Shakarning bolalarning xulq-atvoriga ta’siri – bolalar salomatligi va ovqatlanishi sohasidagi qiziqarli mavzu. Ushbu mavzuning eng ko‘p muhokama qilinadigan jihatlaridan biri bu bolalarda shakarni iste’mol qilish va giperfaollik o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikdir. Keling, ushbu farazning kelib chiqishini tushunish uchun ilmiy tadqiqotlarga murojaat qilaylik.
Bolalardagi shakar va giperfaollik o‘rtasidagi bog‘liqlik 70-yillarda jamoatchilik ongida shakllana boshladi. 1973-yilda allergolog Benjamin Fayngold bolalardagi giperfaollik sun’iy oziq-ovqat bo‘yoqlari, qo‘shimchalar, konservantlar va salitsilatlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shakar “aybdorlar” ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa-da, ko‘plab ota-onalar uni giperfaollik bilan noto‘g‘ri bog‘lashdi, chunki shakar ko‘p bo‘lgan mahsulotlar ko‘pincha boshqa qo‘shimchalarni ham o‘z ichiga oladi.
Shakarning bolalar xulq-atvoriga ta’siri haqidagi nazariyani sinab ko‘rish uchun olimlar bir qator tadqiqotlar o‘tkazdilar. Eng keng qamrovli tahlil 1995-yilda ko‘plab individual tadqiqotlar natijalarini jamlagan meta-tahlil shaklida amalga oshirildi.
Tadqiqot ikki asosiy usulda olib borildi:
• bolalarga saxaroza yoki sun’iy shirinlantiruvchi berildi va ularning xatti-harakatlari kuzatildi. Shuni ta’kidlash kerakki, aniq nima berilganligini na bolalar, na ularning ota-onalari bilmagan.
• shakarning “diqqat yetishmasligi va giperfaollik” sindromi (DYeGS) yoki boshqa buzilishlar tashxisi qo‘yilgan bolalarga ta’siri o‘rganilgan.
Meta-tahlil natijalari aniq bo‘ldi: shakar bolalarning xatti-harakati yoki kognitiv faoliyatiga ta’sir qilishi haqida hech qanday dalil topilmadi.
Qizig‘i shundaki, bir tadqiqot kutilmagan omilni topdi: ota-onalarning kutishlari. Tajribada onalarga farzandlari shakarli ichimlik yoki sun’iy shirinlantiruvchi qo‘shilgan ichimlik ichishlari aytilgan. Farzandlari shakar iste’mol qildi deb o‘ylagan onalar, hatto shakar iste’mol qilmasa ham, bolalarining xatti-harakatlarini giperfaol deb baholagan.
Bundan tashqari, tadqiqotchilar farzandlarining shakar iste’mol qilganiga ishongan onalar farzandlarining xatti-harakatlariga ko‘proq tanqidiy munosabatda bo‘lishlarini payqashdi. Shunday qilib, shakar bolalarning emas, balki onalarining xatti-harakatlarini o‘zgartirdi.
Ilmiy tadqiqotlar shakar bolalarda giperfaollikni keltirib chiqaradi degan mashhur fikrni isbotlamadi. Buning o‘rniga, ular ota-onalarning kutishlariga, ularning farzandlari xatti-harakati haqidagi tasavvurlariga kuchli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Ammo shuni yodda tutish kerakki, shakarni ortiqcha iste’mol qilish bolalar salomatligiga boshqa salbiy ta’sirlani ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun, giperfaollik bilan bog‘liqlik yo‘qligiga qaramasdan, sog‘lom ovqatlanish doirasida shakarni iste’mol qilishni cheklash tavsiya etiladi.