rib chiqadigan tashkilot yo‘qmi? O‘zlari xohlagandek pudratchi bilan kelishib olib, ish bajarilishidan oldin pul tushirib olib, hakamlik sudi orqali davlat puli talon-toroj qilingan”.

Openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri
Nishon tumanida bo‘lib, asfalt qilingan yo‘llar bilan tanishdik va tashabbuskor bilan suhbatlashdik. Yo‘llar sifatini vizual jihatdan kuzatganda, yotqizilgan asfaltda nuqsonlar ko‘zga tashlanmaydi.

Yangi ta’mirlangan yo‘lning bir qismi
Muammo pudratchi tashkilotni belgilash bilan bog‘liq qismda boshlanadi. Tashabbus uchun buyurtmachi tashkilot sifatida tuman obodonlashtirish boshqarmasi biriktirilgan. Sayt ma’lumotlariga ko‘ra, tashabbus 600 million so‘mga moliyalashtirilgan va 275 million so‘m qoldiq summa sifatida rasmiylashtirilgan.

Openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri
Saytda tashabbus uchun loyihachi ma’lumotlari va smeta hujjatlari joylashtirilmagan. Pudartchi sifatida “Sardor montaj qurilish servis” XK tanlangan. Biroq ushbu jarayonda davlat xaridlari bilan bog‘liq qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, ya’ni tender o‘tkazilmagan.

Openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri
“Tashabbusli budjet” va tender jarayonlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-117-sonli qarori 2-bandiga ko‘ra, loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida inson omilisiz o‘tkaziladigan elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanishi belgilangan.
Tashabbuskor so‘zlariga ko‘ra, “Sardor montaj qurilish servis” XK to‘lovlarni 2023-yilning 11-avgust sanasida ishlar hali boshlanmay turib, Hakamlik sudi qaroriga asosan “kredit qarzdorlik summasi” sifatida undirib olgan.

Openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri
Loyihaning boshlanish va yakunlanish muddatlarini mustaqil tarzda aniqlashning iloji yo‘q, chunki qoidaga ko‘ra, yuklanishi kerak bo‘lgan loyiha-smeta hujjatlari ham, tender ma’lumotlarini izlab topishga imkon beruvchi lot raqamlari ham saytga joylanmagan.
Tashabbuskorning so‘zlariga ko‘ra, tumanda g‘olib deb topilgan ikkinchi tashabbus bilan ham shunga o‘xshash ssenariy qaytarilgan: “Ko‘ksoy” MFY tasarrufidagi Xitoy ko‘chasini ta’mirlash ko‘zda tutilgan loyiha 1,5 milliard so‘mga moliyalashtirilgan. Bu loyiha uchun tender o‘tkazilmagan va pudratchilik roli “Qarshi arx proekt qurilish” XK ga berib yuborilgan. Korxona 1,5 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni xuddi yuqoridagi tarzda Hakamlik sudi qaroriga asosan “kredit qarzdorlik summasi” sifatida undirib olgan.

Openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri
Har ikkala loyihaning pudratchi tashkilotlari STIR raqamini registr.stat.uz veb-saytidan izlash qiziq natijalar berdi. “Paxtazor” MFYdagi yo‘l qurilishiga mas’ul bo‘lgan “Sardor montaj qurilish servis” XK “turar joy binolarini qurish” faoliyat turi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan.

registr.stat.uz dan ekran tasviri
Ikkinchi, “Ko‘ksoy” MFYdagi yo‘lni ta’mirlash uchun 1,5 mlrd so‘mga egalik qilgan “Qarshi arx proekt qurilish” korxonasi “yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar qurish” faoliyat turi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

registr.stat.uz dan ekran tasviri
E’tiborli jihati shundaki, “Qarshi arx proekt qurilish” XK 2023-yilning may oyi boshida ro‘yxatdan o‘tgan va oradan 3 oy vaqt o‘tib, o‘z faoliyat yo‘nalishiga aloqador bo‘lmagan buyurtmani bajarish uchun hech qanday tendersiz 1,5 milliard so‘mni o‘zlashtirgan.
Tashabbuskor Nurbek Boymurodov holat yuzasidan bir qancha davlat idoralariga shikoyat bilan murojaat qilganini, lekin ishlar “yopdi-yopdi” qilib kelinayotganini aytdi. Shuningdek, tashabbuskorga ko‘ra, yuqoridagi ikki kompaniya rahbarlari bir-biriga aloqador shaxslar va har ikkala tashabbusga tegishli ishlar “Sardor qurilish montaj servis” tomonidan amalga oshirilgan. Bizda bu ma’lumotning qay darajada aniq ekanligini tekshirish imkoni yo‘q. Ammo ushbu holatning tekshirilishiga bevosita mas’ul bo‘lgan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Bosh prokuratura va Oliy sudga quyidagi savollar bilan murojaat qilamiz.
- Nega Nishon tumaniga taalluqli “Mening yo‘lim” dasturi bilan bog‘liq ikki loyiha pudratchilari tendersiz tanlandi?
- Nega pudratchi tashkilotlarga mablag‘lar kredit qarzdorligi shaklida rasmiylashtirilib to‘lab berildi?
- Nega ochilganidan 3 oy o‘tib yo‘l qurilishiga aloqador bo‘lmagan korxonaga 1,5 milliard so‘mlik davlat buyurtmasi topshirildi?
“Tashabbusli budjet”da bu kabi holatlar davlat xaridlari bilan bog‘liq qonunchilikning buzilishi hisoblanadi. Tegishli idoralardan mazkur mavzuni o‘rganishni so‘rab qolamiz.