Glitserin teri uchun foydalimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, “gliserin moddasi terining chuqur qatlamlariga kirib boradi, namlaydi, terini ichkaridan oziqlantiradi, mayda ajinlar sonini kamaytiradi”.

Factchecknet.uz buni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: QISMAN HAQIQAT

“Healthline” tibbiy nashri glitserinning teri uchun foydasi haqida maqola taqdim qildi: Glitserin terini namlash va himoya qilishga yordam beradi. Ammo ayrim hollarda yuzda qurish va qabariq paydo bo‘lishiga olib kelishi ham mumkin, ayniqsa suyultirilmagan bo‘lsa. Shu sababli faqat sovun yoki losyonlar kabi glitserinni o‘z ichiga olgan mahsulotlardan foydalanish va noxush reaksiya paydo bo‘lganda qo´llashni to‘xtatish tavsiya qilinadi. Suv va xushbo‘ylantiruvchi vositalardan keyin glitserin kosmetikada eng ko‘p qo‘llaniladigan ingredientlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, u ko‘plab namlantiruvchi vositalar va losyonlarning asosiy tarkibiy qismidir. 

Glitserin o’zi nima?

Glitserin o‘simlik moylari yoki hayvon yog‘laridan olinadigan shaffof, rangsiz va hidsiz tabiiy birikmadir. U namlantiruvchi vosita sifatida qo‘llanilib, 2016-yilgi tadqiqot natijalariga ko‘ra, glitserin ko‘plab boshqa vositalar bilan solishtirganda terining yuqori qatlamida namlikni oshirish uchun “eng samarali namlovchi” deb topilgan.  Amerika Dermatologiya Akademiyasi Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, glitserin:

  • terining tashqi qatlamini namlaydi;
  • terining to‘siq funksiyasini yaxshilaydi;
  • yarani davolash jarayonlarini tezlashtiradi;
  • quruq terining parvarishida yordam beradi;
  • psoriaz simptomlarida yordam berishi mumkin.

Glitserin terini zararlashi mumkinmi?

Namlagich sifatida glitserin eng yaqin manbadan suv oladi. Past namlik sharoitida eng yaqin suv manbayi teringizning pastki qatlamlari bo’lib qoladi. Bu terini suvsizlantirishi, hatto qabariq paydo bo‘lishigacha olib kelishi mumkin. Suyultirilmagan glitserin qabariq paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi sababli sof glitserinni ishlatishdan ko‘ra, tarkibida glitserin bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish samaraliroqdir. Tabiiy kosmetikaning ko‘plab tarafdorlari glitserinni atirgul suvi bilan suyultirishni tavsiya qiladilar, chunki atirgul suvi terini namlaydi va poralarni tozalaydi. 2019-yilgi tadqiqot natijasi shuni ko‘rsatadiki, atirgul teridagi yallig‘lanishga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatadi. 

Bundan tashqari, 2017-yilgi tadqiqotga ko’ra, glitserin, gialuron kislotasi va Centella asiatica ekstrakti qo‘llashdan keyin 24 soatgacha terining himoya funksiyasini yaxshilaydi. Garchi nojo‘ya ta’sirlari ko‘p bo‘lmasa-da, glitserin tabiiy mahsulotdir, shuning uchun har doim allergik reaksiya uchun potensial xavf mavjud. Agar glitserinni qo’llash natijasida qizarish, qichishish yoki toshma kabilar paydo bo‘lsa, darhol mahsulotni ishlatishni to‘xtatish kerak. Glitserinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatishdan oldin uni suyultirish juda muhimdir. Shuningdek, protsedura davomida uning ko‘z va og‘izga tushmasligiga ishonch hosil qilish kerak.

Glitserin namlantiruvchi vazifasini o’tashdan tashqari, quyidagi maqsadlarda ham ishlatiladi:

  1. giperosmotik laksatifda (ich qotishini davolash uchun);
  2. ko‘plab farmatsevtika preparatlarining tarkibiy qismi sifatida;
  3. shirinlashtiruvchi vosita sifatida;
  4. qalinlashtiruvchi vosita sifatida

Glitserin AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tomonidan xavfsiz deb tan olingan. Xulosa qilganda, namlantiruvchi vositalar yoki sovuningiz tarkibidagi glitserin teringizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar teringizga glitserinli mahsulotni qo‘llaganingizdan so‘ng qichishish yoki qizarish kabi allergik reaksiyaning har qanday belgilarini sezsangiz, darhol mahsulotni ishlatishni to‘xtatish va sog‘liqni saqlash mutaxassisi bilan maslahatlashish tavsiya qilinadi.