O‘zbekistonda OIV bilan yashayotgan shaxslarning ma’lumotlari qanday himoya qilinadi: qonun nima deydi va qanday huquqlar kafolatlangan

O‘zbekistonda ko‘plab odamlarning OIV testidan o‘tishdan bosh tortishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillardan biri — tashxis oshkor bo‘lib ketishidan qo‘rquvdir. Odamlar ma’lumotlar qarindoshlari, hamkasblari yoki ish beruvchiga ma’lum bo‘lib qolishidan va bu bosim, janjal yoki ishdan bo‘shatishga olib kelishidan qo‘rqishadi. Biroq, mamlakatning qonunchilik bazasi tibbiy sirni saqlash hamda OIV bilan kasallangan shaxslarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aniq kafolatlarni o‘z ichiga oladi.

Tibbiy sir deganda nima tushuniladi

«Fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 25-moddasiga ko‘ra, shaxsning sog‘lig‘i holati, tashxisi va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi haqidagi ma’lumotlar shifokor siri hisoblanadi. Ushbu ma’lumotlarni bemor roziligisiz oshkor qilish mumkin emas. Hatto “yaxshi niyat” bilan berilgan bo‘lsa ham, bu — baribir qonunbuzarlik hisoblanadi. Mazkur qonunning 26-moddasida qo‘shimcha ravishda belgilanishicha, agar shifokor sirining oshkor qilinishi oqibatida zarar yetkazilgan bo‘lsa, u qoplab berilishi shart. Biroq zarar qoplangani aybdor tibbiyot xodimini intizomiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi.

OIV holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni himoya qilishning maxsus qoidalari

«OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunda yanada qat’iy tartib o‘rnatilgan. Tashxis alohida himoyalangan ma’lumotlar toifasiga kiradi. Uni shaxsning yozma roziligisiz na qarindoshlariga, na ish beruvchiga va na uchinchi shaxslarga berish mumkin emas. Faqat sud qarori yoki epidemiologik bayonnomalarda ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.

Qonun, shuningdek, telefon orqali, chat, messenjer yoki boshqa norasmiy usullar orqali ma’lumotlarni oshkor qilishni ham taqiqlaydi. Axborotni og‘zaki uzatish ham, xuddi yozma shaklda uzatish kabi, qonunga xilof hisoblanadi.

OIV bilan kasallanganlar uchun ijtimoiy kafolatlar

«OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 20-moddasida bevosita ijtimoiy himoya choralari belgilangan. OIV infeksiyasiga chalinganlarga bepul maxsus davolash muolajalari ko‘rsatiladi. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasallik bosqichidan qat’i nazar, har oyda ijtimoiy nafaqa olish va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. OIV infeksiyasiga chalingan bolalarning ota-onalari vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘langan holda ular bilan birga statsionarda bo‘lishlari mumkin.

Qonun, shuningdek, ijtimoiy chora-tadbirlarni kengaytirishga ham yo‘l qo‘yadi – ya’ni davlat qo‘shimcha kafolatlarni joriy etishi mumkin.

Ushbu me’yorlar ishonch nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ijtimoiy yordam qonun bilan kafolatlangan. Shuningdek, qo‘yilgan tashxis insonni tibbiy xizmat yoki imtiyozlardan mahrum etish uchun asos bo‘la olmaydi.

Kamsitishni taqiqlash

Mazkur qonunning 21-moddasi OIV mavjudligi ishga qabul qilishni rad etish, mehnat shartnomasini bekor qilish, ta’lim muassasalariga qabul qilishni rad etish (qonunda belgilangan istisnolardan tashqari) yoki tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligiga aniq kafolat beradi. Shuningdek, shaxsning va uning oila a’zolarining uy-joy hamda boshqa har qanday huquqlarini cheklash man etiladi. Ya’ni, «tashxis tufayli» ishdan bo‘shatish, ishga qabul qilmaslik yoki xodimlarga tazyiq o‘tkazish qonunga xilof bo‘lib, buning uchun javobgarlik belgilangan.

Ma’lumotlarning oshkor bo‘lishi uchun javobgarlik

OIV maqomining oshkor qilinishi oddiy rasmiy xato emas, balki qonun buzilishidir.

Shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-1-moddasida belgilangan.

Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi – shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik va shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlik kelib chiqishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, sizib chiqishda nafaqat shifokor, balki ro‘yxatga olish xodimi, laboratoriya xodimi, chat administratori yoki tahlillarni talab qiladigan yoki ma’lumot tarqatadigan ish beruvchi ham aybdor bo‘lishi mumkin. Shuni hisobga olish kerakki, ushbu normani qo‘llash faqat shaxsga nisbatan ilgari xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan taqdirdagina mumkin bo‘ladi.

Insonda qanday himoya mexanizmlari mavjud

– xizmat tekshiruvi o‘tkazishni talab qilib tibbiyot muassasasiga shikoyat qilish;

– Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat etish;

– mansabdor shaxslarga jarima soladigan va qonunbuzarliklarni bartaraf etishni talab qiladigan Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish agentligiga murojaat qilish;

– Jinoyat kodeksi moddalari bo‘yicha prokuraturaga ariza berish;

– ma’naviy va moddiy zararni qoplash to‘g‘risida fuqarolik da’vosini kiritish.

Xulosa

O‘zbekiston qonunchiligi tibbiy ma’lumotlar, shu jumladan OIV maqomi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini himoya qilishning aniq tizimini shakllantiradi. Tashxisni oshkor qilish taqiqlangan bo‘lib, bu ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishga olib keladi. OIV bilan kasallangan shaxslarning huquqlarini, jumladan mehnat, ta’lim yoki tibbiy yordam sohasidagi huquqlarini buzish esa bevosita noqonuniy harakat sifatida baholanadi.

Muntazam test topshirish OIV profilaktikasi va erta aniqlashning muhim qismi bo‘lib qolmoqda. Amaldagi qonunchilik esa ushbu jarayonning xavfsiz, maxfiy va qulay bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi.