Qirg‘izistonda jurnalistlar tintuv qilinib, so‘roqqa olib ketilmoqda, deb yozadi “Fergana News”.
HUKM: ROST
15-yanvar kuni taxminan soat 11:00 larda “24.kg” tahririyatiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari kirib kelishgan. Bosh direktor Asel Otorbayeva, bosh muharrirlar Anton Limar va Maxinur Niyozovalar so‘roqqa olib ketildi. Tahririyat tintuv qilindi. Xodimlarning texnikalari va shaxsiy telefonlari olib qo‘yildi.
MXDQning xabar berishicha, “24.kg”dagi tintuv Qirgʻiziston Respublikasi JKning “Urush targʻiboti” moddasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida oʻtkazilgan.
Kechga yaqin “24.kg” rahbariyati so‘roqdan so‘ng ozod qilindi. Bosh direktor, bosh muharrir va shef-muharrirdan ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risida dalolatnoma olindi.
2024-yil 16-yanvar kuni Qirg‘iziston IIV “Ayt Ayt Dese” va “Temirov Live” onlayn loyihalariga aloqador o‘ndan ortiq sobiq va amaldagi OAV xodimlarini tintuv qildi. Ularning bir qismini militsiya xodimlari so‘roq qilish uchun olib ketishgan, deb xabar beradi jurnalist Bolot Temirov.
Uning jamoasining sakkiz nafar amaldagi va sobiq xodimlari tintuv qilindi. Tintuvlardan so‘ng “Temirov live” xodimlari so‘roqqa olib ketilgan. Bundan tashqari, avvalroq “Temirov Live” bilan ishlagan jurnalist va “PolitKlinika” nashri jurnalisti so‘roqqa olib ketilgan.
Qirgʻiziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati, oʻz navbatida, “Ayt Ayt Dese” va “Temirov Live” internet platformalariga nisbatan respublika Jinoyat kodeksining 278-moddaning 3-qismi (“Hokimiyat vakilining qonuniy talablariga faol boʻysunmaslikka va ommaviy tartibsizliklarga chaqirish, shuningdek fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka chaqiruvlar”) boʻyicha ish ochilganini maʼlum qildi.
16-yanvar kuni IIV Tergov xizmatiga olib kelingan barcha 11 nafar jurnalist va faollar 48 soatga vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi, deb yozadi “Asiya-Plus”.
Qirg‘izistonda ommaviy axborot vositalarini jinoiy javobgarlikka tortish holatlari avval ham kuzatilgan. Shu tariqa, o‘tgan yilning avgust oyida Bishkek prokuraturasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi talabiga binoan “hozirgi hukumat siyosatini keskin tanqid qilgan” materiallar tufayli “Kloop” nashrini tugatish to‘g‘risida sudga da’vo kiritgan edi. Keyinchalik, o‘sha yilning noyabr oyida Madaniyat vazirligi maxsus xizmat talabiga binoan nashrning veb-saytini bloklab qo‘ygandi.