Elektr energiyasi hayot uchun muhim manbalardan biri boʻlib, uning iste’moli yil sayin ortib bormoqda. 2022-yilgi maʼlumotlarga koʻra, yetti yil ichida Oʻzbekistonda elektr energiyasi isteʼmoli qariyb 20 million kVt/soatga, yaʼni 35,73 foizga oshgan. Birgina 2021-yilda mamlakatimizda 8,58 foizga oshgan, Rossiyada bu ko‘rsatkich 5,5 foiz, Qozog‘istonda 6 foizni tashkil etgan.
Mos ravishda taklif ham o‘sib bormoqda. O‘zbekistonda elektr energiyasining qariyb 83 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Bu havoning ifloslanishiga, issiqxona gazlarining katta emissiyasiga, atrof-muhit va aholi salomatligi muammolariga olib keladi.
Statista.com tadqiqotiga ko‘ra, dunyodagi eng halokatli energiya manbai ko‘mirdir. Ushbu qazib olinadigan yoqilg‘idan ishlab chiqarilgan har bir teravatt-soat (TVt) elektr energiyasiga qo‘ng‘ir ko‘mirdan 33 kishi va toshko‘mirdan 25 kishining o‘limi to‘g‘ri keladi. Raqamlar baxtsiz hodisalarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, ko‘mir bilan bog‘liq o‘limlarning aksariyati havoning ifloslanishi bilan bog‘liq. Yadro energetikasi o‘lim darajasi bo‘yicha oxirgi o‘rindan bir pog‘ona yuqori turadi.
AESning ishlash prinsipi
Sodda qilib aytganda, reaktorda Uran-235’ning bo‘linishi sodir bo‘lib, u katta miqdorda issiqlik energiyasini chiqaradi, u suv yoki boshqa issiqlik saqlovchi suyuqlikni qaynatadi va bug‘ bosim ostida turbinani aylantiradi, u esa o‘z navbatida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan generatorga ta’sir ko‘rsatadi.
Yadro reaktorini bir MVt/soat energiya ishlab chiqarish uchun kuniga atigi bir gramm uran yetarli. Bu taxminan 10 000 kilovatt-soat elektr energiyasiga teng, bu bir kishi uchun taxminan o‘n yillik energiya iste’moliga yetarli.
AESdagi avariyalarning qisqacha tarixi
Atom elektr stantsiyalari birinchi marta 1950-yillarda paydo bo‘lgan. O‘sha paytda chiqindilar muammosiga u qadar e’tibor berilmagan, chunki asosiy vazifa aholining elektr energiyasiga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojlarini samarali qondirish edi.
1957-yilda “jiddiy” deb tasniflangan birinchi baxtsiz hodisa yuz berdi. Bu “Mayak” ishlab chiqarish birlashmasidagi baxtsiz hodisa edi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tomonidan ishlab chiqilgan Xalqaro yadroviy hodisalar shkalasiga (INES) ko‘ra, u etti ehtimoliy xavf darajasining oltinchisiga to‘g‘ri kelgan. Voqea paytida radioaktiv zarralarning sezilarli darajada tashqariga chiqishi sodir bo‘ldi, bu esa to‘liq miqyosda rejalashtirilgan tiklash choralarini (berkitish, evakuatsiya va boshqalar) talab qiladi.
2023-yil avgust holatiga ko‘ra, faqat ikkita avariya maksimal ettinchi darajada baholanadi: Chernobil (1986) va Fukusima I (2011) AESdagi avariya. Ular radioaktiv moddalarning kuchli tarqalishi va aholi salomatligi va atrof-muhit uchun og‘ir oqibatlar keltirdi.
Xalqaro yadroviy hodisalar shkalasi bo‘yicha faqat nol reyting xavfsizlik nuqtai nazaridan ahamiyatsiz hisoblanadi. Agar uch yoki undan ortiq jarohatlangan/o‘lgan kishilar bo‘lsa, hisob 1-darajaga, agar 30 yoki undan ko‘p bo‘lsa, 2-darajagacha ko‘tariladi. 6-daraja faqat otilib chiqish bo‘lsa, qo‘yiladi va radiatsiya manbalari bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar beshinchi darajada baholanadi. Agar 10 yoki undan ortiq nafar inson radiatsiyaga duchor bo‘lsa (ko‘rinadigan ta’sirsiz), ball 1 darajaga, 100 yoki undan ko‘p nafar kishi bo‘lsa, 2-darajagachako‘tariladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda ikkinchi darajali hodisalar va birinchi darajali anomal holatlar ko‘p sonli hodisalar sifatida tavsiflanadi va aniq raqam bilan belgilanmaydi.
1979-yilda Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Tri-Mayl-Aylendda atom elektr stansiyasida avariya yuz berdi. Bu avariya Xalqaro yadroviy hodisalar shkalasi (INES) bo‘yicha beshinchi daraja deb tasniflangan. O‘sha voqeadan so‘ng, Qo‘shma Shtatlarda atom energetikasini yanada kengaytirish to‘xtatildi va yangi atom elektr stansiyalarini qurish uchun litsenziyalar 2012-yilgacha berilmadi.
Yadro energetikasidan voz kechish
Hozirgi kunda atom elektr stansiyalaridan 34 ta davlatda foydalanilmoqda. Yadro reaktorlari soni bo‘yicha AQSh birinchi o‘rinda – 92, keyin esa Fransiya – 56 va Xitoy – 54 turadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda birorta ham amal qiluvchi atom elektr stansiyasi yo‘q. O‘zbekistonda AES qurilishi 2022-yilda boshlangan.
Italiya barcha mavjud atom elektr stansiyalarini yopgan va atom energiyasidan butunlay voz kechgan birinchi davlat bo‘ldi. Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Shveytsariya va Tayvan yadroviy energiyadan voz kechish bo‘yicha uzoq muddatli siyosat olib bormoqda. Ayrim davlatlar atom energetikasidan voz kechish bo‘yicha dasturlarni to‘xtatib qo‘ydi – bular Avstriya, Kuba, Liviya, Shimoliy Koreya va Polsha siyosiy, iqtisodiy yoki texnik sabablarga ko‘ra birinchi atom elektr stansiyalarini qurilishini yakunlamadi, garchi oxirgi ikki davlat qurilishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Atom energetikasining ba’zi yetakchilari, ya’ni AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya (Tri-Mayl-Aylenddagi atom elektr stansiyasidagi avariya, shuningdek Chernobil AESdagi avariyadan keyin) va ayniqsa Yaponiya (Fukusima I dagi avariyadan keyin) shuningdek, atom elektr stantsiyalari bo‘lgan boshqa ba’zi mamlakatlar ularning katta qismini yopib qo‘ydi.

Ishlayotgan reaktorlar bo‘yicha statistika

Reaktor o‘chirilgani haqidagi statistika bu yerda https://pris.iaea.org/pris/
Yadro energetikasi sanoati holati hisobotiga ko‘ra, 2020-yil holatiga ko‘ra, sohada global miqyosda pasayish qayd etilgan. Eng yuqori ishlab chiqarish 2006-yilda qayd etilgan (2660 TVt-s). Yadro energetikasining global elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 1996-yildagi 17,6 foizdan 2015-yilda 10,7 foizga qisqardi. 164 ta reaktor yopildi.
Yadro chiqindilari
Har qanday chiqindilar singari, yadroviy chiqindilar ham ko‘milishi yoki qayta ishlanishi va qayta ishlatilishi mumkin, ammo ikkilamchi yoqilg‘ini yangisi kabi qilish mumkin emas va hamma reaktorlarda ham uni ishlatib bo‘lmaydi. Dunyoda faqat 75 ta reaktor qayta ishlangan uranda ishlay oladi, shuning uchun ba’zi Yevropa davlatlari minglab tonna regeneratsiya qilingan uranni Rossiyaga olib boradi, u yerda shunday reaktorlar mavjud. “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan AESning chiqindi yoqilg‘isi Rossiyada qayta ishlanishi, radioaktiv chiqindilar esa O‘zbekiston hududida saqlanishi haqida xabar berdi.
Bugungi kunda chiqindilarni boshqarishning asosiy usuli ularni ko‘mishdir. Reaktordan olib tashlangandan so‘ng, ishlatilgan yoqilg‘i avval sovutish uchun bir necha yil davomida maxsus suv havzalariga joylashtirilishi va sovutish uchun suvni nasos bilan berib turish zarur, u doimiy va uzluksiz elektr energiyasini talab qiladi. Agar elektr energiyasi o‘chib qolsa, yadroviy portlash sodir bo‘ladi.
Yadro chiqindilari bir necha yil davomida suvda sovutilgandan so‘ng, u radiatsiyani to‘sib qo‘yadigan konteynerlarga solinadi. Ushbu konteynerlar vaqt o‘tishi bilan zararlanishi yoki tabiiy ofatlarga bardosh bermasligi mumkin, ularni himoya qilish va ularning yaxlitligini nazorat qilish kerak, ya’ni doimiy inson tomonidan xizmat ko‘rsatilishi talab etiladi. Radiatsiya yuz minglab yillar davomida yashaydi, shuning uchun olimlar uzoq kelajakda chiqindilar bilan nima sodir bo‘lishi haqida o‘ylashga majbur.
O‘zbekistonning chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha majburiyatlari va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish manbalari bilan ziddiyat
Qayta tiklanadigan energiya manbalari ekologik muammolarni hal qilishning eng yaxshi usuli bo‘lib tuyuladi, ammo ularni ishlab chiqarish beqaror va ob-havo sharoitlariga bog‘liq.
O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari jadal rivojlanmoqda, o‘tgan yil davomida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda 435,83 million kVt/soat ishlab chiqarildi, bu 2021-yilga nisbatan qariyb to‘qqiz barobar ko‘pdir.
O‘zbekiston 2017-yil 19-aprelda Parij bitimini imzolagan va 2018-yil 2-noyabrda ratifikatsiya qilgan. 2018-yil 2-oktabrda “Parij bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun (491-son O‘RQ) qabul qilingan. Bitim O‘zbekiston uchun 2018-yil 9-dekabrdan kuchga kirdi.
Parij bitimining maqsadi BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konventsiyasini amalga oshirishni kuchaytirish, global o‘rtacha harorat ko‘tarilishini sanoatgacha bo‘lgan darajadan (1750-yil) 2 ° C dan past darajada ushlab turish va haroratning 1,5 ° C gacha ko‘tarilishini cheklash bo‘yicha ishlarni amalga oshirishdan iboratdir. Bu esa 2050-yilga kelib global issiqxona gazlari chiqindisini 40-70% ga kamaytirish va 2100-yilga kelib nolga yoki salbiy issiqxona gazlari chiqindisiga erishishni talab qiladi.
AESning afzalliklari:
Issiqxona gazlarining kam chiqindi chiqarishi. Atom elektr stantsiyalari yadro reaktsiyasi asosida ishlaydi, ularning ishlashi karbonat angidrid (CO2) va boshqa issiqxona gazlarining chiqindisiga olib kelmaydi va bu iqlim o‘zgarishiga ta’sirini kamaytirishga yordam beradi.
Yuqori samaradorlik. Atom elektr stantsiyalari elektr energiyasini ishlab chiqarishda yuqori samaradorlikka ega va uzoq vaqt davomida uzilishlarsiz ishlashi mumkin.
Ishonchlilik va barqarorlik. Atom elektr stantsiyalari barqaror va ishonchli elektr ta’minotini taqdim etadi, bu ayniqsa asosiy bazaviy energiya tizimlari yuklamasi uchun muhimdir.
Iqtisodiy jihatdan foydali. Yadro energiyasini ishlab chiqarish nisbatan arzon bo‘lishi mumkin, ayniqsa reaktorlar uzoq vaqt davomida ishlaganda.
AESning kamchiliklari:
Avariya xavfi. Atom elektr stansiyalaridagi avariyalar halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan radioaktiv moddalarning chiqishi va radiatsiyaviy ifloslanish. Bunday avariyaga misol sifatida Chernobil halokatini keltirish mumkin.
Radioaktiv chiqindilarni utilizatsiya qilish. Atom elektr stansiyalarining radioaktiv chiqindilarini qayta ishlash va saqlash uzoq muddatli va qimmat muammo hisoblanadi.
Biroq, bu hammasi emas. Atom elektr stansiyasini qurish uchun 6 yildan 12 yilgacha, shamol elektr stansiyasini qurish uchun esa uch yil vaqt ketadi. AES qurilayotganda issiqlik elektr stansiyalarining ishlashi natijasida havo ifloslanishda davom etadi. Shu bilan birga, chiqindilar muammosi bugunning o‘zida hal qilinishi kerak.
Keyingi maqolada biz vodorod yoqilg‘isining joriy qilinishini ko‘rib chiqamiz, u haqiqatan xavfsizmi, vodorod rostdan ham toza energiya manbaimi va uni joriy etish osonmi degan savollarga javob izlaymiz.