Suvni qayta qaynatish sog‘liq uchun zararlimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda suvni bir necha marta qaynatish mumkin emasligi, chunki yana qaynatilganda u “kanserogen dioksin” deb nomlangan zaharli moddani chiqarishi haqidagi afsona tarqaldi. Rostmi yoki yolg‘on?
HUKM: YOLG‘ON
Toza suvni yana bir yoki ikki marta qaynatsangiz, sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydi, ammo buni qilishdan oldin uni sovishini kutish kerak. Hamma gap aynan suvning tozaligida.
Agar suv toza bo‘lmasa va tarkibida ko‘p miqdorda nitratlar, ftoridlar, kaltsiy yoki boshqa birikmalar va kimyoviy moddalar bo‘lsa, unda takroriy qaynatish ularning suvdagi konsentratsiyasining biroz oshishiga olib kelishi mumkin.
Biroq, suv quvuridagi suvda bunday moddalar odatda juda oz miqdorda bo‘lib, ular sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydi. Shahar suv ta’minoti xizmatlari ushbu moddalar darajasi xavfsiz bo‘lishini ta’minlaydi.
Masalan, nitratlar ko‘proq yer osti suvlarida uchraydi yoki o‘g‘itlardan kelib chiqadi, shuning uchun ularning quvur suvidagi miqdori odatda past bo‘ladi. Biroq, agar suv hali ham yuqori miqdordagi kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olsa, avval uni filtrlagan avzaldir.
Umuman olganda, jo‘mrakdan tushgan toza suvni qayta-qayta qaynatish xavfsizdir va zararli moddalarning sezilarli darajada to‘planishiga olib kelmaydi, mutlaqo toza suvni qaynatish esa hech narsani o‘zgartirmaydi.
Endi dioksinlar haqida. Dioksinlar chiqindilarni yoqish, xlor yordamida qog‘ozni oqartirish va boshqa ba’zi sanoat jarayonlari natijasida hosil bo‘ladigan kanserogen atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalardir. Biroq, umumiy afsonalarga qaramay, ular suv qaynatilganda ajralib chiqmaydi.
Shunday qilib, agar suv parazitlar va zararli kimyoviy moddalar bilan to‘lib toshgan bo‘lmasa, unda siz haddan tashqari ko‘p qaynatilgan suvdan xavfsiz choy tayyorlashingiz mumkin. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, takroriy qaynatish, garchi sog‘liq uchun xavfsiz bo‘lsa-da, ta’mga ta’sir qiladi va damlama unchalik mazali bo‘lmasligi mumkin.Ilgari Factchecknet ushbu ma’lumotning to‘g‘riligini tekshirgan edi, ammo shunga qaramay, noto‘g‘ri ma’lumotlar va suvni ko‘p qaynatish bilan bog‘liq afsonalar ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqalishda davom etmoqda.