Quyosh energetikasi bilan bog‘liq davlat xaridlarida qonun buzilishlari bormi?

Davlat xaridlari yo‘nalishida dunyoda turli maxinatsiya usullari mavjud, afsuski, shu jumladan O‘zbekistonda ham. Ushbu maxinatsiyalar chuqur o‘rganish ortidan fosh etiladi, bir qarashda ularni sezmaslik mumkin. Shu sababdan ham O‘zbekistonda o‘tkaziladigan davlat xarilari jarayoni to‘laqonli tartibga solinishi kerak, bundan tashqari soha doimiy monitoring va tekshiruvlarga muhtoj.

2023-yilda davlat tashkilotlarni quyosh energetikasi bilan ta’minlashga e’tibor qaratildi, ammo o‘tkazilgan tender jarayonlarida turli maxinatsiya usullari qo‘llanilganini ehtmol qilish mumkin.

Misol uchun, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri 30-oktyabr kuni quyosh fotoelektrik modullarini sotib olish bo‘yicha xarid o‘tkazdi. Tenderning yakuniy narxi 9 million 200 ming so‘m, boshlang‘ichi esa 950 million so‘m.

G‘olib tashkilot deyarli 100 baravar kam taklif qilgan, qanday qilib? Bu holatni maxinatsiyaning bir turi deyishimiz mumkin. Ya’ni bir tashkilot minimal summani taklif qilib, yuqori ball bilan g’alaba qozonadi, oradan ma’lum vaqt o‘tib, ishdan voz kechadi, xohlagan summasini kiritgan rezervdagi tashkilot esa ishni bajaradi.

Masala shundaki, 100 baravar kam taklif qilgan korxona aynan narx belgilash bosqichida 100 foizlik ballni oladi, qolganlarning balli esa uning ballidan foiz hisobida hisoblanadi.

Deylik, biror korxona minimal summani, ya’ni 9,2 million so‘mni taklif qildi, unda maksimal 30 ball bo‘ladi. Boshqa korxona 920 million so‘m taklif qildi, uniki esa 0,3 ball bo’ladi. Shunday qilib, minimal ball taklif qilgan korxona rezervdagi korxonaga xohlagan ball qo‘yish imkonini beradi, chunki boshqalarning undan kamroq naxr berishining ahamiyati qolmay qoladi, texnik shartlarda yaxshi ball to‘plasa bo‘lgani.

Bunday holatda ishni rezervdagi tashkilot bajarishi avvaldan kelishiladi. Ushbu holatda aynan shunday o‘yin qilingan bo‘lishi mumkin, buni mas’ul organlar tekshirishi kerak.

Yana bir holat shunga o’xshash holat Sog’liqni saqlash vazirligi o’tkazgan tenderda sodir bo’ldi. 

G‘olib bo‘lgan “ASTORIOS ENERGY” 10 million so‘m taklif qilib, g‘alaba qozondi, tenderning boshlangich narxi esa 1,1 milliard so‘m, rezervdagi g‘olib “Info Semantik” 1 milliard 20 million so‘m taklif qilgan. Rezervdagi g‘oib umuman kompyuter texnikasi, jumladan printerlar savdosi bilan shug‘illanadi, qanday qilib u texnik shatrlardan o‘tganining o‘zi alohida savol. Buni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘rganib chiqishi so‘raladi.

Yana bir holat Buxoro yengil sanoat va pedagogika kasb-xunar kolleji o‘tkazgan tender bilan bog‘liq. Bu xarid kichikroq summada o‘tgan bo‘lsa-da, yuqorida keltirilgan misollarga o‘xshash. 

Ushbu xarid ham quyosh energetikasi bilan bog‘liq, aniqrog‘i quyosh fotoelektr stansiyasi yaratilishi kerak. Kollej o‘tkazgan tenderning boshlang‘ich narxi 100 million so‘m. Unda g‘olib bo‘lgan  “MAX TEXNO STIL” MChJ 9 million so‘m taklif qilgan. Rezervdagi g‘olib sifatida esa “PROXIMA ENERGY” tanlangan, u deyarli 97 million so‘m taklif qilgan.

Agar 9 million so‘mlik taklif bo‘lmaganda, 80 million so‘m taklif qilan  “ATLANT FORTUNA” narx taklif qilish bosqichida 70 ball,  “PROXIMA ENERGY” esa 50 ball qo‘lga kiritardi va yakuniy hisobda “ATLANT FORTUNA”  97 ball bilan g‘alaba qozonardi. 

Xullas, bu yerda ishni eng yuqori narxni taklif qilgan “PROXIMA ENERGY” bajarishi uchun sharoit yaratib berishga urinish bo‘lgan deb tahmin qilish mumkin.

Boshqa bir holatni ko‘proq kulguli deyish mumkin. 

Milliy gvardiyaning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi 3-noyabr kuni quyosh panellarini sotib olish bo‘yicha deyarli 600 million so‘mlik tender natijasini e’lon qildi 

Tender talablari orasida g‘alati punktlar va ballarning tushunarsiz belgilanishi holatlari bor.

Eng g‘alati talab va ball tizimi: 

– tenderda qatnashishning asosiy maqsadi.

Nima deb o‘ylaysiz, tenderda tadbirkor nega qatnashadi?

G‘olib bo‘lgan “AZAMAT RASULOV TOSHOVICH” MChJdan boshqa hamma ishtirokchilar bu talabga “tanlovda ishtirok etish, mahsulotlarni yetkazib berish” deb javob bergan. G‘olib bo‘lgan ishtirokchi esa nima deb yozganiga e’tibor bering (rasmda).

Pafosga asoslangan gaplar yozilgani uchun ham maksimal ball berilishi g‘alati holat.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, yuqoridagi g‘alati talab bo‘lmaganida boshqarma 51 million so‘m tejab qolgan bo‘lar edi, chunki zaxiradagi “Chilonzor qurilish mega stroy” 532 millionga panellarni yetkazishni taklif qilgan, bu g‘olib taklifidan 51 million so‘m kam. Zaxiradagi bu firma g‘olibdan 4,6 ball orqada qolgan, g‘alati talabda esa bu ikki firma o‘rtasidagi farq 5 ball edi.

Yoki “SL-Solar Energy” ham shu talab bo‘lmasa, yutishga yaqin bo‘lishi mumkin edi, shu talabda maksimal balldan 7 ball kam olgani sababli yutqazgan. U g‘olib firmadan 133 million so‘m kam taklif qilgan.

Xulosa qilib aytiladigan bo‘lsak, quyosh energetikasiga davlat tashkilotlari tomonidan berilayotgan e’tibor insonni quvontiradi, ammu bu yo‘nalishdagi xaridlar nazoratga olinishi kerak. 

Xaridlarda tanish bilishchilik, korrupsiya aralashmayapdimi? Buni mas’ul organlar batafsil tekshiradi, degan umiddamiz.