Sun’iy intellekt O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashadi. Qanday qilib?

Har yili dunyo bo‘ylab 3,6 trillion dollar korrupsiya sabab yo‘qotiladi, bu sog‘liqni saqlash, ta’lim va davlat boshqaruvi kabi muhim sohalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Achinarlisi, sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiya har yili 140,000 bolani nobud bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi esa bu illat va uning og‘ir oqibatlarini kamaytirish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.  

2024-yil 17-oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi”da jahonning 250 dan ortiq aksilkorrupsiya idoralari xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari to‘planishdi. Forum davomida ekspertlar o‘z nutqlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashdagi so‘nggi tendensiya va tajribalari bilan bo‘lishishdi. 

Sun’iy intellekt O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashadi. Qanday qilib?

Ayniqsa, bu yilgi forumda sun’iy intellekt va blokcheyn kabi innovatsion texnologiyalarning korrupsiyaga qarshi global kurashni qanday o‘zgartirayotgani e’tibor markazida bo‘ldi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashda sun’iy intellekt qanday yordam beradi?

Sun’iy intellekt O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashadi. Qanday qilib?

Forumning birinchi sessiyasida Litva Maxsus tergov xizmati direktori o‘rinbosari Elanas Yablonskas sun’iy intellekt yordamida korrupsiyaga qarshi kurashish tajribasi haqida gapirib berdi: 

“Litvada korrupsiyaga qarshi kurashish asosan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali amalga oshirilmoqda. Sun’iy intellektning qabul qilinayotgan hujjatlarni  korrupsiyaga qarshi baholashdagi roli juda samarali. Bizda AI yordamida aniqlangan qiziq misol bor. Parlamentga kiritilgan “Siyosiy partiyalarga kredit uyushmalaridan qarz olishga ruxsat beruvchi” qonun loyihasini AI yordamida tahlil qilib, korrupsion muhit uchun bo‘shliqlar borligini aniqlaganmiz va bu loyiha bekor qilingan. Aytmoqchimanki, katta hajmdagi hujjatlarni tez va aniqlikda tahlil qila olish qobiliyati sabab AI bizda joriy etilgan. 

Bu texnologiya bir necha daqiqada katta hajmdagi hujjatlarni turli parametrlarga asoslanib tekshirishi mumkin. Maxsus tergov xizmatimiz esa faqatgina oz miqdordagi qonunchilik hujjatlarini qo‘lda baholash imkoniyatiga ega xolos. 

AI qonunchilikni aniqlik, protseduralarning yetarliligi, ma’lumotlarga ommaviy kirish, nazorat mexanizmlari va hisobotlilik kabi jihatlarini tahlil qila oladi. Bu yondashuv korrupsiya xavflarini tushunishga yordam berib, samarali korrupsiyaga qarshi strategiyalarni ishlab chiqishga hissa qo‘shadi, deb hisoblayman”. 

Ikkinchi sessiyada esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Ulug‘bek Abruyev sun’iy intellektdan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi qanday foydalanish mumkinligi va bu bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida gapirdi:

“Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, aloqador munosabatlarni yoritish va pul yuvish sxemalarining oldini olish uchun sun’iy intellektdan foydalanish ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan davlat xaridlari, aksilkorrupsiya dastur va strategiyalarining amalga oshirilishi hamda boshqa yo‘nalishlarda sunʼiy intellektga asoslangan elektron platformalarni joriy etish ustida ishlanmoqda. 

Ayniqsa, sun’iy intellekt davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi samarali vosita sifatida foydalanilishi mumkin. U katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, anomaliyalarni aniqlaydi, jarayonlarning shaffofligini ta’minlaydi, monitoring va auditni amalga oshiradi hamda xatarlarni prognoz qilib, korrupsiya xavfini kamaytira oladi. Bu esa samarali va shaffof davlat xaridlarini ta’minlashga xizmat qiladi”. 

Ayol rahbarlar erkaklarga nisbatan kamroq korrupsiyaga qo‘l uradi

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Oliver Stolpe korrupsion muhitda ayollarning o‘rniga alohida to‘xtaldi: 

“Tadqiqotlar gender va korrupsiya o‘rtasidagi murakkab aloqani ko‘rsatadi. Ayollar, ayniqsa, rahbarlik lavozimidagilar erkaklarga nisbatan korrupsiyaga kamroq aralashadilar. Shu sabab O‘zbekistonda ham gender tengligini ta’minlash muhim ekanligini ta’kidlayman”.