Ayollar va “dekret” masalasi: tanganing nechta tomoni bor?

Homilador yoki reproduktiv yoshdagi xotin-qizlarning mehnat munosabatlari haqida gap ketganda, albatta, “dekret puli” masalasi kun tartibiga chiqadi. O‘zbekistonda uzoq yillardan buyon ayni masala sabab xotin-qizlarni ishga olishda cheklovlar, toʻsiqlar va muammolar kuzatilgan. Bu haqda OAVda koʻplab materiallar e’lon qilinganligi, masalaning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi soʻzimizni isbotlaydi. 

Keyslar: 1, 2, 3, 4, 5.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil mart oyida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida “Ochiq aytish kerak, ayni paytda budjet tashkilotlari homiladorlik nafaqasini toʻliq toʻlab bersa-da, xususiy sektorda bu xarajat tufayli ayollarni rasmiy ishga olishdan qochish holatlari ham, afsuski bor”, degan soʻzlarni aytgan.
Gender.stat.uz taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra,  respublika bo‘ylab 2022-yilda jami homiladorlik, tug‘ish va yosh bolalarni parvarish qilish ta’tilidagi ayollarning o‘rtacha 15% xususiy sektorda faoliyat yuritgan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich eng yuqori, ya’ni 33,5% ni tashkil qilsa, eng kam ko‘rsatkich Namangan viloyatiga tegishli (2,3%).

Oliy Majlis huzuridagi qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i Gulnoza Sattorovaga koʻra, “amaliyotda ko‘pincha ish beruvchida ayollarni ishga qabul qilganda “ertaga u homilador bo‘ladi, keyin “dekret”ga ketadi, dekret pulini mening hisobimdan olib, 3 yil ishga kelmaydi. Uning o‘rniga kamida 4 oy hech kimni ishga ola olmayman”, kabi fikrlar bo‘ladi. Shu sababli amaliyotda homilador va reproduktiv yoshdagi ayollarni ishga qabul qilish masalasi qiyin. Ish beruvchiga muammo kerak emas. Prezident tomonidan ayollarning mehnat sharoitini takomillashtirishga qaratilgan Farmon qabul qilindi. Bundan hamma ayollar xursand bo‘ldi. Tadbirkorlik subyektlarida band ayollarning homiladorlik va “dekret” ta’tillari uchun pul “Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi” hisobidan to‘lanadigan bo‘ldi”.

2022-yil 1-sentyabrdan boshlab boshlab budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasiga asosan oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasining qismi to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Homiladorlik va tug‘ish nafaqasining Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan qismi minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari miqdorida tayinlanadi. Hozirgi kunda bu miqdor 2 270 000 so‘mni tashkil qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, nafaqalar “proaktiv” shaklda, ya’ni fuqarolarning so‘rovlarisiz tayinlanadi. Buning uchun ayol xususiy sektorda kamida olti oy rasman ishlagan bo‘lishi kerak. Ish haqi belgilangan tartibda to‘lanishi kerak, ya’ni ish haqi shaklida daromadlar to‘g‘risida hisobot soliq organlariga taqdim etilishi zarur.

Mazkur nafaqa Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot” axborot tizimiga tibbiy muassasaning IT hamshirasi tomonidan homilador ayolning ma’lumotlari (mehnatga layoqatsizlik varaqasi) kiritilganidan so‘ng elektron ma’lumotlar asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tayinlanadi.

Bunda axborot tizimi ayolning ish stajini “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali, mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarini Soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi orqali avtomatik ravishda aniqlaydi.

Agar nafaqa oluvchi nomiga ochilgan faol holatdagi (oxirgi tranzaksiya so‘nggi 60 kun ichida amalga oshirilgan bo‘lishi kerak) bank plastik kartasi bo‘lsa, pul u yerga mehnatga layoqatsizlik guvohnomasi berilgan oydan keyingi oyning 10-kunigacha o‘tkazib beriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston qonunchiliga ko‘ra, homilador ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin emas.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar uchun ajratilgan mablag‘larning jami ish haqi miqdoriga nisbatan ulushi 2022-yilda 1,6 foizni tashkil etgan.

Davlat budjetida 2023-yilda xususiy sektorda ishlovchi 130 ming nafar ayolga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 300 mlrd soʻm mablagʻ rejalashtirilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasiga ko‘ra, 2023-yilning 9 oyida xususiy sektorda ishlovchi 12 ming nafar belgilangan mezonlarga mos boʻlgan ayolga homiladorlik va tugʻish nafaqasi tayinlangan va 24,6 mlrd soʻm mablagʻ toʻlab berilgan. Joriy yil 9 oylik tendensiyadan kelib chiqqan holda 2023-yil yakuniga qadar xususiy sektorda ishlovchi 19 mingdan ortiq ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 40 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi prognoz qilingan.