2024-yil oktabr oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi dori vositalarining maksimal narxlari rasmiy reyestrini e’lon qildi. Reyestr O‘zbekistonda dori vositalarining, shu jumladan, mahalliy va import qilinadigan dori vositalarining narxini tartibga solish uchun mo‘ljallangan. Facktcheknet.uz dorixonalarning belgilangan standartlarga qay darajada amal qilishini o‘rganib chiqdi.
Tahlil qilish uchun biz Toshkentdagi bir nechta dorixonalarni, mashhur “OXYMed ego” va “Go Pharm” dorixonalar tarmoqlarini, shuningdek, “ArzonApteka” onlayn xizmatini tanladik. Haqiqiy narxlarni ruxsat etilgan maksimal narxlar bilan solishtirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan “08.10.2024-yil holatiga namunaviy narxlari reyestri” asosiy ma’lumotnoma bo‘ldi.
1-misol: Sog‘liqni saqlash vazirligi hujjati bo‘yicha “Rinomax INGO” qadog‘i – 61060. Reyestrda preparatning narxi QQS bilan 69 458 so‘m. Dorixonalarda quyidagi narxlardagi tafovutlar kuzatildi:
- “OXYMed ego” – narxi 56 600 so‘m;
- “Go Pharm” – 43 300 so‘mdan 63 900 so‘mgacha narxda. Narx yetkazib berish manziliga bog‘liq;
- “ArzonApteka” – narxlar xizmatga qarab farq qiladi, dorini 29 000 so‘mdan 68 000 so‘mgacha topish mumkin;
- shahardagi dorixonada narxi 57 000 so‘m.
Shunday qilib, narxlar farqlari namunaviy narxga nisbatan -2% dan -58% gacha.
2-misol: Sog‘liqni saqlash vazirligining hujjati bo‘yicha “Geptral” qadog‘i – 25581. Reyestrga ko‘ra, “Geptral”ning har bir qadog‘i QQSsiz taxminan 494 104 so‘m bo‘lishi kerak.
- “OXYMed ego” – bir qadoq narxi 458 000 so‘m;
- “Go Pharm” – 399 000 so‘mdan 444 000 so‘mgacha. Narx yetkazib berish manziliga bog‘liq;
- “ArzonApteka” – narxlar xizmatga qarab farq qiladi, dorini 375 000 so‘mdan 565 000 so‘mgacha topish mumkin;
- shahardagi dorixonada bir paketning narxi 498 000 so‘m.
Dorixonalarda “Geptral”ning narxi namunaviy narxdan -24% dan +14% gacha farq qiladi.
3-misol. Sog‘liqni saqlash vazirligi hujjatiga ko‘ra, “Tafinlar” qadig‘i – 22485. Reyestrda ushbu dori vositasining narxi QQSsiz 89 026 308 so‘m. Facktcheknet tahririyati ushbu qimmat dorini izlash chog‘ida qiziqarli ma’lumotlarga duch keldi.
“ArzonApteka”da ushbu dorining narxi 19 million 500 ming so‘mdan 22 million 400 ming so‘mgacha ekanini, ba’zilariga qo‘ng‘iroq qilganimizda esa “Tafinlar” kabi qimmat dori vositalari yo‘qligi, faqat buyurtma asosida yetkazib berilishi ma’lum bo‘ldi.
Dorixonalardan birida xodim bu doriga buyurtma berish uchun 200 AQSh dollari miqdorida zalog to‘lash kerakligini, narxi esa dori kelgandan keyin ma’lum bo‘lishini tushuntirdi. Biz suhbatlasjgan yana bir dorixona zalog talab qilmasligi va dori narxi 18-18,5 million so‘m atrofida bo‘lishini aytdi. Xuddi shu dorixonada tahririyatga “ArzonApteka” xizmatidagi narxlar taxminiy ekanligini va kelgandan keyin narx biroz boshqacha bo‘lishini tushuntirishdi.
Nima uchun dorixonalar va reyestrdagi narxlar o‘rtasida bunday farq borligi noma’lum. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tahririyatga javob bermadi.
4-misol: Sog‘liqni saqlash vazirligi hujjati bo‘yicha Gepa-Merz qutisi – 5059. Sog‘liqni saqlash vazirligi hujjatiga ko‘ra, bir qadoqning narxi QQS bilan 612 767 so‘m.
Ushbu dori onlayn dorixonalarda mavjud emas ekan. Shahar dorixonalarida narxlar quyidagicha:
- 1-dorixonada 500 000 so‘m;
- 2-dorixonada 770 000 so‘m;
- 3-dorixonada 750 000;
- “ArzonApteka” dorilarni qidirish platformasida narxlar 500 000 so‘mdan 960 000 so‘mgacha.
Shunday qilib, dorixonalarda dori narxi namunaviy narxga nisbatan -18% dan +56% gacha o‘zgarib turadi.
Tafovutlarning ehtimoliy sabablari
Dorixonalarda va reyestrdagi dori narxlarining farqini bir necha sabablar bilan izohlash mumkin:
- Mamlakatning turli hududlarida transport xarajatlari, talab darajasi va dorixonalar o‘rtasidagi raqobat tufayli narxlar turlicha bo‘lishi mumkin.
- Ta’minotdagi uzilishlar va ayrim dori vositalarining tanqisligi, ayniqsa, logistika bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin. O‘zbekistonda dori vositalarining aksariyati chetdan keltiriladi, milliy valyuta qadrsizlanishi natijasida bunday dori vositalarining narxi oshadi.
- Dorixonalar boshqa arzon narxlardagi mahsulotlarning o‘rnini qoplash uchun narx belgilashda turli yondashuvlarga ega bo‘lishi mumkin.
- Reyestrga amal qilishning nazorati yetarli darajada qat’iy emas, dorixonalar narxlarni tavsiya etilganidan yuqoriroq belgilashi mumkin, ayniqsa, agar dori vositasiga talab yuqori bo‘lsa yoki uning muqobilini topish qiyin bo‘lsa.
Facktcheknet.uz tahririyati tomonidan o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, shahar dorixonalaridagi narxlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanganidan yuqori yoki undan past bo‘lishi mumkin. Eng yaxshi takliflarni topish uchun bir nechta dorixonalarda dori narxlarini aniqlash va onlayn xizmatlardan foydalanish tavsiya etiladi.