Bananni qovurib yesa, yo‘tal va shamollashni davolaydimi?

Telegram kanallarida tarqalgan videoda aytilishicha, bananni qovurib iste’mol qilish yo‘tal va shamollashga davo ekan. Bu usul qanchalik foydali? Banan tarkibidagi moddalar va ularning inson salomatligiga ta’siri haqidagi ilmiy manbalarni o‘rganib chiqdik.

HUKM: TASDIQLANMAGAN

Yuqoridagi davolar ilmiy asosga ega emas va ishonchli tibbiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan. Banan ozuqaviy jihatdan foydali bo‘lsa-da, nafas olish yo‘llari kasalliklarini davolovchi xususiyatlarga ega emas.

Bananning salomatlik uchun foydali xususiyatlari

Banan vitaminlar, minerallar va boshqa foydali moddalarning boy tarkibi tufayli bir qancha sog‘liq uchun foydali xususiyatlarga ega bo‘lgan to‘yimli mevadir. Banan tarkibidagi asosiy ozuqa moddalari quyidagilardan iborat:

  • Kaliy: O‘rtacha kattalikdagi bir dona bananda taxminan 422 mg kaliy mavjud. Bu modda qon bosimi va yurak faoliyatini me’yorida saqlashga yordam beradi;
  • B6 vitamini: Bananlar B6 vitaminining manbai hisoblanib, kunlik tavsiya etilgan miqdorning taxminan 25 foizini ta’minlay oladi. Bu vitamin miya salomatligi va neyrotransmitterlar (miya hujayralari o‘rtasida signallarni uzatuvchi kimyoviy modda) ishlab chiqarilishi uchun muhim ahamiyatga ega;
  • C vitamini: Sitrus mevalardagi kabi yuqori bo‘lmasa-da, banan tarkibidagi immun tizimini mustahkamlash uchun kerak bo‘lgan C vitamini kunlik me’yorning taxminan 10 foizini qoplay oladi;
  • Xun tolasi: O‘rtacha kattalikdagi bir dona bananda taxminan 3 gramm ichak uchun foydali xun tolasi mavjud bo‘lib, u ovqat hazm qilishga yordam beradi va qondagi qand miqdorini tartibga solishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, banan tarkibida katexin va dofamin kabi antioksidantlar (hujayralarni himoyalovchi moddalar) ham mavjud. 

Qovurilgach banan tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Bananni qovurish uning ozuqaviy tarkibini biroz o‘zgartiradi. Qovurish jarayoni banan tarkibidagi kraxmalni shakarga aylantiradi, shuning uchun qovurilgan banan xom bananga qaraganda shirinroq bo‘ladi. Xuddi kartoshka qovurilganida shirinroq bo‘lgani kabi. Bu jarayon ta’mni yaxshilashi mumkin, lekin shakar konsentratsiyasining oshishi tufayli kaloriya miqdori ham ko‘payadi. Shuningdek, qovurish paytidagi issiqlik banandagi pektin va boshqa tarkibiy qismlarni parchalab, mevaning hazm bo‘lishini osonlashtiradi. Lekin ba’zi ozuqa moddalari (ayrim antioksidantlar) issiqlik ta’siri tufayli yo‘qoladi. 

Yo‘tal va shamollashga qarshi ta’siri

Tez hazm bo‘lishi va ozuqaviy quvvati tufayli banan yo‘tal va shamollash bilan bog‘liq ba’zi alomatlarga tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo qovurilgan banan bu kasalliklarni davolashini tasdiqlovchi ilmiy dalillar yoki shifokorlar tavsiyasi mavjud emas. 

Banan ko‘pincha oshqozon-ichak kasalliklarida tavsiya etiladigan parhezga kiritiladi (BRAT parhezi: banan, guruch, olma pyuresi va qovurilgan non), chunki ular oson hazm bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘ngil aynishi kabi alomatlarni yengillashtirishi ham mumkin, ammo yo‘tal yoki shamollashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davolashda tavsiya etilmaydi.

Qanday vaziyatlarda banandan tiyilish kerak?

Ko‘plab foydali xususiyatlariga qaramay, banan tavsiya etilmaydigan holatlar ham mavjud:

  • Ayrim odamlarda bananga allergiya bor, banan iste’moli ularda nafas olish muammolarini kuchaytirishi yoki boshqa allergik belgilarni keltirib chiqarishi mumkin;
  • Ichak ta’sirlanish sindromi (ITS) bor odamlar uchun birdaniga ko‘p banan yeyish, ichaklarga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun banan kabi xun tolasiga boy mevalarni ovqatlanish tartibiga oz-ozdan qo‘shish tavsiya etiladi;
  • Garchi tabiiy bo‘lsa-da, pishgan yoki qovurilgan bananlar shakar miqdori ko‘pligi sabab qandli diabet bilan og‘rigan yoki uglevodlar iste’molini nazorat qilayotgan odamlarga tavsiya etilmaydi.

Qovurilgan bananlar shirin, ishtaha ochuvchi yoki foydali moddalarga boy meva va disert bo‘lishi mumkin, biroq ularga yo‘tal va shamollashga qarshi davo sifatida ishonib qolmaslik kerak.