Interval ochlik: foydami yoki zarar?

Ijtimoiy tarmoqlarda interval ochlik, ya’ni ovqatlanish vaqtini cheklashning foydalari haqida xabarlar ko‘p uchraydi. Ba’zi shifokorlar bu usul bilan vazn yo‘qotish mumkinligini ta’kidlashadi. Rostdan ham ovqatlanishning bu tartibi  biz o‘ylaganchalik foydalimi yoki zararlari ham bormi? Factchecknet.uz bu savolga javob topish maqsadida interval ochlikning nafaqat foydali, balki zararli tomonlari haqidagi ilmiy tadqiqotlarni o‘rganib chiqdi.

Interval ochlik nima? 

Interval ochlik – bu ovqatlanish usuli bo‘lib, unda kunning ma’lum bir vaqtida ovqatlanasiz va qolgan vaqtda ovqatdan butunlay tiyilasiz. Masalan, ertalab soat 8 dan kechki 4 gacha ovqatlanib, qolgan 16 soat hech narsa yemaysiz. 

Jon Xopkins universiteti nevrologi Mark Mattson 25 yil davomida interval ochlik mavzusini o‘rgangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, inson tanasi uzoq vaqt, hatto bir necha kun yoki undan ko‘proq muddat ovqatlanmasdan yura olishga moslashgan. Qadimgi davrlarda odamlar dehqonchilik qilishdan oldin faqat ovchilik va termachilik bilan shug‘ullangan. Yovvoyi hayvonlarni ovlash, yong‘oq va rezavorlarni terish uchun ko‘p vaqt va kuch talab qilingan, shu sabab uzoq muddat och qolishga ko‘nikishgan.

Eng keng tarqalgan interval ochlik turlari:

  • 16/8 usuli (Leangains usuli): 16 soat ochlik va 8 soatlik vaqt oralig‘ida ovqatlanish; 
  • 5:2 usuli: Haftaning 5 kuni odatdagidek ovqatlanish, 2 kun esa kaloriyalarni cheklash (500–600 kkal);
  • 24 soatlik ochlik (Eat-Stop-Eat usuli): Haftada bir yoki ikki marta 24 soat davomida ovqatlanmaslik;
  • Alternate-Day Fasting (Kun almashtirish usuli): Bir kun ochlik (yoki minimal ovqatlanish), keyingi kun odatdagidek ovqatlanish.

Mattsonning “New England Journal of Medicine” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotlaridan biri bu amaliyot bilan bog‘liq bir qator sog‘liq uchun foydali natijalarni ko‘rsatdi. Ular qatoriga uzoqroq umr ko‘rish, vazn tashlash va fikrlashning yaxshilanishi kiradi. “Vaqti-vaqti bilan och qolish paytida organizmda ko‘plab jarayonlar sodir bo‘ladi. Bu jarayonlar a’zolarni 2-tur qandli diabet, yurak kasalliklari, yoshga bog‘liq asab tizimi kasalliklari, hatto ichak yallig‘lanishi kasalliklari va saraton turlaridan himoya qilishi mumkin”, – deydi u.

Hozirga qadar o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida vaqti-vaqti bilan och qolishning quyidagi foydalari aniqlangan:

  • Fikrlash va xotira: Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, interval ochlik odamlarda og‘zaki xotirani (so‘zlar, jumlalar va hikoyalarni eslab qolish) qobiliyatini yaxshilar ekan;
  • Yurak salomatligi: Vaqti-vaqti bilan och qolish qon bosimi va tinch holatdagi yurak urish tezligini, shuningdek, yurak bilan bog‘liq boshqa ko‘rsatkichlarni yaxshilaydi;
  • Ortiqcha yog‘larni yo‘qotish: Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, tanaffusli och qolish yosh erkaklarda mushak massasini saqlab qolgan holda ortiqcha yog‘larni yo‘qotish mumkinligini ko‘rsatgan;
  • 2-tur qandli diabet va semizlik: Interval ochlik vazn yo‘qotishga yordam berishi, 2-toifa qandli diabet bilan og‘riganlarda esa, qondagi insulin va leptin miqdorini kamaytirishi mumkin.

Interval ochlik hamma uchun ham emas

Ba’zi insonlar sog‘liqqa bo‘lgan potensial xavfi tufayli interval ochlikdan saqlanishlari kerak: 

  • Homilador yoki emizuvchi ayollar: Ularning ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyoji yuqori bo‘lib, och qolish ham onaga, ham bolaga zarar yetkazadi;
  • Ovqatlanish tartibi buzilgan shaxslar: Vaqti-vaqti bilan och qolish nosog‘lom ovqatlanish odatlarini yuzaga keltirishi mumkin;
  • Bolalar va o‘smirlar: Och qolish ularning o‘sishi va rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi;
  • Ayrim kasalliklarga chalingan shaxslar: Qandli diabet bilan og‘rigan yoki ma’lum dori-darmonlarni qabul qilayotgan odamlarda asoratlar kuzatilgan;
  • Keksalar: Ochlik noto‘g‘ri vazn yo‘qotish va to‘yib ovqatlanmaslikka olib kelishi mumkin.

Interval ochlikning salbiy ta’sirlari

Amerika yurak assotsiatsiyasining 20 000 dan ortiq katta yoshli insonlar ishtirokida o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, kunning 8 soati ichida ovqatlanadiganlar, 12-16 soat davomida ovqatlanadigan odamlarga nisbatan yurak-qon tomir kasalliklari sabab vafot etish ehtimoli 91% ga yuqori ekan.  Avvalgi tadqiqotlarda interval ochlikning qon bosimi, qondagi glyukoza va xolesterin darajasini yaxshilash kabi ijobiy ta’sirlari qayd etilgan bo‘lsa-da, ushbu yangi tadqiqot bu usulning yurak-qon tomir salomatligiga uzoq muddatli ta’siri xususida xavotir uyg‘otmoqda.  

Yuqoridagi xulosa 2003-2018-yillarda o‘tkazilgan Milliy sog‘liqni saqlash va ovqatlanish tekshiruvlari (NHANES) ishtirokchilarining ovqatlanish ma’lumotlarini 2003-yildan 2019-yilgacha AQShda vafot etgan kishilar ma’lumotlari bilan solishtirish natijasida kelib chiqqan. Ularning maqsadi kuniga 8 soatlik vaqt oralig‘ida ovqatlanishning sog‘liqqa uzoq muddatli ta’sirini o‘rganish edi. Tadqiqotda aniqlangan asosiy xulosalar:

  • Kuniga 8 soatdan kam ovqatlanadigan odamlarda yurak xastaligi sabab vafot etish xavfi 91% ga yuqori;
  • Bu xavf yurak xastaligi yoki saraton kasalligiga uchragan odamlarda ham yuqori bo‘lgan;
  • Yurak xastaligi bor odamlarda 8-10 soat oralig‘ida ovqatlanish yurak xastaligi yoki insult sabab o‘lim xavfini 66% ga oshirgan;
  • Interval ochlik umumiy o‘lim xavfini kamaytirmadi;
  • Saraton kasalligi bilan og‘riganlarda 16 soatdan ko‘proq ovqatlanish saratondan o‘lim xavfini kamaytirdi.

“8 soatlik, cheklangan vaqtli ovqatlanish jadvaliga rioya qilgan odamlarning yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lish ehtimoli ko‘proq ekanligi bizni hayratda qoldirdi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, interval ochlik qisqa muddatli foyda keltiradi, ammo uzoq muddatda salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, – deya izohlaydi Zhong.