Janubiy Koreyada juftliklarga oila qurgani uchun pul to‘lanadimi?

Tarmoqda yozilishicha, Janubiy Koreyada juftliklar uchrashgani uchun 360 dollar, agar oila qurishsa, 15 ming dollar to‘lanar emish. Buning sababi shundaki, mamlakat dunyoda tug‘ilish darajasi bo‘yicha oxirgi o‘rinda turadi, shuning uchun rasmiylar odamlarni pul mukofotlari bilan rag‘batlantirishga qaror qilishdi.

HUKM: QISMAN ROST

Janubiy Koreya dunyoda tug‘ilish darajasi bo‘yicha oxirgi o‘rinda ekani yolg‘on. Mamlakat haqiqatan ham tug‘ilishning pasayishi muammosiga duch kelmoqda va bu masala ham mamlakat ichida, ham xalqaro miqyosda faol muhokama qilinmoqda. Biroq, bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda oxirgi o‘rinni egallagani haqidagi bayonot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.2024-yilda dunyoda tug‘ilish darajasi eng past bo‘lgan davlat Tayvan hisoblanadi.

Janubiy Koreyada juftliklarga oila qurgani uchun pul to‘lanadimi?

Haqiqatan Janubiy Koreyada, Pusan ​​shahri tumanlaridan birida tug‘ilish darajasini oshirish uchun pul orqali rag‘batlantirish tajriba dasturi ishga tushirilgandi. Ushbu dastur doirasida er-xotinlarga quyidagilar taklif etiladi:

Birinchi uchrashuv uchun 400 dollar: bu summa birinchi uchrashuv bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi. Maqsad – odamlarni bir-biri bilan tanishishga va yangi munosabatlar o‘rnatishga undash.

Nikoh tuzilgan holatda 16 000 dollar: bu pul turmush qurishga qaror qilgan juftliklarga beriladi. Bu yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va farzandli bo‘lish uchun sharoit yaratishga qaratilgan yanada muhim rag‘batdir.

Shuningdek, Seul hukumati, 28 ta obyektni ijtimoiy to‘yxona sifatida ochdi, chunki xususiy sektor tomonidan boshqariladiganlarida to‘y qilish qimmatga tushadi. Ulardan oltitasi bino ichida, qolganlari esa ochiq havoda, ular ko‘pincha yoshlar tomonidan afzal ko‘riladi. Bu yerda juftliklar to‘y xarajatlari uchun 800 dollargacha yordam olishlari mumkin.

Nikohdan keyin er-xotinlar uy topish haqida qayg‘urishlari kerak va mahalliy hukumat turli uy-joy dasturlarini amalga oshirmoqda.

Kelgusi yildan boshlab Inchon 1000 nafar yangi turmush qurgan juftlikni olti yil davomida oyiga 24 dollardan ijara haqi evaziga uy-joy bilan taʼminlaydi. So‘nggi yetti yil ichida turmush qurganlar yoki turmush qurmoqchi bo‘lganlar uy-joy olish huquqiga ega.

Dastur ko‘plab muhokama va tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar pul demografik inqiroz muammosini hal qila olmaydi, deb hisoblasa, boshqalari uni samarali rag‘batlantirish vositasi deb biladi.