Telegram kanallarida Hindistondagi orollardan birida bir necha asrdan buyon tashqi dunyodan uzilib qolgan qabila mavjudligi, ular orolga keladigan odamlarni oʻzga sayyoraliklar deb oʻylashlari va o‘ldirishi mumkinligi haqida video xabar tarqaldi.
Factchecknet.uz xabarga asos qilib olingan orolga oid faktlarni o‘rgandi.
HUKM: MANIPULYATSIYAShimoliy Sentinel oroli Hindistonning Bengal bo‘g‘ozidagi Andaman va Nikobar orollari arxipelagi tarkibiga kiradi. U yerda sentinel deb nomlanuvchi tub aholi guruhi yashaydi. Ular tashqi dunyo bilan aloqa qilishni mutlaqo xohlamaydi. Tashqi dunyodan ixtiyoriy ravishda uzilib qolganliklari va begonalarni dushman sifatida qabul qilgani tufayli bu hind oroli sirliligicha qolmoqda. Dunyo bilan munosabat qurishni istamaydigan ushbu qabila bilan uchrashish xavflidir.

Shimoliy Sentinel oroli
Tarixchilar tub aholi orolga Afrikadan ko‘chib kelgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ular asosan dengiz mahsulotlarini iste’mol qilib kun kechiradi. Sentinellar qishloq xo‘jaligi yoki dehqonchilik bilan shug‘ullanishmaydi. O‘tkazilgan tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, ular kichik kulbalarda yashaydilar va ov qilish uchun oddiy qayiqlardan foydalanadi.

Sentinel ovchilari
Hindiston hukumati 2018-yilda o‘tkazgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Shimoliy Sentinel orolida taxminan 40 nafar aholi istiqomat qiladi. Biroq ba’zi manbalar ularning soni 400 nafarga yaqin ekanligini ham keltiradi. Juda kam miqdorda olingan fotosuratlarga ko‘ra, sentinellar bo‘yi qisqa, mushakdor va terisi qora rangda. Ular odatda kiyimsiz bo‘lib, bellariga kamar taqadilar. Ma’lumotlarga ko‘ra, orolda ayollarga qaraganda erkaklar ko‘proq.
Orol va uning aholisiga qiziqish XVIII asrdan boshlangan. Biroq o‘sha paytda u yerga hech kim qadam bosmagan. 1867-yilda “Nineviya” kemasi orolga juda yaqin borib, halokatga uchraydi. Sentinellar esa halokatdan omon qolganlarni o‘ldirishga harakat qilgan.

Sohildagi Sentinellar
1880-yilda Andaman orollari bo‘ylab turli qabilalar bilan aloqa o‘rnatgan va ularni o‘rgangan ingliz dengiz zobiti Moris Vidal Portman sentinellar bilan uchrashadi. Oroldagi bir nechta mahalliy aholini poytaxt Port Blerga olib kelgan. Olti nafar sentinellikdan ikki nafari kasallik sabab vafot etadi. Qolganlari esa vaziyat yomonlashgandan so‘ng uylariga qaytgan.
1896-yilda Buyuk Andaman orolidagi jazoni ijro etish koloniyasidagi bir mahbus o‘zi yasagan sol bilan qochishga uringan. Biroq taqdir taqozosi bilan u Shimoliy Sentinel oroli sohillariga kelib qoladi. Mustamlakachi qidiruv guruhi bir necha kundan keyin uni o‘lik holda topgan. Uning jasadi o‘q jarohatlari bilan to‘la va tomog‘i kesilgan holatda bo‘lgan.
1974-yilda National Geographic suratga olish guruhi orolga yaqin bordi va orolga bo‘lgan qiziqishi sabab rejissyorning soniga o‘q qadaladi. Belgiyaning surgun qilingan qiroli Leopold III 1975-yilda qayiqda sayohat qilayotib ushbu orol yaqinidan o‘tib ketgan va sentinellar uni o‘q uzib ogohlantirgan.2006-yilda sentinellar Shimoliy Sentinel suvlarida noqonuniy ravishda baliq ovlagan ikki baliqchini o‘ldirishgan. Shuningdek, 2018-yilda sentinellar amerikalik nasroniy missioner Jon Allen Chauni nasroniylikni yoyish maqsadida orolga kelaganida o‘ldirishgan.

Missioner Jon Chau
1956-yilda Hindiston hukumati Aborigen qabilalari to‘g‘risidagi qonun bilan ushbu orolga har qanday tashrifga qarshi qat’iy qonunlarni joriy qildi. Oroldan 9,26 kmdan yaqin kelishga hech kimga ruxsat berilmaydi. Agar odamlar o‘z ixtiyori bilan u yerga noqonuniy borib, qabila tomonidan o‘ldiriladigan bo‘lsa, Hindiston hukumati jinoyatchilarni jinoiy javobgarlikka tortmaydi.
Sentinellarning tashqi dunyo bilan aloqasi yo‘qligi ularni oddiy kasalliklarga ham juda zaif qilib qo‘ygan. Bundan tashqari tadqiqotchilar fikricha, qabilaning kichikligi genetik xilma-xillikni yo‘qotishiga va natijada turli xastaliklar yoki tabiiy ofatlar tufayli butunlay yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin.
Sentinellar haqidagi ma’lumotlar cheklangan. Ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishning iloji yo‘qligi sababli, ularning madaniyati va turmush tarzi haqida ko‘p narsa noma’lumligicha qolmoqda. Sentinellar dunyodagi eng izolyatsiya qilingan mahalliy xalqdir. Ular o‘z hududlarini himoya qilish uchun tajovuzkorlik ko‘rsatib, orolga kirgan begona odamlarni o‘ldiradi. Bunga sabab ularning odamlarga nisbatan qarshi nafrati hisoblanadi. Ammo bu ularning odamxo‘rligini va odamlarni tiriklay yeyishini anglatmaydi.