Telegram kanallari va ommaviy axborot vositalarida (1, 2, 3) o‘zbek olimlari COVID-19 ga qarshi dunyodagi birinchi bo‘lib pomidor asosidagi yegulik vaksina yaratgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Factchecknet.uz xabarlarning to‘g‘riligini tekshirdi.
HUKM: QISMAN ROST
Yangi TOMAVAC vaksinasi haqida xabar Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.
Pomidorga asoslangan vaksina ustida ishlash haqida ma’lumot 2021-yilda paydo bo‘lgandi (1, 2). Biroq, o‘sha paytda tajribalar hali ham davom etayotgan edi.
2024-yil boshida “Frontiers in Nutritional Immunology” jurnalida* maqola chop etildi, unda ish natijalari e’lon qilindi va yegulik vaksinaning nojo’ya ta’sirlari yo‘qligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun: “Frontiers in Nutritional Immunology”* bu olimlar hamjamiyati tomonidan yaratilgan va 280 mingdan ortiq yetakchi tadqiqotchilardan iborat tahririyat kengashi tomonidan tahrir etiladigan kontentga ega ochiq ilmiy platformadir. Frontiers 2007-yilda tashkil etilgan. Nashrning missiyasi olimlar hamkorlik qilishlari va sog‘lom sayyorada sog‘lom hayotni ta’minlaydigan yechimlarni ishlab chiqish uchun innovatsiyalarni tezroq joriy qilishlari uchun ilm-fanni ochiq holga keltirishdir.
COVID-19 ga qarshi yangi mahsulot haqidagi maqola muallifligi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi, FA Immunologiya va inson genomikasi instituti hamda Ilgʻor texnologiyalar markazi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutaxassislariga tegishli ekanligi koʻrsatilgan. Shuningdek, sichqonlar va koʻngilli odamlarda oʻtkazilgan testlar preparatni qoʻllashda neytrallashtiruvchi antitanalarning yuqori darajasini koʻrsatganligi ta’kidlandi, vaksina xavfsiz va ikki fazali himoyani ta’minlaydi (gap ichak shilliq qavati va qon haqida ketmoqda).
Ammo shuni ta’kidlash kerakki, oʻsimlikka asoslangan vaksinani yaratishga urinish 1989-yildan beri ma’lum. Unda asos mahsulot sifatida kartoshka, sabzi va guruch ishlatilgan. Pomidorning asosida dori-darmonlarni yaratish samaradorligi qayd etilgan, ammo u tezda buzilishi ta’kidlangandi. Rossiyada 2022-yil fevral oyida yegulik vaksina klinik tadqiqotlardan oldingi oʻrganishlar oʻtkazildi. Eksperimental tibbiyot institutining molekulyar mikrobiologiya bo‘limi va patogen mikroorganizmlarning molekulyar genetikasi laboratoriyasi mudiri, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Aleksandr Suvorov preparatning ta’mi oddiy fermentlangan sutdan (ryajenka) deyarli farqlanmasligini ma’lum qildi.
Shunday qilib, O‘zbekiston olimlari haqiqatan ham iste’mol qilinadigan vaksina yaratish ustida ishlamoqda, ammo uni dunyodagi birinchi vaksina deb atash mumkin emas, chunki shunga o‘xshash tadqiqotlar allaqachon ma’lum.